Temur Ishmetov 2020 yilning 1-yarim yilligida Davlat byudjeti qanday sarflangani haqida hisobot berdi
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2020 yilning 1-yarim yilida oʻtkazilgan 2 584 ta nazorat tadbirlaridan 2 021 tasida (78 %) 1 trln 298 mlrd soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan.

2020 yil 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Moliya vaziri Temur Ishmetov Davlat byudjetining 2020 yil 1-yarim yillik ijrosi yakunlari boʻyicha maʼruzasida asosiy eʼtiborni mahalliy byudjetlarning ijrosi va hududlarda byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan tadbirlarning bajarilishiga qaratdi.
“Koronavirus pandemiyasi dunyodagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
Buning natijasida, hisobot davrida Davlat byudjetining daromadlari 58trln. 157 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 64trln. 879 mlrd.soʻmni tashkil etib, davlat byudjeti 6 trln. 722mlrd soʻm yoki YaIM ga nisbatan 2,6 foiz miqdorida taqchillik bilan ijro etildi.

Ipoteka boʻyicha boshlangʻich badal va foizlarning bir qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi
Shundan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlari 12,9 trln. soʻmni tashkil etdi yoki 14 foiz ortigʻi bilan ijro etildi.
Joriy yil 1 - yarim yilligida barcha hududlar uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlari toʻliq bajarildi.
Natijada mahalliy byudjetlarda prognozni oshirib bajarish hisobiga 1 trln. 416 mlrd soʻm qoʻshimcha manba shakllantirildi.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 131,8 mlrd.soʻm, Surxondaryo viloyatida 105,5 mlrd.soʻm, Buxoro viloyatida 120,9 mlrd.soʻm, Jizzax viloyatida 88,5 mlrd.soʻm prognozdan ortiqcha mablagʻ shakllantirildi.
Bundan tashqari, 2020 yildan boshlab, hududlarda respublika byudjetiga ajratma qilinadigan soliqlar boʻyicha ham prognozdan ortiqcha tushgan mablagʻlar mahalliy byudjetga ajratma qilinishi belgilangan edi.
Shunga koʻra, hisobot davrida 210 mlrd.soʻm mablagʻ mahalliy byudjetlarga qaytarildi.
Misol uchun, Toshkent shahriga 127 mlrd soʻm (Foyda soligʻidan 8,8 mlrd.soʻm, jismoniy shaxslar daromad soligʻidan 118,5 mlrd.soʻm) mablagʻ oʻtkazib berildi.
Albatta, prognozni bajarilishida ayrim kamchiliklar ham mavjud.
Xususan, hisobot davrida aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha yillik belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi orqada qolmoqda.
Masalan, ushbu soliq turi boʻyicha yillik prognoz Qoraqalpogʻiston Respublikasida 12,2 foizga, Buxoro viloyatida 20,9 foizga, Toshkent shahrida 22,1 foizga, Toshkent viloyatida 23,2 foizga, Qashqadaryo viloyatida 25,4 foizga bajarildi xolos.
Shuningdek, hisobot davri uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlari yakuniy isteʼmolchilarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi boʻyicha Toshkent viloyatida 5,8 mlrd soʻmga (93,9%), Navoiy viloyatida 1,4 mlrd soʻmga (94,7%), Qashqadaryo viloyatida 3,1 mlrd soʻmga (95,5%) bajarilmay qoldi.
Bu holatlar asosan karantin cheklovlari sababli, iqtisodiy faollikning kamayishi va korxonalar toʻlov qobiliyatining pasayishi bilan izohlanadi.
Xabaringiz bor, 2020 yildan boshlab, alkogol mahsulotlari va mobil aloqasi xizmatini koʻrsatganlik uchun aksiz soligʻi tushumlari hududlardagi aholi sonining respublikadagi ulushidan kelib chiqqan holda taqsimlab beriladigan boʻldi.
Bu tushumlar barqarorligi va oʻz vaqtida tushishi hisobiga mahalliy byudjetlar daromadlarining barqarorligi oshdi.
Hisobot davrida mana shu tadbir hisobiga mahalliy byudjetlarga 1,3 trln soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.
Vaholanki oʻtgan yili mobil aloqasi xizmatini koʻrsatganlik uchun aksiz soligʻi respublika byudjetida qoldirilgan boʻlsa, alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning hududlar boʻyicha notekis joylashganligi hisobiga ayrim mahalliy byudjetlar bundan deyarli daromad olmas edi.
Misol uchun, 2020 yil 1 - yarim yilligida Jizzax viloyatiga 52,5 mlrd soʻm oʻtkazib berilgan boʻlsa, oʻtgan yilgi tartib boʻyicha atigi 374 mln soʻm tushgan boʻlar edi, Samarqand viloyatiga 147,5 mlrd soʻm oʻtkazib berildi, aslida faqat 21 mlrd soʻm tushgan boʻlar edi.
2020 yildan boshlab avtotransport vositalarini ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimi mahalliy byudjetlarga qoldirilishi hisobiga joylarda 186 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ shakllantirish imkoni yaratildi.
Biroq, respublikamizdagi pandemiya sharoitida tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun berilgan imtiyozlar, xususan:
karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan daromad soligʻini toʻxtatib turish hisobiga 63 mlrd.soʻm (aprel-iyun oylarida);
karantin davrida davlat mulki boʻyicha ijara haqlarini undirmaslik hisobiga 12 mlrd.soʻm miqdorida daromadlar olinmay qoldi.
Shuningdek, mahalliy byudjetlarning olinmay qolgan daromadlari belgilangan tartibda respublika byudjeti hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan kichik tadbirkorlik subʼyektlarini resurs toʻlovlaridan ozod qilish natijasida aprel-iyun oylarida 78 mlrd.soʻm qoplab berildi hamda iyul-dekabr oylarida yana 515 mlrd.soʻm oʻtkazilib berilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy byudjetlar daromadlari bazasini mustahkamlash boʻyicha rezervlar mavjud boʻlib, yilning qolgan oylarida soliq va moliya idoralari birgalikda ish olib borishadi, masalan norasmiy sektorda, ayniqsa qurilish sohasida ishlovchilar soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasini legalizatsiya qilish yoʻnalishi boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.
2020 yilning 1-yarim yilligida mahalliy byudjetlarda umumiy jihatdan olib qaralganda 3trln346mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻlar shakllantirildi. Ushbu mablagʻlar quyidagilardan tashkil topdi:
- yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari 1,8trln soʻm;
- daromadlarni prognoz koʻrsatkichlaridan oshirib bajarilgan qismi 1,4trln soʻm (jumladan,1-chorakda 744 mlrd soʻm, 2-chorakda 672 mlrd soʻm);
- davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni (musodara) va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari 151mlrd soʻm;
- davlat mulkini xususiylashtirish hisobidan tegishli byudjetga tushgan pul mablagʻlari miqdori 17mlrd soʻm.
Shakllangan qoʻshimcha mablagʻlar hisobidan jami 2,3trln soʻm tegishli Xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida turli tadbirlar uchun yoʻnaltirildi. Jumladan,Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi hamda hududlarni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini taʼminlash xarajatlariga 794mlrd soʻm, shundan:
- joylarda 138 km toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun 25 mlrd soʻm (Andijon viloyatida 7,6 mlrd soʻmga 56 km, Namangan viloyatida 5 mlrd soʻmga 20 km);
- 19 km oqava tizimlarini taʼmirlash uchun 2,2 mlrd soʻm;
- 251 km uzunlikdagi xoʻjaliklararo ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun 60 mlrd soʻm (masalan, Toshkent shahrida 30,4 mlrd.soʻmga 58 km);
-1 018 ta, shundan 629 ta xalq taʼlimi va 389 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun taʼmirlash va jihozlash xarajatlariga 138 mlrd soʻm (m-n, Andijon viloyatida 130 ta umumtaʼlim maktablariga 33,7 mlrd soʻm, Surxondaryo viloyatida 176 ta maktabgacha taʼlim muassasalariga 10,2 mlrd soʻm);
- 384 ta tibbiyot muassasalarini taʼmirlash va jihozlash xarajatlariga 87,5 mlrd soʻm;
- 758 ta boshqa byudjet tashkilotlarini taʼmirlash va jihozlash xarajatlariga 472,3 mlrd soʻm mablagʻ moliyalashtirildi.
Shuningdek, oʻtgan yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida yuzaga kelgan qarzdorliklarni qoplash xarajatlariga 240 mlrd soʻm, harbiy maʼmuriy sektor jamgʻarmasiga 115 mlrd soʻm, hududlarni obodonlashtirish xarajatlariga 218 mlrd soʻm, 5 841 nafar kam taʼminlangan oilalarni moddiy qoʻllab quvvatlashga qoʻshimcha 8,5 mlrd soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi”, dedi Temur Ishmetov.
Moliya vazirining taʼkidlashicha, 2020 yil Davlat byudjeti xarajatlari 131,1 trln. soʻm miqdorida, shundan, respublika byudjeti xarajatlari 95,7 trln. soʻm (73 %) hamda mahalliy byudjetlar xarajatlari 35,4 trln. soʻm (37 %) miqdorida belgilangan.
Koronavirus pandemiyasining tarqalishi, Yurtimizda karantin choralarining koʻllanilishi Davlat byudjet xarajatlariga ham bir qator oʻzgartirishlar kiritilishiga sabab boʻldi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida 10 trln. soʻm miqdorida “Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi” tashkil etildi hamda 2020 yilning 1-yarim yilligida jamgʻarmadan 5,3 trln. soʻmlik xarajatlar moliyalashtirildi.
Jamgʻarmaning 1 sentyabr holatiga xarajatlari miqdori 9,0 trln soʻmni tashkil etdi. Ushbu mablagʻlarning 2,2 trln soʻmi koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.
Koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirishga avgust oyining oʻzida 690 mlrd soʻm moliyalashtirilib, ushbu xarajatlarning 495 mlrd soʻmi tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga sarflandi.
Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash maqsadida jami 6,1 trln.soʻm, shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va mahalliy byudjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln. soʻm maqbullashtirildi.

Davlat byudjetining 1-yarim yillik xarajatlari 64 878,9 mlrd. soʻmni tashkil etdi
Bundan tashqari, joriy yil Buxoro viloyatida zarar koʻrgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma obʼyektlariga 164 mlrd. soʻm hamda “Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 500 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirildi (Sardobaga jami 1,5 trln soʻm yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan).
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Davlat byudjetining 2020 yil 1 - yarim yillik xarajatlari 64 trln. 879 mlrd. soʻmni yoki YaIM ga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi. Bu esa 1-yarim yillik uchun tasdiqlangan reja koʻrsatkichiga (65,3 trln soʻm) nisbatan 99 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida byudjet tashkilotlarining qariyb 23 trln 100 mlrd. soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 5 trln. soʻmdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilishi taʼminlandi.
Shundan, mahalliy byudjetlarning 1 - yarim yillik xarajatlari 20 trln 203 mlrd soʻmni yoki YaIM ga nisbatan 7,9 foizni tashkil etdi.
Mahalliy byudjetlarning birinchi darajali toʻlovlarini amalga oshirilishida yuzaga kelgan vaqtincha kassa uzilishlarini bartaraf etish va ushbu toʻlovlarni toʻlab berilishini kechiktirmaslik maqsadida respublika byudjetidan 626 mlrd soʻm (oyiga oʻrtacha 104 mlrd soʻmdan) byudjet ssuda mablagʻlari yoʻnaltirildi.
Shuningdek, hisobot davrida mahalliy byudjetlarga ajratilishi belgilangan 3 trln 53 mlrd soʻm tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar toʻliq oʻtkazib berildi.
Bundan tashqari, homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlovlari, advokatlik xizmatlari, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun subsidiya va investitsiya dasturidagi taqsimlanmagan mablagʻlarning qayta taqsimlanishi natijasida yuzaga kelgan qoʻshimcha xarajatlarni qoplash maqsadida, 3 trln 246 mlrd soʻm byudjetlararo oʻzaro hisob-kitob mablagʻlari respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga ajratildi.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilgan boʻlib, joriy yilning 1-yarim yilligida ushbu jamgʻarma hisobidan mahalliy byudjetlarga 922 mlrd soʻm, jumladan:

Timur Ishmetov: QQS boʻyicha joriy yil yanvar-iyun oylarida tushumlar 2 trln. soʻmga kamaydi
- hududiy canitariya - epidemiologiya osoyishtalik markazlariga – koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va himoya choralarini amalga oshirish xarajatlariga 420 mlrd soʻm;
- aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash (nafaqa oluvchilar sonining oshishi) uchun - 311 mlrd soʻm;
- hududiy suv taʼminoti korxonalarining birinchi darajali xarajatlarini qoplash uchun – 61 mlrd soʻm;
- soliq imtiyozlari berilishi natijasida mahalliy byudjetlar daromadlariga kelib tushmagan yetishmovchilikni qoplash uchun – 78 mlrd soʻm;
- hududlarning sanitariya holatini moʻʼtadil darajada saqlash uchun, ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga – 53 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratib berildi.
Bundan tashqari, vaqtincha karantinda saqlash va maxsus karantin majmualari qurilishi uchun 694 mlrd soʻm yoʻnaltirildi.
Ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 34 trln. 666 mlrd soʻm (umumiy xarajatlarning 53,4 foizi)miqdorida mablagʻ sarflandi (YaIM ning 13,6 foizi).
Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan xarajatlarning 1 trln. 224 mlrd soʻmi inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirildi.
2020/2021 yillar kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish maqsadida byudjet (ijtimoiy soha) tashkilotlarining xarajatlari uchun jami (mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari bilan birga) 388 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan (oʻtgan mavsumga nisbatan 22,3 foizga koʻp) boʻlib, joriy yilning 8 oyi davomida ajratilgan mablagʻlarning 275 mlrd soʻmi oʻzlashtirildi.
Kuz-qish mavumi uchun koʻzda tutilgan 388 mlrd soʻm mablagʻlarning 328 mlrd.soʻmi (85 foizi) mahalliy byudjet parametrlarida tashkilotlarning xarajatlar smetasida rejalashtirilgan va 60 mlrd soʻmi (15 foizi) mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manba mablagʻlari hisobidan ajratilgan.
Jumladan sohalar kesimida:
Xalq taʼlimi sohasiga 193 mlrd soʻm ajratilgan boʻlib, joriy yilning 8 oyi davomida 135 mlrd soʻm kassa xarajatlari amalga oshirildi.
Maktabgacha taʼlim sohasiga 115 mlrd soʻm ajratilgan boʻlib, joriy yilning 8 oyi davomida 76 mlrd soʻm kassa xarajatlari amalga oshirildi.
Sogʻliqni saqlash sohasiga 54 mlrd soʻm ajratilgan boʻlib joriy yilning 8 oyi davomida 41 mlrd soʻm kassa xarajatlari amalga oshirildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha muassasalariga 422 ming tn koʻmir mahsulotlari xarid qilish uchun 159 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Ijtimoiy sohaning eng asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 3 trln. 727 mlrd. soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davrida ajratilgan mablagʻlarga nisbatan 847,1 mlrd. soʻmga yoki 29,4 foizga koʻproq mablagʻ ajratildi.
Hisobot davrida Ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 3 trln. 727 mlrd. soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davrida ajratilgan mablagʻlarga nisbatan 847 mlrd. soʻmga yoki 29,4 foizga koʻproq mablagʻ ajratildi.
Kam taʼminlagan oilalarni koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmonlariga muvofiq:
ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1 apreldan boshlab 10 foizga, 1 iyundan yana 10 foizga oshirildi;
mart-iyun oylarida toʻlash muddati tugaydigan ijtimoiy nafaqalar toʻlash ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga uzaytirildi;
buning natijasida, mart-iyun oylarida toʻlash muddati tugaydigan 258 ming nafar kam taʼminlangan oilalarga nafaqa toʻlash muddatlari avtomatik tarzda xech qanday xujjatlarsiz qoʻshimcha olti oyga uzaytirildi;
ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va toʻlashning amaldagi tartib-taomillari soddalashtirildi.
Joriy yilning mart oyida 569 ming oilaga ijtimoiy nafaqa toʻlovlari toʻlangan boʻlsa, yuqorida keltirilgan Farmon va qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida yana qoʻshimcha 405 ming nafar oilaga ijtimoiy nafaqa toʻlandi.

Buning uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan 2020 yilning yanvar-iyun oylarida jami 311 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Jami ajratilgan mablagʻlar hisobidan:
14 yoshgacha bolasi bor oilalarga toʻlanadigan nafaqaga 425 mlrd. soʻm (shundan, inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 106 mlrd. soʻm);
bolasi 2 yoshga toʻlgunga qadar ishlamaydigan onalarga toʻlanadigan nafaqaga 728 mlrd. soʻm (127 mlrd. soʻm);
kam daromadli oilalarga toʻlanadigan moddiy yordam uchun 148 mlrd. soʻm (35 mlrd. soʻm) xarajatlar amalga oshirildi.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga xotin-qizlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 60 mlrd. soʻm ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi PF-6038-son Farmoniga asosan 2020 yilning yakuniga qadar:
14 yoshgacha bolalari boʻlgan nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirish (700 mingtagacha yetkazish);
bola 2 yoshga toʻlgunga qadar nafaqa oluvchi onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;
moddiy yordam oluvchi oilalar sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazish belgilandi.
Buning natijasida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 2020 yil yakunida 1 mln 200 ming ta oilani tashkil etishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, yuqoridagi tadbirlar natijasida nafaqa oluvchilar masalan Samarqand viloyatida 82 mingtaga, Surxondaryo viloyatida 75 mingtaga, Qashqadaryo viloyatida 69 mingtaga, Fargʻona viloyatida 64 mingtaga, Xorazm va Andijon viloyatlarida 59 mingtaga oshadi.
Ushbu nafaqalarni toʻlash uchun qoʻshimcha 522 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutilmoqda.
"Hisobot davrida pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni inobatga olib aholi bandlik darajasini oshirish masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. Jumladan:
- aholining ishsiz va band boʻlmagan qatlamini vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamgʻarmasiga 324,0 mlrd. soʻm, shundan, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan 200 mlrd. soʻm ajratildi;
- Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga 125 mlrd. soʻm, shundan, inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan mablagʻlari hisobidan ishsiz, kam taʼminlangan oilalarga shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish orqali turmush darajasini qoʻllab-quvvatlash uchun 50 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shundan 94 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar quyidagi yoʻnalishlarga subsidiya sifatida ajratildi:
kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun - 4,6 mlrd soʻm (masalan, Surxondaryo viloyatiga 2,0 mlrd soʻm, Toshkent viloyatiga 633 mln. soʻm, Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 618 mln soʻm);
yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish uchun - 55 mlrd soʻm (m-n, Namangan viloyatiga 8,9 mlrd soʻm, Andijon viloyatiga 8,3 mlrd soʻm, Samarqand viloyatiga 5,4 mlrd soʻm, Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 5,1 mlrd soʻm, Fargʻona viloyatiga 4,1 mlrd soʻm);
kooperativlar ustav fondiga ulush kiritish uchun – 34 mlrd soʻm (m-n, Surxondaryo viloyatiga 6,7 mlrd soʻm, Xorazm viloyatiga 4,1 mlrd soʻm, Samarqand viloyatiga 3,4 mlrd soʻm);
boshqa xarajatlarga 1,1 mlrd soʻm.
Hisobot davrida Investitsiya dasturiga kiritilgan 1 871 ta obʼyektlarni qurish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari uchun 4 trln 88 mlrd soʻm mablagʻlar moliyalashtirib berilgan boʻlib, oʻzlashtirish koʻrsatkichi yillik parametrlarga nisbatan 35 foizini tashkil etmoqda.
Maʼlumot uchun, 2019 yilning 1-yarim yilligida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan kapital qoʻyilmalarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi yilllik parametrlarga nisbatan 52 foizni tashkil qilgan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Investitsiya dasturiga kiritilgan 2,3 mingga yaqin obʼyektlar boʻyicha 12,5 trln soʻmmablagʻlarning 21 foizi yoki 753 ta obʼyekt boʻyicha qariyb 3 trln soʻmmablagʻlarning oʻzlashtirilishini taʼminlash mahalliy xokimliklar zimmasiga yuklatilgan.
Joriy yilning 1-yarim yilligida hududlarda ushbu obʼyektlarning 1,1 trln soʻmi yoki 38 foizi moliyalashtirildi.
1 sentyabr holatiga mablagʻlarning oʻzlashtirilishi 63 foizni tashkil qildi (1,8 trln soʻm).
Loyiha-smeta hujjatlarining ishlab chiqilishi kechikishi va tender (tanlov) savdolarining yakunlanmaganligi sabab 90 ta obʼyektda moliyalashtirish boshlanmadi.
Ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan 3 trln. 794 mlrd soʻm ajratilgan boʻlib, joriy yilning 1 iyul holatiga 1 trln 66 mlrd soʻm yoki ajratilgan mablagʻlarning 28 foizi oʻzlashtirildi.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan ajratilgan jami mablagʻlarning 39 foizi yoki 752 ta obʼyekt boʻyicha 1,5 trln soʻm mablagʻlarning oʻzlashtirilishi mahalliy xokimliklar tomonidan taʼminlanmoqda.
Maʼlumot uchun, joriy yilning hisobot davriga qadar hududiy hokimliklar tomonidan ajratilgan mablagʻlarning 42 foizi (0,6 trln.soʻm) moliyalashtirib berilgan boʻlsa, 1 sentyabr holatiga ushbu koʻrsatkich 64 foizni (1,0 trln.soʻmni) tashkil etdi.
Jumladan, 144 ta umumtaʼlim maktablarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun 522 mlrd soʻm ajratilgan boʻlib, 1 yarim yillik yakuniga koʻra 52 mlrd soʻm yoki belgilangan yillik parametrlarning 10 foizi oʻzlashtirildi. Albatta, Inqirozga qarshi jamgʻarma mart oyida tashkil qilinib, aprel oyida obʼyektlarning manzilli roʻyxati shakllantirilganlini inobatga olishimiz lozim", deydi Moliya vaziri.
Shuningdek, Temur Ishmetov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan hududlarda manbasi belgilanmagan holda bajarilgan qurilish taʼmirlash ishlari boʻyicha tahlillar oʻtkazilgani haqida ham maʼlumotlarni taqdim etdi.
"Oʻtkazilgan tahliliy oʻrganishlarda, joriy yilning 1 iyul holatiga, joylarda manbasi aniq boʻlmasada jami 1 990 ta obʼyektlarda yangi qurilish, mukammal va joriy taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgani maʼlum boʻldi.
Ushbu obʼyektlarda loyiha smeta xujjatlariga asosan bajarilgan qurilish va taʼmirlash ishlarining jami qiymati 3 trln 322 mlrd boʻlgani holda, mahalliy byudjet qoʻshimcha manbalari hisobidan 2 trln 424 mlrd soʻm moliyalashtirib berilgan.
Buning natijasida, bugungi kunda ushbu obʼyektlarda jami 897mlrd soʻm qarzdorlik vujudga kelgan.
Buning natijasida pudratchi tashkilotlarning bajargan ishlari boʻyicha mablagʻlari oʻz vaqtida toʻlab berilmasligi, ularning aylanma mablagʻlari hisobidan bajarilgan ishlarini topshira olmasligi holatlari yuzaga kelmoqda va bu oʻz navbatida qurilishga jalb qilingan ishchilarga ish haqlari oʻz vaqtida toʻlanmasligi hamda ularning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Hurmatli Senat Raisi, vaziyatdan foydalanib, senatorlardan mavjud qarzdorlikni mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan toʻliq qoplanishini hududiy xalq deputatlari Kengashlarida koʻrib chiqilishini hamda kelgusida moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan, tasdiqlangan loyiha smeta hujjatlarisiz qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrishlarini soʻrab qolgan boʻlardik.
Yana bir muhim masala, bu xalqimizni sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish masalasidir.
Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash masalalariga keyingi yillarda juda katta eʼtibor berilib, byudjetdan va xalqaro moliyaviy institutlarning kreditlari hisobidan ajratilayotgan mablagʻlar hajmi keskin oshirildi.
Soʻnggi 10 yilda respublika boʻyicha ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qariyb 6 trln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, shuning 4,5 trln soʻmi yoki 78 foizi oxirgi uch yilda, yaʼni 2018-2020 yillarda ajratildi.
Natijada, respublika boʻyicha qariyb mingdan oshiq obʼyektlarda 6 500 km dan ortiq ichimlik va 300 km ga yaqin oqova suv tarmoqlari tortildi.
Shundan, 2020 yilning oʻzida 327 ta obʼyektda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 1 trln 953 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi (shundan 500 mlrd soʻm mablagʻ Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan).
Joriy yilning 1 - yarim yilligida Investitsiya dasturi doirasida 627 mlrd soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan hamda belgilangan tartibga muvofiq 592 mlrd soʻm (88 %) mablagʻ moliyalashtirilib berilgan. Natijada, hisobot davri yakunida qariyb 2 375 km dan ortiq ichimlik va 332 km na yaqin oqova suv tarmoqlari tortilgan.
Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan suv taʼminoti va kanalizatsiya obʼyektlari uchun qoʻshimcha ravishda 500 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Ushbu mablagʻlar Respublika hududida vaqtinchalik karantin maskanlarini hamda aholini ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimi bilan taʼminlash uchun yoʻnaltirildi.
Hisobot davrida 335 mlrd soʻmlik manzilli dasturlar tasdiqlangan hamda 156 mlrd soʻm (47 %) qurilish-montaj ishlari bajarilib, bajarilgan ishlarga qarab 132 mlrd soʻm moliyalashtirib berildi", dedi Temur Ishmetov.
Hisobot davrida iqtisodiyot xarajatlariga Davlat byudjetidan 9 trln 2 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi. Moliya vaziri Temur Ishmetov Iqtisodiyot xarajatlarining hududlardagi eng dolzarb ayrim yoʻnalishlariga qisqacha toʻxtalib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi PQ-4499-son qaroriga asosan 2020 yilda 43 825 gektar maydonda (shu jumladan 24,8 ming ga paxta, 4,9 ming ga uzumzor, 13,9 ming ga bogʻ va boshqa maydonlarida) suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplashga Davlat byudjetidan 325 mlrd soʻm subsidiya mablagʻlari ajratish belgilangan.
Oʻtgan davr mobaynida oʻtkazilgan oʻrganishlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda bir qancha tizimli kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, tuproq-iqlim sharoitining suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mos emasligi (Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining janubiy tumanlaridagi qumoq tuproqli hududlar), suv toʻplash va tindirish havzalari talab darajasida qurilmaganligi natijasida suv oʻtkazish filtrlariga loyqa tiqilib qolishi, sifatsiz uskunalar oʻrnatilganligi, suv bilan taʼminlanganlik darajasi oʻrganilmasdan joriy etilishi sababli, kutilgan natija bermayotganligi maʼlum boʻlmoqda.
Maʼlumot uchun. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan hududda maʼlum miqdordagi suv taʼminoti uzluksiz boʻlishi shart boʻlgani holda ayrim hududlarda hozircha buning imkoni boʻlmagan, yaʼni suv ayrim hududlar oʻrtasida navbat bilan taqsimlab berilgan.
“2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasiga asosan tumanlar va shaharlar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi belgilangan.
Joriy yilning 2 - chorak yakunlari boʻyicha tuman va shaharlar byudjetlarida shakllangan qoʻshimcha manbalari 224 mlrd.soʻmni tashkil etgan boʻlsa, shundan 20,3 mlrd soʻm mablagʻlarni fuqarolarning tashabbusi asosida yoʻnaltirish maqsadida takliflar bildirish uchun maxsus Portalga eʼlonlar berilgan.
Jarayon natijalariga koʻra 14 ta hudud boʻyicha jami 15 793 ta takliflar berildi hamda qoʻshimcha mablagʻlar ushbu takliflar asosida sarflanmoqda.
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2020 yilning 1-yarim yilida oʻtkazilgan 2 584 ta nazorat tadbirlaridan 2 021 tasida (78 %) 1 trln 298 mlrd soʻm miqdorida qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlandi.
Jami oʻtkazilgan 2 584 ta nazorat tadbirlarining 2010 tasi (78 %) byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan boʻlib, nazorat tadbirlarida byudjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan 82 mlrd. soʻm miqdorida turli byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklarni kamomadi va asossiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Nazorat tadbiri davomida koʻrilgan chora tadbirlar natijasida aniqlangan noqonuniy xarajatlarning 57 mlrd. soʻmi (70 %) tegishli byudjetlar daromadiga tiklanishi taʼminlandi.
Byudjet sohasida qonunbuzilish holatlarini hududlar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, Andijon (9 mlrd soʻm), Qashqadaryo (8 mlrd soʻm), Toshkent (6 mlrd soʻm), Jizzax (5 mlrd soʻm), Surxondaryo (5 mlrd soʻm), Namangan (5 mlrd.soʻm), Fargʻona (4 mlrd soʻm) viloyatlarida hamda Toshkent shahrida (8 mlrd soʻm) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (5 mlrd soʻm) miqdorda qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Byudjet qonunchiligini buzganligi uchun byudjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlarning 47 nafar rahbar va boshqa manbasdor shaxslariga oʻrnatilgan tartibda 35 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllanilib, toʻliq undirilishi taʼminlandi, 1 246 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 79 mlrd soʻmlik qonunbuzilish holatlari hujjatlari qonuniy choralar koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlarining maqsadli va belgilangan tadbirlar sarflanishi, tibbiyot hodimlariga ragʻbatlantirish pullarini berilishi ham Moliya vazirligining diqqat eʼtiborida boʻldi.
Jamgʻarma mablagʻlarini sarflanishida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot muassasalarida 56 mlrd soʻmlik turli xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlariga ajratilgan mablagʻlardan 23 mlrd soʻmi 2 359 ta holatda tovar moddiy boyliklarni qimmat narxda xarid qilish, belgilanmagan maqsadlarga mablagʻlar sarflash kabi xato-kamchiliklar aniqlandi.
2020 yilda ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-son Farmoni bilan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etildi.
Maʼlumot uchun. Joriy yilda davlat dasturi parametrlari boʻyicha 2020 yilda umumiy qiymati 8 184,1 mlrd. soʻmlik 30 006 ta, shu jumladan yangi tartibdoirasida umumiy qiymatishahar va qishloy joylarda 5 287,0 mlrd.soʻmlik 17 750 ta kvartiralar qurilishi koʻzda tutilgan.
Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholi qatlamini qoʻllab-quvvatlash uchun ipoteka kreditlari boʻyicha 18 175 ta subsidiyalar ajratilishi va ushbu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 889,0 mlrd.soʻmlik mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilgan.
Yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan taʼminlash maqsadida tijorat banklariga bozor shartlarida 20 yil muddatga depozit mablagʻlari ajratilmoqda.
Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan fuqarolarga:
- uy-joyning joylashgan joyi va maydonini mustaqil tanlash huquqi berilgan holda;
- tadbirkorlik subʼyektlarining oʻz mablagʻlari va bank kreditlari hisobiga qurilgan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarini sotib olishga;
- bozor stavkasida, 20 yil muddatga, bir qarz oluvchiga ajratiladigan kreditning eng koʻp miqdori belgilangan holda ajratilmoqda.
Past daromadli va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholi qatlamini bozor stavkasidagi ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratish orqali manzilli qoʻllab-quvvatlash tizimi yaratildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining 2020 yil 1 maydagi PQ-4701-son qarori bilan karantin sharoitida aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, xususiy pudrat tashkilotlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ular tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan kvartiralarni ham sotib olishga ruxsat berildi hamda bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʻp miqdorlari oshirildi.
Yangi tartibni joriy etilishi bilan quyidagilarga erishildi:
- taqdim etilgan samarasiz imtiyozlar sababli davlat byudjetiga koʻp xarajatli hisoblangan uy-joy qurish va imtiyozli ipoteka kreditlash tizimidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga oʻtildi;
- ipoteka bozorini uzoq muddatli resurs bilan taʼminlash orqali banklarning tijorat ipoteka kreditlari muddati 20 yilgacha uzaytirishga hamda foiz stavkalarini oʻrtacha 26-28 foizdan 18-20 foizgacha moʻʼtadillashtirildi.
Moliya vazirligi va 14 ta tijorat banklari oʻrtasida 8,0 trln.soʻmlik resurslar ajratish boʻyicha bosh bitimlar tuzildi. Ushbu bitimlar doirasida 2020 yil 1 iyul holatiga banklarga ajratilgan 479 mlrd.soʻm mablagʻlar hisobidan fuqarolarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurilgan 1 628 ta kvartiralarni sotib olishga 328 mlrd.soʻm miqdorda ipoteka kreditlari taqdim etildi.
Ajratilgan ipoteka kreditlari Toshkent shahrida 68 mlrd soʻmni, Samarqandda 55 mlrd soʻmni, Navoiy viloyatida 40 mlrd soʻmni, Fargʻona 34 mlrd soʻmni, Surxondaryoda 36 mlrd soʻmni tashkil qildi.
2020 yil 1 iyul holatiga subsidiya olish uchun 2 027 ta ariza boʻyicha subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilingan.
Davlat byudjetidan 105 ta fuqarolarga ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal uchun 2,6 mlrd soʻmlik subsidiyalar toʻlab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi PF-6038-sonli Farmoni bilan moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga («temir daftar») kiritilgan 400 mingdan koʻproq oilalarning 1,7 million nafardan ortiq aʼzolariga 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilandi.
Ushbu maqsadlar uchun 260 mlrd soʻm respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlariga ajratib berildi.
Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarni Respublikasining respublika byudjetidan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlariga 154 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 avgustdagi PQ-4815-son qaroriga asosan 2020 yilning sentyabr oyida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash maqsadida 500 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilandi.
Bunda, bir martalik moddiy yordam roʻyxatga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga toʻlmagan 249 ming nafar bolalari hamda 165 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalari uchun ularning ota-ona (vasiy) lariga toʻlab berilmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada qoʻllab-quvvatlash hamda strategik investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan uzoq muddatli imtiyozli kredit mablagʻlari jalb qilinmoqda.
Biroq, mazkur tashqi qarz mablagʻlarini oʻz muddatida qaytarish boʻyicha Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tizimidagi qarzdor korxonalar va viloyat hokimliklari tomonidan yetarlicha ish tashkil qilinmaganligi hamda oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi tufayli hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan muntazam ravishda toʻlovlarni bir necha oylab kechikib toʻlash yoki umuman toʻlanmaslik holatlari surunkali tus olgan.

Eʼtiborlisi, mazkur korxonalar hisobidan toʻlanayotgan qarzdorliklar jami qarzdorlikning oʻrtacha 25-30 % ini tashkil qiladi. Qarzdorlikning asosiy qismi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Shunday boʻlsa-da, hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan tashqi qarzdorliklar oʻz muddatida toʻlanmaganligi sababli, joriy yilning 1 yarim yilligi mobaynida qoʻshimcha ravishda Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan 34 mlrd 906 mln. soʻm mablagʻlar toʻlab berildi. Jumladan:
- “Buxoro suv taʼminoti” MChJ uchun 7 mlrd 834 mln soʻm;
- “Qashqadaryo suv taʼminoti” MChJ uchun 7 mlrd 48 mln soʻm;
- “Samarqand suv taʼminoti” MChJ uchun 4 mlrd 93 mln soʻm;
- “Fargʻona suv taʼminoti” MChJ uchun 3 mlrd 620 mln soʻm;
- “Navoiy suv taʼminoti” MChJ uchun 2 mlrd 812 mln soʻm;
- “Jizzax suv taʼminoti” MChJ uchun 2 mlrd 748 mln soʻm;
- “Andijon suv taʼminoti” MChJ uchun 2 mlrd 830 mln soʻm;
- “Surxondaryo suv taʼminoti” MChJ uchun 1 mlrd 828 mln soʻm;
- “Sirdaryo suv taʼminoti” MChJ uchun 1 mlrd 796 mln soʻm;
- “Xorazm suv taʼminoti” MChJ uchun 297 mln soʻm.
Ayrim hududlarda belgilangan daromad rejasini bajarish uchun hisobot choragining oxirgi ish kunida soliq toʻlovchi korxonalar tomonidan byudjet daromadiga ortiqcha yoki notoʻgʻri mablagʻlar oʻtkazilishi va hisobot choragidan keyingi oyining dastlabki kunlarida ushbu mablagʻlarni soliq toʻlovchi korxonalarga qaytarib berish holatlari kuzatilmoqda.
Misol uchun, 2020 yil mart oyi oxirida byudjet daromadiga oʻtkazilgan 17 ta holatda toʻlangan jami 10 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻdan qariyb 5 mlrd soʻm (50%) qismi aprel oyining dastlabki kunlarida soliq toʻlovchi korxonalarga qaytarib berilgan.
Bundan tashqari, Davlat byudjetining gʻazna ijrosini amalga oshirish jarayonida aksariyat hududlarda Davlat xaridlari tartib tamoyillariga mutlaqo rioya qilmagan holda tovar (ish, xizmat) lar uchun tegishli sud qarorlariga asosan toʻlovlarni amalga oshirish holatlari ham uchrab turibdi.
Masalan, Uzun tumani hokimligi bilan "LIKE ARTICOMFORT" hususiy korxonasi oʻrtasida Davlat xaridlari tartib tamoyillariga rioya qilmagan holda shartnoma tuzilib tegishli Gʻaznachilik organidan roʻyxatdan oʻtkazilmasdan Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan 133 mln. soʻm mablagʻ undirilgan.
2020 yildan boshlab konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilgan 18 ta Davlat maqsadli jamgʻarmalarining jami daromadlari 15 trln. 692 mlrd. soʻmni, xarajatlari esa 16 trln 988 mlrd. soʻmni tashkil etdi.
Shundan, 2020 yil 1 - yarim yilligida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining daromadlari - 10,9 trln.soʻm boʻldi, belgilangan yillik prognozning – 46,3 foizni tashkil qildi. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan - 1,6 trln.soʻmga yoki 13 foizga kamaygan. Bu kamayishning asosiy sabablari boʻlib davlat korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilganligi va karantin cheklovlari sharoitida ish haqi fondining kamayib ketishi hisoblanadi.
Pensiya jamgʻarmasining xarajatlari 15 trln. 233 mlrd. soʻmni tashkil etdi va respublika byudjetidan 3,2 trln. soʻm transfert ajratildi.

Bu esa hisobot davrida 3,7 million nafardan ortiq fuqaroga pensiya va nafaqa toʻlovlarini oʻz vaqtida moliyalashtirilishi hamda toʻlanishini taʼminladi.
Shu bilan birga, 2020 yildan boshlab konsolidatsiyalashgan byudjet tarkibiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tushumlari 1 trln. 975 mlrd. soʻm, xarajatlari esa 3 trln. 831 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Shundan 1 trln. 14 mlrd. soʻm Sardoba suv ombori talofatlarini bartaraf etish uchun Davlat byudjetiga oʻtkazildi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, davlat byudjeti 6 trln. 722 mlrd soʻm miqdoridagi Davlat byudjeti taqchilligi quyidagi manbalar:
3 trln 423 mlrd soʻmi – Davlat gʻaznachilik obligatsiyalarini muomilaga chiqarish natijasida kelib tushgan;
3 trln 299 mlrd soʻmi - Xalqaro moliya institutlaridan byudjetni qoʻllab quvvatlash uchun jalb qilingan mablagʻlar hisobidan qoplandi.
Konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 71 trln. 702 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 80 trln. 594 mlrd. soʻmni tashkil etgan holda YaIMga nisbatan 3,9 foiz miqdorida taqchillik bilan ijro etildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

