Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari
Toshkentda 25 noyabr kuni “Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarish salohiyati, savdo va barqaror rivojlantirish maqsadlari” mavzusida mintaqaviy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Toshkentda 25 noyabr kuni “Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarish salohiyati, savdo va barqaror rivojlantirish maqsadlari” mavzusida mintaqaviy konferensiya boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi shafeligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, Yevropa Ittifoqi, Osiyo taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Qudratov, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻziga xos rivojlanish strategiyalarini uzviy hamkorlikda amalga oshirish, bunda savdo va iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar bandligini taʼminlash, yashil iqtisodiyotni joriy etish, gender tengligiga erishishdek ezgu maqsadlarning roʻyobga chiqarilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ekani taʼkidlandi. Tadbir doirasida Oʻzbekistondagi islohotlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, qulay biznes va investitsiya muhitini yaratish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar eʼtirof etildi. Soʻnggi uch yilda mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmi muntazam oʻsib borayotgani, Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 10 mingdan ortgani, Jahon banki tomonidan eʼlon qilingan reytingda Oʻzbekiston keyingi bir yil ichida 69 pogʻona yuqorilagani qayd etildi. Konferensiya shuʼba majlislarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishga yoʻnaltirilgan istiqbolli yoʻnalishlar, mavjud tahdidlarning atroflicha tahlili, ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy qishloq xoʻjaligi biznesini yoʻlga qoʻyish meʼyorlari, oʻzaro savdo amaliyotini soddalashtirish kabi qator muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bojxona, savdo va bozor maʼlumotlari, barqaror rivojlanish klasteri, iqtisodiy tadqiqotlar va mintaqaviy hamkorlik, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha xalqaro ekspertlar maʼruzalari tinglandi. Soʻnggi yillarda mintaqa davlatlari oʻrtasida savdo aloqalarini kengaytirish, sohada ilgʻor tajriba almashish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish kabi muhim yoʻnalishlarda oʻzaro fikr almashishda mazkur konferensiya qulay platforma vazifasini oʻtayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tadbir yakunida Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, savdo, iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, ushbu jarayonni global iqtisodiy taraqqiyot sharoitida amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib olindi. Manba: OʻzA
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

