Oʻzbekiston va Afgʻoniston 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzoladi
Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar Oʻzbekistonda amaliy tashrif bilan boʻlib turibdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Qoʻshni davlat delegatsiyasi tarkibidan, shuningdek, Afgʻoniston prezidenti maʼmuriyati, Transport vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank rahbarlari ham oʻrin olgan.
28 avgust kuni Hanif Atmarning Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan boʻlgan uchrashuvida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, aloqa va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikning holati hamda rivojlanish istiqbollari muhokama qilishdi.
Afgʻoniston tashqi ishlar idorasi rahbari prezident Shavkat Mirziyoyevga Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy qayta qurishga erishish yoʻlidagi faol qoʻllab-quvvatlashi hamda saʼy-harakatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Afgʻoniston kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afgʻonistonda energetika, temir yoʻllar qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirish va tegishli bitim loyihasi ustida ishlash, shuningdek, Xalqaro avtotransport boʻyicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash doirasida ekspert muzokaralarini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Bunda, temir yoʻl transporti sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali transport yoʻlaklarini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozorlariga xaridorgir qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, uchrashuv yakunida «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Afgʻonistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» kompaniyasi (DABS) oʻrtasida 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

