Oʻzbekistonda elektron pullardan foydalanish tartibi belgilandi
Elektron pullar egasi tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga toʻlovni amalga oshirish maqsadida elektron puldan foydalanishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida emitent tomonidan chiqariladigan elektron pullar faqat milliy valyutada nominallashtirilgan boʻlishi shart.

Bugun raqamli texnologiyalar iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlariga jadal kirib bormoqda. Elektron tijoratning rivojlanishi, turli toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar oʻrtasida raqobat muhitining shakllanishi va kuchayishi, chakana toʻlovlar boʻyicha tranzaksion xarajatlar qisqartirilishini, shuningdek, toʻlovlarni amalga oshirishda moliyaviy institutlarning vositachiligini talab etmaydigan innovatsion va jozibador toʻlov vositalarining joriy qilinishini taqozo etdi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonunining qabul qilinishi elektron pullar muomalasini, jumladan, elektron pullarni chiqarish, foydalanish va ularni qoplash boʻyicha amalga oshiriladigan faoliyatning huquqiy asosini yaratib berdi.
Oʻzbekistonda elektron pullarni muomalada boʻlishi qoidalari ishlab chiqildi
Ushbu qonun asosida “Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalari” ishlab chiqilib, Adliya vazirligida 2020 yil 29 aprelda 3231-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Mazkur hujjat jahon tajribasiga tayangan holda, elektron pullar tizimi faoliyatini tashkil etish, elektron pullar muomalasi, elektron pullar tizimida risklarni boshqarish hamda tizimda xavfsizlikni taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
Unda elektron pullar tizimiga oid asosiy tushunchalar, shu jumladan, “ayirboshlash operatsiyasi”, “bir va koʻp emitentli elektron pullar tizimi”, “oldindan toʻlangan karta”, “elektron pullar tizimining agenti”, “elektron hamyon” va sohaga oid boshqa terminlarga batafsil tushuntirishlar berilgan.
Qoidaga koʻra, emitent, operator, elektron pullar tizimining agenti, elektron pullar egasi, shuningdek, emitent bilan shartnoma tuzgan banklar, toʻlov tashkilotlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va (yoki) yuridik shaxslar elektron pullar tizimining subʼyektlari hisoblanadi (1-rasm). Bunda elektron pullar tizimining ishlashini taʼminlaydigan bank va (yoki) tegishli litsenziyaga ega boʻlgan toʻlov tashkiloti – elektron pullar tizimining operatoridir. Emitent yoki emitent boʻlmagan boshqa bank operator bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining hisob-kitob banki sifatida faoliyat yuritishi mumkin.
Taʼkidlash joizki, emitent oʻz faoliyatini boshlashi uchun, eng avvalo, elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilishi toʻgʻrisida Markaziy bankka belgilangan shakldagi xabarnoma va unga ilova sifatida operator bilan tuzilgan shartnoma hamda elektron pullar tizimi subʼyektlari bilan tuziladigan shartnomalar namunalarini yuborishi zarur.

Mazkur normativ-huquqiy hujjat bilan elektron pullar tizimida tranzaksiyalarni operator tomonidan elektron pullar tizimi qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu qoidalar operator va emitent oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan tasdiqlanadi. Koʻp emitentli elektron pullar tizimida esa ushbu qoidalar har bir emitent bilan kelishilgan boʻlishi talab etiladi.
Elektron pullarning chiqarilishi
Hujjatga muvofiq, elektron pullarning chiqarilishi emitent tomonidan jismoniy shaxs yoki elektron pullar tizimining agentidan qabul qilingan pul mablagʻlari doirasida elektron pullar tizimi qoidalari hamda elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Emitent tomonidan elektron pullarning chiqarilishi uchun jismoniy shaxs naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda pul mablagʻlarini taqdim etishi zarur. Ushbu pul mablagʻlari emitent tomonidan hisob-kitob bankida ochilgan maxsus hisobvaraqqa kirim qilinishi taʼminlanadi (2-rasm).
Elektron pullarni jismoniy shaxsga va elektron pullar tizimining agentiga realizatsiya qilish elektron pullar tizimi tomonidan har bir elektron pullar egasi uchun shakllantiriladigan elektron hamyonga emitentdan sotib olingan elektron pullarni kirim qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Emitent yoki operator bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining agenti elektron hamyonga ega boʻlgan jismoniy shaxslarga ushbu pullarni realizatsiya qilish yoki ularni qoplash maqsadida elektron pullarning nominal qiymati boʻyicha uning egasi boʻlgan jismoniy shaxsdan sotib olishi mumkin.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida emitent tomonidan chiqariladigan elektron pullar faqat milliy valyutada nominallashtirilgan boʻlishi shart.
Emitent va elektron pullar tizimining agenti tomonidan elektron pullarni chiqarishda uning egasiga elektron pullarni realizatsiya qilinganligi va elektron pullarning egasi elektron pullarni sotib olganligini tasdiqlovchi kvitansiya yoki boshqa tasdiqlovchi hujjat qogʻoz shaklda yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Mazkur kvitansiyada koʻrsatilishi majburiy boʻlgan rekvizitlar, xususan,
agent, emitent va operatorning nomi;
operatsiyaning amalga oshirilgan sanasi hamda vaqti;
amalga oshirilgan operatsiyaning tartib raqami;
realizatsiya qilingan elektron pullar summasi;
elektron pullar egasiga tegishli elektron hamyonning identifikatsiya kodi;
undiriladigan vositachilik haqi miqdori koʻrsatilishi shart
Elektron pullardan foydalanish
Qoidaga koʻra, elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs elektron pullardan toʻlovlarni va elektron pullar tizimining qoidalarida belgilangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan shartlar asosida egasidan elektron pullarni mazkur tizimning boshqa ishtirokchisiga oʻtkazish orqali boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida foydalanadi (3-rasm).
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda faqat respublikamiz hududida chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi belgilangan.

Elektron pullar tizimida har bir elektron pullar egasiga mazkur tizim qoidalari, elektron pullarni chiqarish, foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma hamda emitent va operator oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron hamyon shakllantiriladi yoki oldindan toʻlangan karta (prepaid card) koʻrinishida emitent, operator yoki elektron pullar tizimining agenti tomonidan beriladi (4-rasm).

Operator elektron pullarni ayirboshlash operatsiyalarini turli elektron pullar tizimlari hamda koʻp emitentli elektron pullar tizimi doirasida amalga oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan chiqarilgan chet el valyutasida nominallashtirilgan elektron pullarni ayirboshlash operatsiyalari mazkur subʼyekt bilan shartnomasi mavjud boʻlgan taqdirda emitent tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Elektron pullar egasi tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga toʻlovni amalga oshirish maqsadida elektron puldan foydalanishi mumkin. Bunda emitent yoki operator tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga maxsus elektron hamyonlar shakllantiriladi. Ushbu elektron hamyonlarga faqat realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun elektron pullarni, keyinchalik bank hisobvaraqlariga ularning nominal qiymatiga teng boʻlgan pul mablagʻlari summasini oʻtkazish maqsadida qabul qilinadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning maxsus elektron hamyonlaridagi elektron pullar mazkur tizimda qayta realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Elektron pullarni qoplash
Emitent elektron pullar egasi tomonidan taqdim qilingan elektron pullarni mazkur tizim qoidalari hamda emitent va elektron pullar egasi oʻrtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq naqd pulga almashtirish yoki naqd pulsiz mablagʻlarni elektron pullar egasining bank hisobvaragʻiga kirim qilish orqali qoplaydi (5-rasm). Bunda emitent tomonidan:
elektron pullar egasi – jismoniy shaxsning bank hisobvaragʻiga tegishli summa kirim qilingan yoki unga naqd pul mablagʻi berilgan paytdan boshlab;
elektron pullar egasi – yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsning bank hisobvaragʻiga tegishli mablagʻ kirim qilingan paytdan boshlab elektron pullar qoplangan hisoblanadi;
Emitent tomonidan elektron pullarni qoplash operatsiyasi amalga oshirilganligi toʻgʻrisida elektron pullar egasiga qogʻoz yoki elektron shaklda kvitansiya beriladi.

Shu oʻrinda eʼtibor qaratish kerak, emitent elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatini tugatadigan taqdirda, kamida oʻttiz kun oldin Markaziy bankka mazkur belgilangan shaklda xabarnoma yuboradi va bu haqida oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qilishi, shuningdek, elektron pullar egalarini va elektron pullar tizimining boshqa subʼyektlarini ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron vositalar orqali mazkur faoliyatni tugatayotganligi haqida xabardor qilishi zarur. Agar emitent tomonidan belgilangan muddat yakunlangandan soʻng elektron pullar egasi tomonidan murojaat qilinmagan taqdirda, ularning elektron hamyonidagi elektron pullari emitent tomonidan majburiy ravishda qoplanadi. Emitent tomonidan majburiy ravishda qoplanganidan soʻng elektron pullar egalari belgilangan tartibda shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki ularga oldindan yuborilgan kodli maʼlumotni taqdim etish orqali pul mablagʻlarini olishlari mumkin.
Shu bilan birga, hujjatda elektron pullar tizimida xavfsizlikni taʼminlash va risklarni boshqarish borasida ham emitent va operator tomonidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar batafsil yoritilgan.
Umuman olganda, mamlakatimizda toʻlov xizmatlari bozorini kengaytirish orqali elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar (xizmatlar)ni internet tarmogʻi orqali realizatsiya qilish boʻyicha zamonaviy mexanizm va tartib-taomillarni joriy qilish, mahalliy tadbirkorlik subʼyektlarining tovarlari va xizmatlarini sotish geografiyasini kengaytirish va hajmini oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, toʻlov xizmatlari bozorida zamonaviy toʻlov imkoniyatlarini shakllantirish orqali elektron pullar tizimining subʼyektlari hisoblangan jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subʼyektlari uchun xarajatlarni optimallashtirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar hozirlanadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti bilan shartnoma imzolagan emitent tomonidan mazkur norezidentning chet el valyutasida nominallashtirilgan elektron pullarini ayirboshlash operatsiyalarining amalga oshirilishi natijasida mahalliy elektron pul tizimlarining xorijiy elektron pul tizimlariga integratsiya qilinishiga shart-sharoit yaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, elektron pullar tizimining yaratilishi va joriy etilishi innovatsion tizimli jarayon boʻlib, hisob-kitoblarni amalga oshirishda zamonaviy IT va texnologik yechimlarga asoslangan holda toʻlovlarni tezkor va qulay usulda amalga oshirish imkonini beradi. Bunda aynan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalari” huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

