Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi Oʻzbekistonga 46,2 mln dollar ajratdi
Mazkur mablagʻlar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida amalga oshirilayotgan «Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasining 2-chi bosqichi doirasida taqdim etilmoqda.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi (QXRXJ) Oʻzbekistonga 46,2 mln dollar miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli qarz mablagʻlarini, shuningdek, 800 ming dollar miqdoridagi grant mablagʻlarini ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qilgan.
Maʼlumot uchun, QXRXJ — BMTning ixtisoslashgan muassasasi boʻlib, uning asosiy vazifasi rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish va aholining ovqatlanish holatini yaxshilash maqsadida moliyaviy resurslarni jalb qilishdir. 1977 yildan buyon QXRXJ 90 ta mamlakatda 350 mln odamga yordam berish boʻyicha 700 tadan ortiq dastur va loyihalarni moliyalashtirish doirasida 10 mlrd dollar miqdoriga yaqin imtiyozli kredit va grantlar taqdim etdi.
"47 mln dollar miqdorida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni QXRXJ prezidenti Jilber Ungbo va Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov imzoladi. Imzolash marosimi 4 avgust kuni videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi", deyiladi xabarda.
Bitim shartlariga koʻra, QXRXJ 46,2 mln dollar miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli qarz mablagʻlarini, shuningdek, 800 ming dollar miqdoridagi grant mablagʻlarini ajratadi. Mazkur mablagʻlar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida amalga oshirilayotgan «Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasining 2-chi bosqichi doirasida taqdim etilmoqda.
Loyihada zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻlar barpo etish, ekologik toza va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, Fargʻona vodiysi viloyatlarida qayta ishlash quvvatlari va omborxonalar sigʻimini koʻpaytirish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida koʻzda tutilgan qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, qishloq joylarda qoʻshimcha yuqori haq toʻlanadigan ish oʻrinlarini yaratish natijasida mehnat unumdorligi va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini oshirish hisobiga loyiha hududning 375 mingdan ortiq aholisi daromadlarining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, QXRXJning Oʻzbekistondagi loyihalar portfeli umumiy qiymati 139,5 mln dollarlik 4 ta loyihadan iborat, ulardan Oʻzbekiston meva-sabzavot sektori rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan 1 ta 28,3 mln dollarlik loyiha 2019 yilda amalga oshirilgan, qolgan loyihalar esa hozirgi vaqtda amalga oshirish bosqichida boʻlib, qishloq xoʻjaligi va sut sanoati sektorida qoʻshilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

