| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes1 daqiqada oʻqiladi117 marta oʻqildi

Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Koʻpchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi – Prezident

20 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan uchrashuv chogʻida tibbiyot va taʼlim – davlat va xalq oʻrtasidagi adolat koʻprigi ekanligi haqida gapirdi.

Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Koʻpchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqot qildi.

– Toshkentda sifatli tibbiy xizmat va maktab taʼlimiga qanday erishamiz? Meni shu savol qiynaydi. Sizlar bilan uchrashishdan maqsad – quyi tizimdagi masalalarni bilish, toʻgʻri yoʻl tutish, – dedi davlatimiz rahbari.

2020 yil barcha sohalar uchun katta sinov boʻldi. Tibbiyot xodimlari ham, oʻqituvchilar ham yangicha shart-sharoitda ishlashiga toʻgʻri keldi.

– Ogʻir sinovlar paytida birlashdik. Bu sinovlar bizni izlanishga majbur qildi. Shuning uchun natija boʻldi, – dedi Prezident.

Ayni paytda, pandemiya qaysi sohalarda oqsash borligini, islohot, rivojlanish yoʻnalishlarini ham koʻrsatib berdi. Joriy yil 30 oktyabr kuni taʼlim-tarbiya tizimi, 6 noyabrda esa sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlari shu maqsadga qaratilgan edi. Ularda muhokama qilingan dolzarb masalalar va bildirilgan takliflar asosida taʼlim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirish, birlamchi tibbiy muassasalar faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish, sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish boʻyicha Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilindi.

Bugungi uchrashuvda taʼlim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, ularni quyi tizimda amalga oshirish choralari haqida suhbatlashildi.

Shavkat Mirziyoyev aholi sogʻliqni saqlash tizimidan norozi ekanini taʼkidladi.

– Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Koʻpchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi, – dedi Prezident.

Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilgʻor tajribasini joriy etish, tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash boʻyicha fikrlar bildirdi.

Sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlari aholi salomatligi, yosh avlod kamolotida hamohang ekani taʼkidlandi.

– Tibbiyot va taʼlim – davlat va xalq oʻrtasidagi adolat koʻprigi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. – Hammamiz oʻzimizni qiynab, halol boʻlib, bu tizimlarni toʻgʻrilab olsak, ana shunda adolat taʼminlanadi. Xalqimiz rozi boʻladi. Toshkent bunda namuna boʻlishi kerak.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ