| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes6 daqiqada oʻqiladi1 154 marta oʻqildi

Soʻmning qadrsizlanishining asosiy sababi nima?

Internet nashrlari orqali bir qator iqtisodchilar, ekspertlar milliy valyuta qadrsizlanishi borasida oʻzlarining shaxsiy fikrlarini bildirdilar. Baʼzi ekspertlarning 2020 yil oxiriga soʻm almashuv kursi boʻyicha prognozlari ham paydo boʻldi.

Soʻmning qadrsizlanishining asosiy sababi nima?

1930 yillarning boshida butun dunyo Buyuk depressiya taʼsiridan aziyat chekayotgan paytda AQShning 32-prezidenti sifatida saylangan Franklin D. Ruzvelt birinchi inauguratsiya nutqida “Biz qoʻrqishimiz kerak boʻlgan yagona narsa – bu qoʻrqishning oʻzidir” degan edi.

Garchi Buyuk depressiya pandemiya sababli vujudga kelmagan boʻlsada, u davrdagi vaziyat bugungi kundagi koronavirus inqirozidan ham yomonroq edi. Shubhasiz, xuddi Buyuk depressiya davrida boʻlgani singari koronavirus pandemiyasi sharoitida jamiyat hayotida noaniqliklar oshib bormoqda. Shunday boʻlsada, hozirgi sharoitda biz ishonishimiz kerak boʻlgan yagona narsa – bu ishonchning oʻzidir. Bu Oʻzbekiston hukumatiga ishonch, koronavirus tarqalishini kamaytirish, aholining yordamga muhtoj qatlamini himoyalash, inqirozdan katta talofatlarsiz chiqish va inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tezda oyoqqa turgazish boʻyicha amalga oshirilayotgan choralarga, shu jumladan, Markaziy bank tomonidan olib borilayotgan pul-kredit va valyuta siyosatiga boʻlgan ishonchdir.

2020 yil 14 aprel kuni ichki valyuta bozorida soʻmning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9 793 soʻmni tashkil etdi. Bank ish kuni yopilishi arafasida Markaziy bank tomonidan asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajada belgilangani eʼlon qilindi. Regulyatorning kutilmagan qaroridan keyin kunning boshida valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali AQSh dollari oldi-sotdisini 9780-9850 soʻm koridorida taklif etishni boshlagan tijorat banklari kun oxiriga kelib koridorni 10140-10150 soʻmgacha koʻtarishdi. Natijada, internet nashrlari orqali bir qator iqtisodchilar, ekspertlar milliy valyuta qadrsizlanishi borasida oʻzlarining shaxsiy fikrlarini bildirdilar. Baʼzi ekspertlarning 2020 yil oxiriga soʻm almashuv kursi boʻyicha prognozlari ham paydo boʻldi.

Ushbu vaziyatda soʻmning qadrsizlanishiga sabab boʻlayotgan asosiy omillar nimalar? Nima uchun yil boshidan beri AQSh dollariga nisbatan qadrini 9500 soʻm atrofida barqaror ushlab kelayotgan milliy valyuta aprel oyining dastlabki kunlaridan boshlab yana qadrsizlana boshladi? kabi savollar tugʻilishi tabiiy. Quyida mazkur savollarga javob berishga harakat qilamiz.

  1. Eksport hajmining import hajmiga nisbatan koʻproq kamayishi ichki valyuta bozorida valyuta taklifining kamayishiga sabab boʻlmoqda.

2019 yilning 1-choragida tovar va xizmatlar eksportidan tushum 2018 yilning mos davriga nisbatan 20,6 foizga oshib, maʼlum darajada ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talabni qondirishga xizmat qilgan edi. Joriy yilning 1-choragida esa koronavirus pandemiyasi sababli kelib chiqqan inqiroz tufayli eksport hajmi 2019 yilning 1-choragiga nisbatan 10,9 foizgacha kamaydi (1-rasm). Bu esa joriy yilning oʻtgan davrida ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifining shuncha miqdorga kam boʻlganligini bildiradi.

2020 yilning boshida Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkori boʻlgan Xitoyning koronavirus infeksiyasi tomonidan “qamal” qilinishi hamda iqtisodiyotining sekinlashishi natijasida jahon tovarlar bozorida xomashyo (neft, gaz, rangli metallar, shu jumladan mis) narxlari keskin tushib ketdi.

1-rasm. Oʻzbekistonning 2020 yil yanvar-mart oylarida eksporti va importi hajmi oʻsishi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan foizda)

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar

Shuningdek, koronavirusga qarshi choralar sababli Xitoyning Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarga boʻlgan talabi miqdori sezilarli darajada kamaydi. Shu bilan birga, boshqa savdo hamkorlarimizning global qiymat zanjiri orqali Xitoyga tutash tarmoqlarida Oʻzbekiston mahsulotlariga boʻlgan talab kamaydi. Koronavirus epidemiyasi pandemiyaga aylanishi va chegaralarning yopilishi bilan uning taʼsir doirasi yanada kengaydi. Natijada, 2020 yilning yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning Xitoyga eksport hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 426 mln AQSh dollariga, Rossiyaga – 106 mln AQSh dollariga, Qozogʻistonga – 94,4 mln AQSh dollariga kamaydi (2-rasm).

2-rasm. 2020 yil 1-choragida asosiy savdo hamkor davlatlarga eksport hajmi (mln. AQSh dollarda)

Izoh: Sharlarning hajmi davlatlarning Oʻzbekistonning umumiy eksportidagi ulushini koʻrsatadi. Qavs ichidagi raqamlar 2020 yil 1-chorakdagi eksport hajmining 2019 yilning mos davridagi eksport hajmiga nisbatan oʻzgarishini (- kamayish / + oʻsish) koʻrsatadi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar

Boshqa tomondan, eksportdan valyuta tushumlari kamaygan bir paytda import tovarlar va xizmatlarga boʻlgan talab bir muncha kamaygan boʻlsada, lekin yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu esa ichki valyuta bozorida valyuta talabi va taklifi oʻrtasida nomutanosiblikni keltirib chiqarib, almashuv kursiga bosimni oshirmoqda.

Masalan, Oʻzbekistonning umumiy importining 70 foiziga egalik qiluvchi yettita asosiy savdo hamkor davlatlardan import qilingan tovar va xizmatlar hajmi 2019 yilning 1-choragidagi koʻrsatkichga nisbatan 294 mln AQSh dollarga kamaydi. 2020 yil 1-chorakda Xitoydan import qilingan tovar va xizmatlar hajmi 2019 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 73,5 mln AQSh dollarga, Janubiy Koreyadan – 147,6 mln AQSh dollarga, Qozogʻistondan – 13 mln AQSh dollarga, Turkiyadan – 66,4 mln AQSh dollarga, AQShdan – 17,7 mln AQSh dollarga kamaydi (3-rasm). Mazkur davrda Rossiyadan import hajmi deyarli oʻtgan yilning mos choragidagi miqdorda qolgan boʻlsa, Germaniyadan 22,9 mln AQSh dollar miqdorida koʻproq tovarlar va xizmatlar import qilindi.

3-rasm. 2020 yil 1-choragida asosiy savdo hamkor davlatlardan import hajmi (mln. AQSh dollarda)

Izoh: Sharlarning hajmi davlatlarning Oʻzbekistonning umumiy importidagi ulushini koʻrsatadi. Qavs ichidagi raqamlar 2020 yil 1-chorakdagi import hajmining 2019 yilning mos davridagi import hajmiga nisbatan oʻzgarishini (- kamayish / + oʻsish) koʻrsatadi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar

  1. Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari milliy valyutalarining qadrsizlanishi sababli soʻm almashuv kursining mazkur mamlakatlar milliy valyutalari almashuv kursiga moslashish jarayoni roʻy bermoqda.

2020 yilning yanvar oyida Xitoyda koronavirus epidemiyasining jiddiy tus olishi va Xitoy iqtisodiyotining neftga boʻlgan talabining kamayishi jahon bozorida neft narxining sezilarli darajada tushishiga sabab boʻldi. Bundan tashqari, OPEK davlatlarining neft ishlab chiqarishni qisqartirish boʻyicha murosaga kela olishmagani va Saudiya Arabistoni va Rossiya oʻrtasida narx “urushi”ning boshlanishi neft narxining pasayishiga yanada katta bosim oʻtkazdi. Natijada neft narxi keskin darajada quladi. Neft narxining qulashi esa oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari boʻlgan Rossiya va Qozogʻiston milliy valyutalarining almashuv kursida oʻz aksini topdi (4-rasm).

4-rasm. Milliy valyutalarning rasmiy almashuv kursi indeksi (yil boshiga nisbatan oʻzgarishi)

Manba: Markaziy banklar maʼlumotlari asosida hisob-kitoblar

2020 yil 14 aprel holatiga qozoq tengesi yil boshiga nisbatan 12,1 foizga va Rossiya rubli esa 18,8 foizga qadrsizlangan boʻlsa, soʻmning qadrsizlanishi 1,95 foizni tashkil etdi.

Tengi va rubl qadrining tushishi Qozogʻiston va Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarni Oʻzbekiston uchun arzonlashishiga sabab boʻladi. Bunday vaziyatda mazkur savdo hamkorlarimizdan import qilish maqsadida ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talab ortadi va soʻm qadrsizlana boshlaydi. Natijada soʻm almashuv kursi tenge va rubl almashuv kurslariga moslashadi.

  1. Koronavirus inqirozi tufayli pul joʻnatmalarining kamayishi ichki valyuta bozorida valyuta taklifining yetishmasligiga sabab boʻlmoqda.

Oʻtgan yillarda mamlakatimizga transchegaraviy pul oʻtkazmalari ichki valyuta bozorida valyutaga boʻlgan talabning maʼlum bir qismini qondirishga xizmat qildi.

Joriy yilda Oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun migratsiya manzili hisoblangan davlatlar, xususan Rossiya va Qozogʻiston tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan karantin choralari sababli 2020 yilning 1-choragida mamlakatimizga kirib kelgan pul oʻtkazmalari hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamaydi. Xususan, joriy yilning mart oyida pul oʻtkazmalari hajmi fevral oyiga nisbatan 23 foizga kamayib, 296 mln AQSh dollarini tashkil etdi.

Xulosa

Hozirgi kunda milliy valyutamizning qadrsizlanishiga eksportdan valyuta tushumlari va transchegaraviy pul oʻtkazmalarining kamayishi, tovarlar va xizmatlar importiga talabning yuqoriligicha saqlanib qolayotgani hamda asosiy savdo hamkor davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi taʼsir koʻrsatmoqda.

Soʻm almashuv kursining asosiy savdo hamkor davlatlarning milliy valyutalari almashuv kursiga moslashishi bilan Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning raqobatbardoshligi oshadi va eksportdan valyuta tushumlari koʻpayadi. Oʻz navbatida, milliy valyuta devalvatsiyasi import tovarlari va xizmatlarining mahalliy tovar va xizmatlarga nisbatan qimmatlashishiga sabab boʻladi hamda import hajmining maʼlum darajada kamayishiga turtki boʻladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning moliya sektorida jozibador yuqori foiz stavkalari xorijiy investitsiyalarni mamlakatimizga oqib kelishini ragʻbatlantiradi.

Yuqoridagi omillar ichki valyuta bozorida valyuta talabi va taklifini muvozanatga keltirishga xizmat qiladi.

Xalilulloh Hamidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Yetakchi ilmiy xodimi

Manba: Kun.uz

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ