Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi101 marta oʻqildi
Sardobadagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratiladi
Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish maqsadida davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratiladi. Ushbu mablagʻlar 9ta yoʻnalishda taqsimlanishi koʻzda tutilgan.
Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratiladi. Bu haqda va toshqin oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha “Yuksalish” umummilliy harakati maʼlumot berdi.
Talofat oqibatlarini toʻliq aniqlash va ularni bartaraf etish ishlari jadal amalga oshirib borilmoqda. Xususan, suv toshqinidan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 10 ta mahalla fuqarolar yigʻinida (25 ta aholi punkti) 4351 ta xonadon zarar koʻrgan. Bunda, xonadonlardan 2570 tasi yaroqsiz va 1781 tasiga qisman zarar koʻrgani aniqlangan.
Suv bosgan 25 ta aholi punktidan 13 tasi suvdan tozalangan, 20 ta aholi punkti va ularning hududlari chiqindilardan tozalandi. 4586 ta uy chiqindilardan tozalanib, suvdan tozalangan xonadonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlarga jami 16 787 nafar shaxsiy tarkib va 3 233 ta texnika jalb etilgan.
Jami talafot koʻrgan ekin maydonlar 19,593 ming gektar tashkil etiladi. Bunda, 4080 ming ga ekin maydoni saqlanib qolinadi va 15,513 ming gektar maydon buzilib, uning oʻrniga paxta, poliz va sabzavot, mosh ekilishi rejalashtirilgan. Bu maydonlar buzilgandan soʻng paxtaga ajratiladigan ekin maydonlari ikki baravardan ortiqroqqa kamaytiriladi (7,623 ming gektardan 3,260 ming gektargacha). Talafot koʻrgan ekin maydonlardan 5,361 ming gektari Sardoba tumaniga, 8,723 ming gektari Oq Oltin tumaniga va 5,509 ming gektari Mirzaobod tumaniga toʻgʻri keladi.
Hozirning oʻzida ekish imkoniyati mavjud maydonlarga 1 mln. dona sabzavot koʻchatlarini ekish ishlari boshlandi va 80 ga tomorqa maydonlari ekildi.
Shuningdek, aholining jami 10860 ta hujjati yoʻqotilgan. Jumladan, 3970 ta fuqarolik pasporti va 2840 ta tugʻilganlik haqida guvohnoma. Bugungi kunga qadar, jami 834 nafar fuqaroning biometrik pasportlari, 574 ta tugʻilganlik va 4 ta oʻlim haqidagi, 220 ta nikoh guvohnomalari tiklandi.
Bundan tashqari, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 31 719 ta uy hayvoni yoʻqolgani aniqlangan. Shundan 13685 ta yirik va mayda shohli qoramollar, otlar, 17 752 ta parranda va 282 ta boshqalardir. Ayni vaqtga qadar tirik holda topilgan 5160 ta yirik va mayda shohli qoramollar, otlardan 5143 tasi oʻz egalariga qaytarildi va egasi aniqlanmagan 17 tasi saqlovga olindi.
Shuningdek, mazkur hududlarda jami 34 ta ijtimoiy soha obʼyekti, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 6 ta profilaktika inspektorlarining xizmat uylari qisman va toʻliq darajada talofat koʻrgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, 10 ta mahallada jami 282 ta tadbirkorlik subʼyektining 143 ta mulki zarar koʻrgan (53 ta yuridik va 90 ta yakka tartibdagi tadbirkor).
Hozirda ushbu obʼyektlarda koʻrilgan zararlarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Yuqorida aytib oʻtilgan masjidlar va qabristonlarda hududni suvdan tozalash, sanitariya va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik subʼyektlarining toʻliq roʻyxati shakllantirilmoqda, ularning zarar yetgan mol-mulk mulklarning sugʻurtalanganligiga Moliya vazirligi huzuridagi sugʻurta agentligi bilan hamkorlikda aniqlik kiritilmoqda hamda mustaqil baholovchi tashkiloti tomonidan zarar yetgan obʼyektlarni baholash ishlari olib borilmoqda.
Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatlari va ularni bartaraf etish maqsadida davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratiladi. Ushbu mablagʻlar quyidagicha taqsimlanishi koʻzda tutilgan:
Yoʻllar va koʻpriklar qurishga — 390 mlrd soʻm;
Ichimlik suvi tarmoqlarini qayta taʼminlashga — 163 mlrd soʻm;
Xonadonlarni taʼmirlash va yangi uy-joylar massivini barpo etishga — 123 mlrd soʻm;
Irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlariga — 100 mlrd soʻm;
Ijtimoiy soha obʼyektlarini taʼmirlash va barpo etishga — 85 mlrd soʻm;
Elektr tarmoqlar tizimini tiklashga — 68 mlrd soʻm;
Tabiiy gaz tarmoqlarini tiklashga — 22 mlrd soʻm;
Aloqa va kommunikatsiya tizimlarini qayta tiklashga — 13 mlrd soʻm;