| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi105 marta oʻqildi

May oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonuni kuchga kiradi

Qonunda maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish tartibi koʻrsatib oʻtilgan.

May oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonuni kuchga kiradi

“Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun ushbu sohada davlat boshqaruvi organlari vakolatini belgilaydi. Mazkur hujjatda maxsus iqtisodiy zonalarning(MIZ) tasniflari, ularning ishtirokchilariga beriladigan huquq va imtiyozlar hamda sohaga doir munosabatlarning tartib qoidalari keltirib oʻtilgan.

Avvalo MIZlarning tasnifiga toʻxtalib oʻtamiz:

- erkin iqtisodiy zona (EIZ) – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga faol jalb etish, shuningdek, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni taʼminlash maqsadlarida tashkil etiladigan hudud;

- maxsus ilmiy-texnologik zona – innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) toʻplangan hudud;

- turistik-rekreatsion zona – zamonaviy turistik infratuzilma obʼyektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sogʻlomlashtirish, savdo-koʻngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi obʼyektlarni), maxsus faoliyat koʻrsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga xizmat koʻrsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni taʼminlagan holda barpo etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan hudud;

- erkin savdo zonalari - konsignatsiya omborlari, maxsus bojxona va soliq rejimlari boʻlgan hududlar, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni oʻrab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalar. Ular chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yoʻl bogʻlanmalarida yoki boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi;

- maxsus sanoat zonasi – boshqaruv, xoʻjalik va moliyaviy faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud, zarur maʼmuriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish zonalarini oʻz ichiga oladi;

Qonunda maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini oʻzgartirish va uni tugatish tartibi, shuningdek, boshqarish masalalari (maʼmuriy kengashning faoliyat koʻrsatishi) atroflicha bayon etilgan.

Hujjatda har bir zona uchun umumiy va alohida talablar belgilangan. Xususan, maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish taʼqiqlanadi. Masalan, qurol va oʻq-dorilar, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va hokazo. Shuningdek, qonunda investitsiya buyurtmanomasini berish va koʻrib chiqish, investitsiya bitimini tuzish, muddatini uzaytirish va tugatish jarayoni belgilangan.

Qonunning alohida bobi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga bagʻishlangan boʻlib, ularning huquq va majburiyatlari, ular tomonidan maqomni olish, yoʻqotish va mahrum qilish tartib tamomillari qayd etilgan.

MIZ ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari ham nazarda tutilgan. Soliqlar boʻyicha imtiyozlar va ularni qoʻllash tartibi Soliq kodeksida belgilangan. Shuningdek, bojxona toʻlovlaridagi imtiyozlar ham koʻrsatilgan, xususan, ishtirokchilar quyidagi holatlarda bojxona toʻlovini toʻlashdan ozod etiladi:

- mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona toʻlovlarini (bundan QQS va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno);

- tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha texnologik uskunalarning oʻxshashi bizda ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno);

- ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar olib kirilganda (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno).

Bundan tashqari, MIZ ishtirokchilari tovarlarni import qilganda QQSni 120 kungacha muddatga kechiktirib toʻlashga haqli. Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil boʻlgan QQSning oʻrni ularga 7 kun davomida soddalashtirilgan tartibda qoplab beriladi. Toʻlangan QQS summasi MIZ ishtirokchilariga respublika byudjetidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qoplab beriladi.

Mazkur qonun kuchga kirgunga qadar EIZlar direksiyalari tomonidan roʻyxatga olingan EIZlar ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat oʻtguniga qadar saqlab qolinadi.

Qonun 2020 yilning 19 may kuni kuchga kiradi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ