Oʻzbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda
Joriy yilning 6 oyi yakunlariga koʻra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz koʻrsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qoʻshma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqishga bagʻishlangan videoanjuman tarzida yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda joriy yilning 6 oyi yakunlariga koʻra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani taʼkidlandi. Ayni paytda eksport faoliyatiga 950 ta yangi korxona jalb etildi, xorijga yangi 85 ta nomdagi mahsulot yetkazib berish oʻzlashtirildi, shuningdek, qoʻshimcha 4 ta davlat bozoriga chiqildi.
Jahondagi iqtisodiy vaziyatning beqarorligi hamda global bozordagi talab va taklifning pasayishini eʼtiborga olib, joriy yilning ikkinchi yarmida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Respublika komissiyasiga pandemiya oqibatidagi tashqi omillar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatiga koʻrsatishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Keyingi yillarda Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari muttasil oshib bormoqda, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xarita”lari doirasida turli tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda amaldagi loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda investitsion hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

