| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi389 marta oʻqildi

Soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash qanday amalga oshiriladi?

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi imzolanib, matbuotda eʼlon qilindi. Joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida koʻplab oʻzgarish va yangiliklar koʻzda tutilgani barcha soliq toʻlovchilarni — hammaning qiziqishini oshirdi.

Soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash qanday amalga oshiriladi?

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi imzolanib, matbuotda eʼlon qilindi. Joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida koʻplab oʻzgarish va yangiliklar koʻzda tutilgani barcha soliq toʻlovchilarni — hammaning qiziqishini oshirdi. Shunday yangiliklardan biri — yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan bir qator maxsus soliq rejimlari bekor qilingani boʻldi. Yaʼni, kodeksga tadbirkorlik subʼyektlari uchun yagona ijtimoiy toʻlov oʻrniga ijtimoiy soliq, yagona soliq toʻlovi oʻrniga – aylanmadan soliq, qatʼiy belgilangan soliq oʻrniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qatʼiy belgilangan miqdorda soliq joriy etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ (komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy qilindi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksiz soligʻi, foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqlar boʻyicha — Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi. Bunday soliqlarga nisbatan toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati ikki yilgacha muddatga berilishi mumkin. Bundan tashqari, soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati tadbirkorlik subʼyektlariga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib boʻlmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganda hamda byudjetdan (davlat maqsadli jamgʻarmalaridan) moliyalashtirish kechiktirilgani yoki davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlashga kechiktirilgan boʻlsa, qarz summasiga foizlar hisoblanmaydi. Agar tadbirkorlik subʼyektlari soliqni biryoʻla toʻlashi oqibatida uning nochorligi (bankrotligi) alomatlari paydo boʻlishi xavfi yuzaga kelgan, mulkiy holati soliqni biryoʻla toʻlash imkoniyatini istisno etishi, tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega ekani hamda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib oʻtilishi munosabati bilan bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlarni toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish asoslariga koʻra berilgan boʻlsa, ularga Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqqan holda, qarz summasiga foizlar hisoblanadi. Avvalgi soliq kodeksida insofli soliq toʻlovchilarga soliq taʼtillari, shuningdek soliq qarzini toʻlashni kechiktirish va (yoki) boʻlib-boʻlib toʻlash Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Hukumat yoki u vakolat bergan organ tomonidan berilgan edi. Bu esa, oʻz navbatida, soliqlarni toʻlashni kechiktirish huquqini olish uchun soliq toʻlovchilarga ovoragarchilik va noqulayliklar keltirib, ortiqcha qogʻozbozlik talab qilar edi. Shu sababli, keyingi uch yil ichida soliqlarni kechiktirish huquqidan hech qaysi tadbirkorlik subʼyekti foydalanmagan. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliq toʻlovchilar uchun ijobiy boʻlgan yangiliklar koʻp. Uning ijrosining taʼminlanishi iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, aholi real daromadlarini oshirishga, soliq maʼmuriyatchiligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Sherzod HASANOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni Davlat byudjeti boshqarmasi bosh maslahatchisi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ