Qashqadaryoda dizel yoqilgʻisi, avia kerosin, suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan zavod quriladi
Zavod ishga tushgach, yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradi.

“Oʻzbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatining Investitsiya loyihalarini amalga oshirish departamenti maʼlumotiga koʻra, “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metan asosida suyultirilgan sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi amalga oshirilyapti. Loyiha boʻyicha tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza yoqilgʻiga boʻlgan talabni qondirish, bozorni mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan strategik mahsulotlar bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Umumiy narxi 3,6 milliard AQSh dollari atrofida baholanayotgan davlat kafolati ostidagi loyiha Janubiy Koreya va Xitoyning xalqaro moliya institutlari, xorijiy tijorat banklari kredit mablagʻlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Zavod ishga tushgach, yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 307,3 ming tonna avia kerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan “Sasol” (Janubiy Afrika), “Haldor Topsoe” (Daniya) va “Chevron” (AQSh) kabi kompaniyalar texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan boʻlib, bu yerda 808 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Bu yerda ishlaydigan mutaxassislar hozirda “Shoʻrtan”, “Ustyurt” gaz kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda Qatar davlatidagi ishlab chiqarish zavodlarida ish oʻrganmoqda.
Bugungi kunda loyiha doirasida shartnomaning 86 foizdan ziyodi bajarilgan boʻlib, qurilish maydonida 9 ming nafardan ortiq mutaxassis va ishchi, 900 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.
Zavodning qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish rejalashtirilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

