Markaziy bank: Koronavirus sababli asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi
Markaziy bank asosiy stavkaning yillik 16 foiz darajasi oʻzgarishsiz qoldirilishini tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi va koronavirus sabab tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohladi.

Markaziy bank Boshqaruvining 2020 yil 5 martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu qaror tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bogʻliq boʻlgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlanadi.
Markaziy bank hisob-kitoblariga koʻra inflyasiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda, 2020 yilning ikkinchi yarmida tariflar oʻsishining inflyasiyaga taʼsiri pasayib boradi va yil oxirida inflyasiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi.
Oʻtgan yillardagi inflyasiya xususiyatining tahlili shuni koʻrsatadiki, davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar va xizmatlar narxlarining muntazam tizimli ravishda oshirib kelinishi inflyasiyaning asosiy omillaridan boʻlgan. Taʼkidlash joizki, ushbu sohalarda narxlar shakllanishining bozor tamoyillarini joriy qilishni kechiktirish keyinchalik ham narxlarni har yil oshirib borishni talab qiladi. Bu, oʻz navbatida, qoʻshimcha inflyasion bosimni yaratishda davom etadi va 2023 yilga kelib inflyasiya boʻyicha maqsadli koʻrsatkichga – targetga erishishni qiyinlashtiradi.
Narxlarning oʻzgartirishni bir bosqichda amalga oshirish orqali bozor tamoyillarini joriy etilishi inflyasiyaga maʼlum darajada qisqa muddatli taʼsir koʻrsatishi mumkin, biroq bu, oʻz navbatida, ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish yoʻlidagi muammolarni bartaraf etishga, respublika hududlarida energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga hamda tovarlar va xizmatlar taklifi hajmining koʻpayishiga xizmat qiladi.
Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. 2020 yilning fevral oyida yillik inflyasiya yanvar oyiga (14,3 foiz) nisbatan 0,8 foiz bandga va 2019 yilning dekabr (15,2 foiz) oyiga nisbatan 1,7 foiz bandga pasayib, 13,5 foizni tashkil qildi.
2020 yil fevralda bazaviy inflyasiya 2019 yil dekabrga nisbatan solishtirganda 1,4 foiz bandga pasayib, 12,5 foizlik darajagacha tushdi.
Inflyasiya darajasining pasayishiga, birinchi navbatda, fundamental omillar, jumladan, iqtisodiyotni kreditlash hajmi va byudjet xarajatlarining oʻsish surʼatlarining sekinlashuvi, shuningdek, 2019 yilda yuzaga kelgan bir martalik omillar (oʻtgan yil yanvar oyida QQSga tortiladigan bazaning kengayishi, avgust oyida milliy valyuta kursining devalvatsiyasi hamda energiya resurslari narxining oshishi, oktyabr oyida un va non narxining erkinlashtirilishi) taʼsirining qisqarishi sabab boʻldi.
Mavsumiy tebranishlarning taʼsirining kamayishi joriy yilning yanvar-fevral oylarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror boʻlishiga xizmat qildi va ushbu guruh narxlarining oʻsishi 2,4 foizni tashkil qildi (2019 yilning yanvar-fevral oylarida 4,9 foiz).
Saqlash infratuzulmasining kengayishi va issiqxonalar tarmogʻining rivojlanishi hisobiga qish oylarida meva va sabzavotlar narxining keskin oshishi kuzatilmadi. Xususan, 2019 yilning yanvar-fevral oylarida mevalar 15,6 foizga, sabzavotlar 13,8 foizga oshgan boʻlsa, joriy yilda narxlar oʻsishi qariyb ikki barobarga pasayib, mos ravishda 7,7 foiz va 6,3 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, bugʻdoy uni va non mahsulotlari narxlarining bozor sharoitlariga moslashib borishi natijasida ularning INIga taʼsiri sezilarli darajada pasaydi va non mahsulotlarining ulushi 0,08 foiz bandni tashkil qildi (2019 yil yanvar-fevral oylarida 0,2 foiz band).
Mazkur davrda goʻsht va goʻsht mahsulotlari narxlarining oʻsishi 2019 yilning yanvar-fevral oylaridagi kabi (2,3 foiz) boʻlib, inflyasiyaga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.
2020 yil yanvar-fevral oylarida nooziq-ovqat tovarlari narxining oʻsishi 0,8 foizni (2019 yilning mos davrida - 2 foiz), xizmatlar tariflarining oshishi 0,6 foizni tashkil qilib, 2019 yilning mos davriga nisbatan (1,3 foiz) ikki barobarga sekinlashdi.
Aholining va tadbirkorlik subʼyektlarining inflyasion kutilmalari, 2019 yil IV choragidagi oʻsishdan soʻng, 2020 yil yanvar-fevralda sezilarli darajada pasaydi. Xususan, aholi va tadbirkorlik subʼyektlarining oʻrta muddatli kutilmalari 2019 yil dekabr oyidagi 18 foiz va 18,1 foizdan 2020 yil fevral oyida mos ravishda 15,5 foiz va 16,3 foizgacha pasaydi.
Pul-kredit sharoitlari moʻʼtadil fiskal siyosat sharoitlari, iqtisodiyotga kredit quyilmalari qoldigʻining yuqori boʻlmagan darajada oʻsishi va pul-kredit siyosati bozor instrumentlarining faol qoʻllanilishi taʼsirida shakllandi.
Pul-kredit siyosati instrumentlari yangi qatorining joriy etilishi banklararo pul bozori oʻrtacha tortilgan foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasiga yaqinlashishiga sharoit yaratdi (yanvar oyida 15,8 foiz va fevral oyida 15,2 foiz).
Joriy yil boshidan Markaziy bank tomonidan 1,75 trln. soʻmlik qisqa muddatli obligatsiyalar muomalaga chiqarildi, 2 trln. soʻmlik byudjet mablagʻlari Markaziy bank depozitiga jalb etildi va bu bank tizimi likvidligida mavjud tarkibiy profitsitni qisqartirishga yordam berdi.
Fevral oyida Markaziy bank tijorat banklariga REPO operatsiyalari orqali 53 mlrd. soʻmlik va SVOP operatsiyalari orqali 261 mlrd. soʻmlik likvidlikni taqdim etdi. Ortiqcha likvidlikni jalb etish maqsadida 110 mlrd. soʻmlik ikki haftalik depozit auksionlari va 310 mlrd. soʻmlik overnayt depozitlari jalb etildi.
2020 yilning yanvar-fevral oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning oʻsish surʼati 2019 yilning mos davriga (6,0 foiz) nisbatan 3,5 foiz bandga pasayib 2,5 foizni tashkil etdi.
Kredit portfeli umumiy oʻsish surʼatining pasayishiga qaramasdan bozorning turli segmentlarida kreditlarning oʻsish dinamikasi turlicha boʻldi.
Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi isteʼmol va ipoteka kreditlari segmentida yuqori oʻsish surʼati (5,2 foiz) kuzatildi (umumiy kredit portfeli oʻsishining 38 foizini tashkil qildi). Ushbu kreditlar boʻyicha foiz stavkalarning nisbatan yuqori boʻlishiga qaramasdan, ularga boʻlgan talabning yuqoriligi quyidagilar bilan izohlanadi:
isteʼmol kreditlar bozori nisbatan yangi boʻlganligi uchun uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan yuqori talab;
isteʼmolchilar moliyaviy savodxonlik darajasining yuqori emasligi;
eng asosiysi, mamlakatda bir necha yillar davomida yuqori inflyasiya kuzatilganligi sababli, iqtisodiyotda yuqori foiz xarajatlarini qaytarishning qiyin boʻlmasligi toʻgʻrisidagi fikrlarning saqlanib qolishi.
Xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkalarining nisbatan past ekanligi ushbu kreditlar hajmining 3,4 foizga oshishiga sabab boʻldi.
Ushbu tendensiyaning davom etishi aholini kreditlash va xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarni oldini olish hamda qarz yukining muvofiq darajasini saqlab turish maqsadida makroprudensial choralari qoʻllab boriladi.
Umuman, joriy yilning yanvar-fevral oylarida fuqarolarning milliy valyutaga boʻlgan ishonchi ortib borishi davom etdi.
Yanvar-fevral oylarida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli omonatlari 9,4 foizga oshdi, xorijiy valyutadagi omonatlar esa deyarli oʻzgarmadi.
Iqtisodiyotga qoʻshimcha pul yoʻnaltirish (byudjet xarajatlari, kreditlar) surʼatining moʻʼtadillashishi ichki valyuta bozorida talabning muvozanatlashuviga imkon yaratdi.
Agar 2019 yilning IV choragida soʻmning almashuv kursi 0,7 foizga qadrsizlangan boʻlsa, 2020 yilning yanvar-fevral oylarida nisbatan barqaror dinamikani namoyon qildi. Mazkur tendensiya inflyasiyaga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatdi.
Byudjet xarajatlari va iqtisodiyotni kreditlash hajmini qisqartirish boʻyicha amalga oshirilgan choralar muayyan darajada importga boʻlgan talabning muvozanatlashuviga olib keldi. Xususan, 2020 yilning yanvar oyida importning yillik oʻsish surʼati 23 foizgacha (2019 yilning yanvar oyida 43 foiz, fevral oyida 40 foiz) sekishlandi.
Noaniqlik va xatarlar. Jahon iqtisodiyotida koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiy muammolar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham muayyan darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Bunda taʼsir koʻlami jahon iqtisodiyotidagi xatarlarning davomiyligi bilan baholanadi.
Isteʼmol savatchasida sezilarli ulushga ega boʻlgan Xitoydan import qilinadigan ayrim tovarlar hajmining qisqarishi ichki bozorda narxlarga maʼlum bosimni yuzaga keltirishi mumkin.
Ichki narxlar darajasiga “koronavirus” taʼsirining bir martalik qisqa muddatli boʻlishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Xitoydan import qilinadigan tovarlar boʻyicha qoplanmagan talab ichki ishlab chiqarishning kengayishi va boshqa davlatlardan yangi import yoʻnalishlarining yoʻlga qoʻyilishi orqali qoplanadi va natijada oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorlashadi.
Ichki bozorda goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabning sezilarli oshishiga nisbatan taklif hajmining nomuvofiq oʻsishi narxlarga maʼlum darajada bosim yaratadi.
Chorvachilik sohasini tubdan rivojlantirish va bu uchun zarur boʻlgan ozuqa bazasini shakllantirish orqali ichki bozorni uzluksiz goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash, maʼlum bir vaqtni talab qiladi. Shu bilan birga, boshqa davlatlardan (Belarus, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻizston) goʻsht importining yetarli darajada emasligi, shuningdek, goʻsht importi narxining oshishi oʻrta muddatli istiqbolda goʻsht narxiga taʼsir koʻrsatadi.
Yana bir bor taʼkidlash lozimki, transport infratuzilmasini, bozorlarda raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz gaz va elektr energiya bilan taʼminlash sohalarida zaruriy tarkibiy islohotlarni amalga oshirish inflyasiya darajasi barqaror pasayishining asosiy omillaridan hisoblanadi.
Inflyasiya prognozi. 2020 yilning yanvar-fevral oylarida inflyasiyaning pasayib boruvchi tendensiyasi kreditlarning yuqori oʻsishni oldini olish va fiskal intizomning kuchaytirilishi orqali iqtisodiyotda inflyasiya bosimini va inflyasiyaga nomonetar omillar taʼsirini pasaytirish, xususan tartibga solinadigan energiya resurslari narxlarini erkinlashtirish jarayonini kelgusi yillarga qoldirmasdan amalga oshirish mumkinligini koʻrsatdi.
Bunda, inflyasiya darajasini prognoz doirasida ushlab turish quyidagilar omillar hisobiga taʼminlanadi:
umumiy fiskal balans taqchillik, OʻTTJ daromad va xarajatlari muvozanatlashuvini taʼminlagan holda, 2020 yilda tasdiqlangan parametrlarga (YaIMga nisbatan 2,7 foiz) toʻliq mos boʻlishini taʼminlash;
banklar kredit portfelining moʻʼtadil oʻsish surʼati, yaʼni YaIMning nominal hajmi oʻsish surʼatidan oshmaydigan (25 foiz atrofida) darajada boʻlishi hamda kelgusi davrda kredit bozorida segmentlashuv darajasining pasayishi bilan pul-kredit siyosatining joriy sharoitini saqlab qolish;
tashqi qarzning muvozanatli oʻsishi, xususan, xorijiy valyutadagi kreditlar oʻsishi va iqtisodiyotdagi qarz yukining muvozanatlashuvi hamda dollarizatsiya darajasining pasayishi.
Bunda, Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar taʼsirida inflyasiyaning omillari va xatarlari xususiyatini chuqur oʻrganishda davom etadi hamda inflyasiya prognoz dinamikasining shakllanishidan kelib chiqib asosiy stavka darajasi boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha asosiy majlisi 2020 yilning 23 apreliga rejalashtirilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

