| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi101 marta oʻqildi

“Oʻzbekgidroenergo” AJ London birjasida obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan ana shu maqsadda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi hamda izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ London birjasida obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda

“Oʻzbekgidroenergo” AJ “Loyihalar fabrikasi”dan oʻrin olgan yangi GESlarni qurish, modernizatsiya qilish borasidagi investitsiyaviy loyihalarning amaliy ijrosida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlaridan davlat kafolatisiz kredit jalb qilish borasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) – keng qamrovli hisob-kitob operatsiyalarini qamrab oladi. Bunda, MHXS orqali aniq, majburiy qoidalar belgilanadi. MHXS moliyaviy hisobdorlik, MHXS tamoyillari hamda asosiy hisobotlar turlariga tayanadi. MHXSga muvofiq, aktivlar, majburiyatlar, kapital, daromad hamda xarajatlar moliyaviy hisobdorlikning asosiy elementlari hisoblanadi.

MHXSning asosiy tamoyillarini quyidagilar tashkil qiladi:

Ish haqini hisoblash. Bu tamoyil orqali pul mablagʻlari harakatlaridan qatʼi nazar, muayyan bir davr uchun hisoblangan holat namoyon boʻladi.

Uzluksiz harakat tamoyili. Jamiyatning yaqin kelajakda hech bir toʻsiqsiz ish faoliyatini davom ettirishi, tashqi investitsiyalarni toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etish va halqaro kreditlarni davlat kafilligisiz olish imkoniyatini yaratadi.

MHXSga muvofiq, hujjatlar 4 ta hisobotdan iborat boʻladi:

– korxonaning hozirgi moliyaviy holati boʻyicha hisobot;

– umumiy daromad boʻyicha hisobot;

– kapitalning oʻzgarib borishi boʻyicha hisobot;

– pul oqimlari harakati boʻyicha hisobot.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan ana shu maqsadda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi hamda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jamiyat tomonidan nafaqat xalqaro standartlar (MHXS) asosida moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, balki, Jamiyat va uning tizim korxonalarida MHXS asosida doimiy va uzluksiz hisobdorlik faoliyati yuritilmoqda. Ushbu jarayonga malakali, yetuk va tajribali mutaxassislar jalb etildi, deb maʼlum qilmoqda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati.

Ayni vaqtda, Jamiyat va tizim korxonalarining mol-mulklarini MHXSga oʻtkazish maqsadida, haqqoniy qiymatni aniqlash uchun “Grant Thornton Valuation” MChJ baholash tashkiloti bilan tegishli tartibda baholov ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Jamiyat va tizim korxonalarining moliyaviy hisobotlari MHXS asosida toʻlaqonli yuritilishini tasdiqlash maqsadida, butun dunyo tan olgan, jahonning audit tashkilotlari toʻrtligiga kirgan “PricewaterhouseCoopers” MChJ auditorlik tashkiloti jalb etildi.

Eng muhimi, Prezidentimizning tegishli topshiriqlariga asosan, xalqaro kredit reytingini olish uchun, jahon moliyaviy bozorida tan olingan, kuchli uchlikka kiruvchi reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi bilan izchil ishlar olib borilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida “Oʻzbekgidroenergo” AJning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida xalqaro kredit reytingiga ega boʻlishi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 29 yilligida milliy gidroenergetika tarmogʻining oʻziga xos yutugʻidir.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakat, bu kabi izlanishlar zamirida xalqaro kredit reytingini olish, davlat kafolatisiz toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlarni jalb qilish hamda yaqin kelajakda London birjasida obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilmoqda.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasida MHXSga oʻtish ushbu yoʻnalishda milliy iqtisodiyot tarixida yangi sahifa ochish bilan barobardir. Zero, mazkur xalqaro kredit reytingiga hozirga qadar yurtimizda energetika tizimida faoliyat yurituvchi biror-bir aksiyadorlik jamiyatlari ega emas. Bu esa, oʻz navbatida, Jamiyatning moliyaviy hisobotlari MHXSga muvofiq buxgalteriya hisobining milliy standartlari boʻyicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etilishini anglatadi.

Shu oʻrinda, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi korxonalar Oʻzbekistonda birinchilar qatorida “ISO 50001 Energetika menejment tizimlari” xalqaro standartini joriy etishga muvaffaq boʻlganligini qayd etish joiz.

OʻzDSt ISO 50001:2019 “Energetika menejmenti tizimi. Qoʻllash boʻyicha talab va yoʻriqnomalar” milliy muvofiqlik standartlari boʻyicha sertifikatlar ilk marotaba energetika tizimida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarga taqdim etilgan.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ