Oʻzbekiston va Rossiya koronavirus pandemiyasi sharoitida investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlarini muhokama qildi
Oʻzbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan yangi meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni konsolidatsiya qilish, saqlash, qayta ishlash va taqsimlash maqsadida ulgurji-distribyutorlik markazlarini boshqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni yaratish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vaziri D.Manturov ishtirokida videokonferensiya boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida ikki tomonlama investitsion va savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global inqiroz sharoitida ikkala mamlakat iqtisodiyotining oʻzaro munosabatlari boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Hozirgi sharoitda ikkala mamlakatning iqtisodiyoti oldida turgan joriy muammolardan kelib chiqqan holda investitsion va savdo hamkorlik formati hamda oʻziga xosligini moslashtirib, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini shakllantirish boʻyicha kuchlarni birlashtirish oʻta muhimligi taʼkidlandi.
Videokonferensiya chogʻida oʻzaro manfaatli investitsion hamkorlik uchun istiqbolli takliflar paketi, jumladan, hamkorlikdagi yuqori texnologik agrosanoat klasterlarini hamda Oʻzbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan yangi meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni konsolidatsiya qilish, saqlash, qayta ishlash va taqsimlash maqsadida ulgurji-distribyutorlik markazlarini boshqarish boʻyicha qoʻshma korxonalarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sanoat sektorida: toʻqimachilik tarmogʻi, muqobil energetika, togʻ-kon sohasi, neftgaz sektori va mashinasozlikda investitsion hamkorlikning yuqori salohiyati belgilandi.
Har ikki mamlakat hududlari orqali toʻsiqlarsiz yuk tashishni taʼminlash boʻyicha tezkor choralar koʻrilishini nazarda tutgan holda, ikki mamlakat hukumatlarining oʻzaro savdo aloqalarini barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshirish tarafdori ekanliklari taʼkidlandi. Bundan tashqari, hozirgi iqtisodiy vaziyatda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi savdo hajmini oshirishga imkon beradigan tarif va notarif tartibga solish mexanizmlari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha doimiy ishlovchi oʻzaro munosabatlar mexanizmini - Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi rahbariyatining chambarchas aloqalari orqali sanoat kooperatsiyasi va savdo kelishuvlarining birgalikdagi tashabbuslarini yaratishga kelishib oldilar. Bir oylik muddatda aniq oʻzaro manfaatli loyihalar amalga oshirilishini nazarda tutuvchi iqtisodiy hamkorlikning yangi dasturini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

