| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes1 daqiqada oʻqiladi142 marta oʻqildi

Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada eng yaxshi va yomon xizmat koʻrsatayotgan banklar nomi maʼlum boʻldi

Soʻrovnomada ishtirok etgan respondentlar 5 ta bankning xizmat koʻrsatish sifatini boshqa banklarga nisbatan “yaxshi”, 8 ta bankda esa koʻrsatilayotgan xizmatlar “qoniqarli”, 6 ta bankning xizmatlarini “qoniqarsiz” deb baholagan.

Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada eng yaxshi va yomon xizmat koʻrsatayotgan banklar nomi maʼlum boʻldi

Markaziy bank Toshkent shahrida mijozlarga xizmat koʻrsatish sifatini baholash yuzasidan bank xizmatlari isteʼmolchilari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qilgan.

Mazkur soʻrovnoma tijorat banklari mijozlari bilan yuzma-yuz savol-javoblar shaklida oʻtkazilib, unda 1 092 ta respondent ishtirok etdi (450 nafar jismoniy shaxs va 642 nafar tadbirkorlik subʼyekti).

Tijorat banklarida bank xizmatlarini koʻrsatish sifatini baholash yuzasidan soʻrovnoma 4 ta mezon (ishonchlilik, koʻnikma, hozirjavoblik hamda mijozlarni qoʻllab-quvvatlash) asosida oʻtkazildi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, isteʼmolchilar tomonidan 5 ta bankda (Ipak yoʻli bank, Aziya Alyans bank, Invest Finans bank, Oriyent Finans bank, Kapitalbank) xizmat koʻrsatish sifati boshqa banklarga nisbatan “yaxshi”, 8 ta bankda esa (Oʻzsanoatqurilishbank, Oʻzmilliybank, Trastbank, Hamkorbank, Aloqabank, Ipoteka-bank, Turonbank, Asaka bank) koʻrsatilayotgan xizmatlar “qoniqarli” deb baholandi.

Shuningdek, respondentlar fikriga koʻra, Poytaxtbank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Agrobank, Xalq banki va Davr-bank tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarning ehtiyojlarini “qoniqtirmaydi”.

Natijalar bank xizmatlari isteʼmolchilarining soʻrovnoma davomida bildirilgan fikrlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan va Markaziy bankning pozitsiyasi hisoblanmaydi.

Markaziy bank banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash boʻyicha tadbirlarni bank xizmatlari isteʼmolchilari oʻrtasida davriy soʻrovnomalar oʻtkazish orqali davom ettiradi hamda oʻrganish natijalarini Markaziy bankning kommunikatsiya kanallari orqali keng jamoatchilikka taqdim etadi.

Kelgusida Markaziy bank tomonidan tijorat banklarida bank xizmatlarini koʻrsatish sifatini baholash vositalarini kengaytirish, shu jumladan, “sirli mijoz” mexanizmidan foydalanish hamda sohaga ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ