| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standarti tasdiqlandi

Baholash standarti mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining oʻziga xos jihatlarini aks ettiradigan aktivlar qiymatini baholash normalari, qoidalari, metodikalarini ifodalaydi. Hujjat Xalqaro baholash standartlari prinsiplariga asosan eng yaxshi xorijiy amaliyotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standarti tasdiqlandi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Baholash tashkilotlari uyushmasi, Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati, baholash faoliyati sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standarti (YaMBS) ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar qildi.

Baholash standarti mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining oʻziga xos jihatlarini aks ettiradigan aktivlar qiymatini baholash normalari, qoidalari, metodikalarini ifodalaydi. Hujjat Xalqaro baholash standartlari prinsiplariga asosan eng yaxshi xorijiy amaliyotlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. YaMBS – bu baholashga oid vazifalarni bajarish uchun moʻljallangan standart boʻlib, ular respublika qonun hujjatlari doirasida baholash amaliyotida ishonchlilik, ochiq-oshkoralik va kelishuvni taʼminlaydi. Har bir milliy baholash standarti bir yoki bir nechta vazifalarni hal etadi va quyidagilarni belgilaydi:

  • baholash faoliyatida foydalaniladigan prinsiplar va atamalar;

  • baholashga oid vazifalarni bajarish va baholash boʻyicha hisobotlar tuzish boʻyicha umumiy talablar;

  • hisobga olinishi lozim boʻlgan aniq mulohazalar hamda aktivlar yoki majburiyatlar turlarini baholash uchun keng foydalaniladigan usullar. Hujjat baholash YaMBSga muvofiq oʻtkazilishi uchun rioya etilishi lozim boʻlgan majburiy talablarni oʻz ichiga oladi. Standart boʻlimlarida baholash oʻtkazishda hisobga olinadigan asos boʻluvchi prinsiplar va konsepsiyalar aks ettiriladi.

YaMBS tuzilmasi ikkita asosiy qismga – umumiy baholash standartlari va aktivlarni baholash standartlariga boʻlinadi.

Umumiy baholash standartlari oltita hujjatni oʻz ichiga oladi:

1-son MBS «Baholash faoliyatida foydalaniladigan prinsiplar, atamalar va tariflar»;

2-son MBS «Baholashga oid vazifa»;

3-son MBS «Baholash jarayonida oʻtkaziladigan oʻrganishlar va tahlillar»;

4-son MBS «Baholash haqidagi hisobotni tuzish»;

5-son MBS «Baholash bazalari»;

6-son MBS «Baholash yondashuvlari va usullari». Aktivlar qiymatini baholash standartlari beshta hujjatni oʻz ichiga oladi:

7-son MBS «Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqini baholash»;

8-son MBS «Koʻchmas mulkni baholash»;

9-son MBS «Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni baholash»;

10-son MBS «Mashina va uskunalarni baholash»;

11-son MBS «Tovar-moddiy zaxiralarni baholash»;

12-son MBS «Xususiylashtirish maqsadida davlat uy-joy fondini baholash»;

13-son MBS «Baholovchilar ishining sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar».

Arkadiy Matyashin, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari hujjatni sharhlayotganida, har qanday baholash standarti xuddi koʻpaytirish jadvali singari har tomonlama qoʻllanadigan darajada universal emasligini taʼkidlab oʻtdi. Aslida ham shunday, u baholovchiga yordam berishi mumkin, biroq bunda baholovchidan nafaqat muayyan bilim va tajriba, balki nostandart fikr-mulohaza yuritgan holda baholashga oʻzgacha yondashuv yoʻllarini oʻylab koʻrish mahorati ham talab etiladi. Iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichida baholash faoliyati oldiga baholashda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, milliy standartlarni xalqaro standartlarga maksimal darajada yaqinlashtirish, baholash natijalarini xorijiy investorlar uchun yanada tushunarli boʻlishini taʼminlash, baholash xizmatlari sifatini yanada oshirish va mahalliy baholashning xorij bozorlariga olib chiqish imkoniyatini yaratish vazifalari qoʻyildi.

Xalqaro baholash standartlari quyidagi prinsiplarga asoslanadi: mustaqillik, xolislik, insoflilik, malakalilik va maxfiylik. Barcha koʻrsatib oʻtilgan prinsiplarga rioya etilgan holda milliy standartlar ishlab chiqilgan. Bunda 2020 yildagi soʻnggi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda 2017 yilgi tahrirdagi Xalqaro baholash standartlaridan foydalanilgan.

YaMBSning eng muhim jihati shundaki, u turli aktivlarni (biznes, koʻchmas mulk, nomoddiy aktivlar va intellektual mulk, mashina va uskunalar, tovar-moddiy zaxiralar, xususiylashtirish maqsadida davlat uy-joy fondini) baholash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy baholash standartlarini qoʻllash metodikasini oʻz ichiga oladi. Ushbu Metodika mukammal hisoblanmaydi. U Oʻzbekiston Respublikasi mol-mulkini baholashda minimal darajadagi zaruriy yondashuvlar va usullarni oʻz ichiga olgan. Baholovchilar baholash faoliyati va milliy baholash standartlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan, jahon amaliyotida qoʻllaniladigan boshqa yondashuv va usullardan foydalanishga haqlidir.

Hujjat 5.09.2020 yildan kuchga kiradi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ