| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi «PBT+» imtiyozli tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun rasmiy talabnoma yubordi

Oʻzbekistonning “PBT+” benefitsiar mamlakatlar roʻyxatiga kiritilishi YeIga eksportga yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshiradi.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi «PBT+» imtiyozli tizimining benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun rasmiy talabnoma yubordi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va mahalliy mahsulotlarning Yevropa bozoriga kirib borish sharoitlarini yaxshilash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqining “Preferensiyalar bosh tizimi+” (“PBT+”) benefitsiar mamlakat maqomini olish uchun tizimli ishlar olib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, respublikamizning “PBT+” benefitsiar mamlakatlar roʻyxatiga kiritilishi YeIga eksportga yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish va Yevropa bozorida mahalliy mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

Maʼlumot uchun: hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Preferensiyalarning bosh tizimidan (PBT) foydalanadi, unga koʻra, respublikamiz bojxona toʻlovlarisiz YeIga 3000 ga yaqin tovar pozitsiyalarini va kamaytirilgan stavkalar boʻyicha 3200 ta pozitsiyalarni eksport qilishi mumkin.

Agar Oʻzbekiston “PBT+” boʻyicha bir tomonlama tarif imtiyozlariga ega boʻlsa, oʻzbek ishlab chiqaruvchilari YeIga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilishi mumkin boʻlgan tovar pozitsiyalarining soni 6200 gacha oshadi.

Yevropa tomoni talablariga koʻra, «PBT+« imtiyozlarini olish uchun, manfaatdor mamlakat muayyan shartlarning bajarilishini taʼminlashi kerak, jumladan inson huquqlari va asosiy mehnat standartlari sohasida - 16 ta va atrof - muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasida - 11 ta, jami 27 xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va samarali amalga oshirishi lozim.

Hozirgi kunda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yuqoridagi shartlarni bajarish boʻyicha ishlarni amalga oshirish yakunlandi, xususan:

- Oʻzbekiston Respublikasi barcha 27 ta xalqaro konvensiyalarga qoʻshildi;

- ratifikatsiya qilingan konvensiyalar doirasidagi majburiyatlarning Respublika tomonidan bajarilishini baholash boʻyicha Yevropa Ittifoqi organlari tomonidan taqdim etilgan soʻrovnomaga batafsil javoblar tayyorlandi va yuborildi;

- joriy yilning aprel-may oylari mobaynida yuqorida qayd etilgan konvensiyalar boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar bajarilishini baholashni muhokama qilish uchun Yevropa Ittifoqi rasmiylari va ekspertlari bilan videokonferensiya shaklida bir qator uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbirlar natijalariga koʻra, Yevropa tomoni Oʻzbekistonning “PBT+” benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan dastlabki ijobiy xulosa qabul qilingani va Oʻzbekiston tomonidan rasmiy talabnoma yuborilishi mumkinligi haqida maʼlumot berdi.

Shu munosabat bilan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi komissiyasi Reglamenti bilan oʻrnatilgan talablarga muvofiq, “PBT+” Yevropa Ittifoqining preferensiyalar tizimiga kirish uchun Oʻzbekistoning rasmiy talabnomasi, konvensiyalar ratifikatsiya qilingani toʻgʻrisida maʼlumot va Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan majburiyat xatidan iborat hujjatlar toʻplami tayyorlandi va YeIga koʻrib chiqish uchun yuborildi.

Mamlakatimiz uchun “PBT+” benefitsiar maqomini olish barqaror oʻsish va eksport diversifikatsiyasi uchun mustahkam asos yaratadi, bu esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ