| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi410 marta oʻqildi

Oʻzbekiston davlatga gʻallani majburiy sotish rejasini 25 foizga qisqartirdi

Barcha gʻalla yetishtiruvchilar uchun davlat buyurtmasi kamaytiriladi. 2020 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan don yetishtirish rejasini belgilash amaliyoti toʻliq bekor qilinadi.

Oʻzbekiston davlatga gʻallani majburiy sotish rejasini 25 foizga qisqartirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, boshoqli don yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish, qishloq xoʻjaligida mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan qulay agrobiznes muhitini yaratish orqali gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasidan voz kechish maqsadida Oʻzbekiston Prezidentining "Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra: birinchidan, 2020 yil hosili uchun barcha gʻalla yetishtiruvchilar uchun davlat byurtmasi oʻrtacha 25 foizgacha kamaytirilgan holda 2 mln 265 ming tn qilib belgilash taklif qilinmoqda.

2020 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan don yetishtirish rejasini belgilash amaliyoti toʻliq bekor qilinadi.

Tegishli vazirlik va idoralar bir oy muddatda 2020 yilda ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash uchun sotib olinadigan gʻallaning hududlar kesimidagi taqsimotini va saqlashga talabgor korxonalarning roʻyxatini shakllantiradi.

Ikkinchidan, 2021 yil hosilidan boshlab:

  • davlat tomonidan gʻallaga xarid narxini belgilash amaliyotidan toʻliq voz kechiladi;

  • davlat xaridi toʻliq bekor qilinadi hamda yetishtiriladigan gʻalla barcha isteʼmolchilarga birja savdolari orqali yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida erkin narxlarda sotiladi;

  • don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi gʻalla fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilinadi;

  • xoʻjaliklarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadida sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi;

  • jahon bozori, mintaqaviy birjalar narxlari tahlilidan kelib chiqib, hosil yilida kutilayotgan (indikativ) narxlar eʼlon qilib boriladi.

Uchinchidan, gʻalla yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.

2020 yil 1 iyundan boshlab:

a) fermer xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklarining gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 12 oy muddatgacha gʻalla umumiy qiymatining 40 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10%, 50 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 % stavkadan (shundan bank marjasi 2 %) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

  • kredit mablagʻlaridan erkin foydalaniladi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlanadi;

  • ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan gʻallachilik klasterlari tomonidan gʻallani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 mlrd. soʻmgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

  • milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10% punktidan koʻp boʻlmagan qismiga;

  • xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 % punktidan koʻp boʻlmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab- quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya beriladi;

  • gʻallani xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berilmaydi.

“Omborxona guvohnomasi” va “Agrar guvohnomasi” kabi moliyaviy hujjatlardan foydalanishni amaliyotga kiritishning huquqiy asoslari yaratiladi.

Toʻrtinchidan, don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish Jamgʻarma zimmasiga yuklatiladi va bugʻdoy oylik grafik asosida Jamgʻarma tomonidan birjada sotuvga qoʻyiladi.

Birja narxlari keskin oʻzgarganda, yaʼni uzluksiz 3 ish kuni mobaynida 20 % va undan ortiq miqdorda oshgan yoki pasaygan hollarda Jamgʻarmaga tasdiqlangan grafikka oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Beshinchidan, Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzdonmahsulot” AK tizimiga kiruvchi don korxonalarini 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich xususiy sektorga sotish

chora-tadbirlarini belgilash topshirilmoqda.

Oltinchidan, gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish boʻyicha Respublika kengashi tashkil etiladi.

Kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • gʻalla oʻrim - yigʻim davrida ichki bozorda shakllangan narxlardan kelib chiqib, xarid qilinadigan bugʻdoy narxini hamda xarid qilinadigan bugʻdoy hajmini belgilaydi;

  • Jahon bozori va mintaqa mamlakatlari birjalarida bugʻdoyning narxlari maqbul boʻlgan davrda markazlashgan tartibda (hukumatlararo shartnomalarga asosan) bugʻdoy import qilish masalasini operativ koʻrib chiqadi;

  • oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi.

(material toʻldirilmoqda)

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ