| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes1 daqiqada oʻqiladi

Oʻzbekiston va Singapur bosh vazir oʻrinbosarlari muhim hamkorlik toʻgʻrisida kelishib olishdi

Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida yoʻlovchi va yuk qatnovlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish oqimlarini boshqarish va aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish imkoniyati ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Singapur bosh vazir oʻrinbosarlari muhim hamkorlik toʻgʻrisida kelishib olishdi

Oʻzbekiston va Singapur erkin savdo toʻgʻrisida bitim tuzishni rejalashtirmoqda. Ushbu masalani bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Singapur bosh vazirining oʻrinbosari - moliya vaziri Xenk Svi Kit va respublikaning savdo va sanoat katta davlat vaziri Ko Po Kun bilan muhokama qildi.

Uchrashuv videokonserensiya tarzida boʻlib oʻtdi. Tomonlar koronavirus pandemiyasining ikki mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini kamaytirish, shuningdek, siyosiy, savdo – iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy - gumanitar hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari va mexanizmlarini muhokama qildi.

Muzokaralar doirasida ishtirokchilar Singapur investitsiyalari ishtirokida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar holati, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, taʼlim va sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va transport infratuzilmasi sohasidagi sheriklikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Mavjud loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun Singapurning yangi kompaniyalarini jalb etish boʻyicha aniq tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish maqsadida hamkorlikning strategik yoʻnalishlarini rivojlantirish va ikkala mamlakat ishbilarmon doiralarini oʻzaro manfaatli hamkorlikka va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltirish uchun platforma – Oʻzbekiston - Singapur biznes Kengashini tuzish gʻoyasi muhokama qilindi.

“Ikki mamlakatning manfaatdor kompaniyalarini savdo shartnomalarini ishlab chiqishga jalb etish orqali Singapurga oʻzbek meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari atroflicha muhokama etildi. Savdo aylanmasini oshirish boʻyicha salmoqli salohiyatni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasida erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimni tuzish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha qoʻshma ishlarni faollashtirish taklif etildi”, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.

Ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlovchi va yuk qatnovlarini jadallashtirish, shuningdek, yuk tashish oqimlarini boshqarish va aviakompaniyalar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yetakchi Singapur transport kompaniyalari tajribasini oʻrganish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

Tomonlar “Singapur hamkorlik dasturi” doirasida Oʻzbekiston vazirliklari va idoralari rahbariyati uchun malaka oshirish oʻquv kurslarini tashkil etish, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish boʻyicha strategik maslahatchilar sifatida singapurlik ekspertlarni jalb qilish, shuningdek, Namangan viloyatida Ijtimoiy fanlar boʻyicha Singapur universiteti filialini ochish kabi taʼlim salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan institutsional hamkorlik istiqbollarini alohida muhokama qilishdi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ