| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi61 marta oʻqildi

Oʻzbekiston va Rossiya tomonidan qiymati 5,8 milliard dollarga teng 100 dan ortiq yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining 21-yigʻilishining protokoli imzolandi.

Oʻzbekiston va Rossiya tomonidan qiymati 5,8 milliard dollarga teng 100 dan ortiq yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Buxoro shahrida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining (HK) yigirma birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikov hamraisligi ostida boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati, shuningdek, sheriklikni rivojlantirish uchun yangi istiqbolli yoʻnalishlar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot va fikr almashish davomida sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, sogʻliqni saqlash sohalarida hamda bank-moliya sektorida va taʼlim sohasida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga har ikkala tomonning qatʼiy sodiqligi bildirildi.

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdo aylanmasining sezilarli oʻsishi taʼkidlandi, soʻnggi 3 yil ichida uning hajmi 58%ga oshgan. Shu bilan birga, ushbu sohada foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda oʻzaro tovar aylanmasining 10 mlrd dollarlik hajmiga erishish maqsadida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aloqalarini chuqurlashtirish boʻyicha birgalikda amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, savdo sohasida mavjud toʻsiqlarni olib tashlash hamda Oʻzbekiston va Rossiya kompaniyalari tomonidan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish uchun sharoitlarni optimallashtirish boʻyicha aniq takliflar ham bildirildi.

Investitsiya sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi - hozirgi vaqtda neft-kimyo, togʻ-metallurgiya, energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik sanoati va meva-sabzavot mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida umumiy qiymati 16 mlrd dollardan ziyod boʻlgan yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, tomonlar eng istiqbolli sohalarda sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun bir qator shart-sharoitlar mavjudligini taʼkidladilar va ushbu yoʻnalishda yaqin hamkorlikda ish olib borishga kelishib oldilar.

Shu nuqtai nazardan, joriy yilning avgust oyida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oʻrtasida ochilgan Loyiha ofisining amaliy ahamiyati qayd etildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasi sohasida umumiy qiymati 5,8 mlrd dollarga teng boʻlgan 104 ta yangi investitsiyaviy loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar va har bir loyiha kelishilgan muddatlarda sifatli va oʻz vaqtida bajarilishining birgalikda samarali monitoringini olib borishga kelishib oldilar.

2021 yil aprel oyida Toshkent shahrida Rossiya va Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish va sanoat kooperatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihaviy takliflarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradigan “Innoprom” xalqaro investitsiya va sanoat koʻrgazmasini oʻtkazishga kelishib olindi.

Hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bunda hududlar maʼmuriyatlari va biznes missiyalari rahbarlarining har ikkala mamlakat viloyatlari oʻrtasida barcha yoʻnalishlar boʻyicha sheriklikning yangi oʻsish nuqtalarini shakllantirish uchun Oʻzbekiston va Rossiya hududlariga muntazam ravishda oʻzaro tashriflari tashkil etiladi.

Madaniy-gumanitar sohasidagi oʻzaro hamkorlik ikki tomonlama sheriklikning muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanligi tilga olindi - qator qoʻshma tadbirlar, xususan, ikki mamlakatning yetakchi OTMlari va ilmiy-oʻquv markazlari rektorlari ishtirokida “Oʻzbekiston-Rossiya” Ikkinchi Taʼlim forumini oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Mehnat migratsiyasi sohasini tizimlashtirish boʻyicha hamkorlik masalalari alohida tartibda koʻrib chiqildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda birgalikda olib borilgan ishlarda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etdilar va Rossiya Federatsiyasida yashayotgan va mehnat faoliyatini yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash, ularni ijtimoiy, moliyaviy va huquqiy muhofaza qilish masalalarida yordam koʻrsatish mexanizmlarini kuchaytirish boʻyicha keyingi harakatlarni muhokama qildilar. Shuningdek, ikkala tomon ham Oʻzbekiston Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasining koʻp funksiyali migratsiya markazini (KFMM) tashkil qilish boʻyicha loyihani amalga oshirishni jadallashtirish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishga tayyor ekanligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining 21-yigʻilishi bayonnomasi imzolandi, unda tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlar va ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari oʻz aksini topdi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ