Markaziy bank: Joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi umumiy inflyasiya darajasidan yuqori boʻldi
Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi isteʼmol tovarlariga boʻlgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentyabr-oktyabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari taʼsiri bilan izohlanmoqda.

Joriy yil oktyabr oyida isteʼmol narxlari yuqori inflyasion bosim sharoitida shakllanib, oʻtgan oyga nisbatan 1,4 foizga oshdi. Narxlarning oshishiga, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sentyabr oyiga nisbatan 2,3 foizga qimmatlashishi sabab boʻldi. Yanvar-oktyabr oylarida respublika boʻyicha inflyasiya darajasi 7,8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi (10 foiz) umumiy inflyasiya darajasidan yuqori, nooziq-ovqat tovarlari (6,9 foiz) va xizmatlar narxlari oʻzgarishi (5,2 foiz) esa past darajada shakllandi. Joriy yilning oʻtgan 10 oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori oshishiga karantin sharoitida birlamchi isteʼmol tovarlariga boʻlgan talabning sezilarli darajada oshishi hamda sentyabr-oktyabr oylarida ayrim tovarlar narxlariga taklif omillari taʼsiri bilan izohlanadi.
Bunda, oktyabr oyi davomida tuxum (17,7 foizga), oʻsimlik yogʻi (11,2 foizga), paxta yogʻi (13,6 foizga), shakar (9,8 foizga) hamda sabzavot mahsulotlari narxlarida mavsumiy (5,8 foizga) yuqori oʻsish kuzatildi. Yilning yanvar-oktyabr oylarida, Toshkent shahrida narxlar oʻrtacha 10,9 foizga, Toshkent viloyatida 8,2 foizga, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida mos ravishda 8,1 va 8 foizga oshib, respublika umumiy koʻrsatkichidan yuqori shakllangan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Andijon, Namangan hamda Fargʻona viloyatlarida inflyasiya respublika koʻrsatkichidan pastroq darajada shakllandi. Umuman olganda, oktyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,5 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga (16,3 foiz) nisbatan 4,8 foiz bandga sekinlashdi. Yillik inflyasiya darajasining pasayishi, asosan, 2019 yilning avgust oyidagi tartibga solinadigan narxlar oshirilishi taʼsirlarining tugab borishi bilan izohlanadi.
Oziq-ovqat tovarlari 2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida oziq-ovqat tovarlari narxlari respublika boʻyicha oʻrtacha 10 foizga qimmatlashib (oʻtgan yilning mos davrida 11,4 foiz), umumiy inflyasiya darajasiga nisbatan yuqori boʻldi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahri (13,2 foiz) va Jizzax viloyatida (11 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi respublika boʻyicha umumiy koʻrsatkichdan yuqoriroq, Surxondaryo viloyatida (7,7 foiz) va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (7,8 foiz) esa pastroq darajani qayd etdi. Bunda, ushbu davrda oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida goʻsht va yogʻ-moy mahsulotlari, guruch, shakar, tuxum, sabzavotlar, xususan, kartoshka hamda sabzi narxi sezilarli darajada qimmatlashdi.
Goʻsht mahsulotlari
Joriy yilning dastlabki 10 oyida goʻsht mahsulotlari narxi respublika boʻyicha oʻrtacha 15 foizga, shundan, mol goʻshti 18,2 foizga va qoʻy goʻshti 22,1 foizga qimmatlashdi. Bunda, avgust oyining ikkinchi yarmidan karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida kechikkan talabning yuzaga chiqishi (umumiy ovqatlanish sohasi faoliyatining tiklanishi hamda aholi orasida toʻy va boshqa marosimlar oʻtkazilishiga ruxsat berilishi) hamda chorva ozuqasi narxining qimmatlashishi ushbu mahsulotlar narxlariga oshiruvchi bosimni yuzaga keltirdi.
Maʼlumot uchun: joriy yil oktyabr oyida birja savdolariga qoʻyilgan sheluxa yil boshiga nisbatan 36,5 foizga (1 612 soʻmdan 2 200 soʻmgacha), paxta shroti narxi esa 16,4 foizga(2 750 soʻmdan Z 200 soʻmgacha) qimmatlashdi. Goʻsht mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirishda asosiy eʼtibor goʻsht taklifini oshirish, xususan, yirik chorvachilik fermalarini tashkil etish, chorva ozuqasini arzonlashtirish hamda goʻsht mahsulotlari importida raqobat sharoitlarini yaxshilash va xarajatlarni kamaytirishga qaratilishi lozim.
Shakar mahsuloti
Taʼkidlash lozimki, shakar narxi yil boshiga nisbatan respublika boʻyicha oʻrtacha 15,7 foizga oshdi va narxlar oʻsishining asosiy qismi sentyabr-oktyabr oylariga toʻgʻri keldi. Bunda, ichki bozorda taklif bilan bogʻliq boʻlgan muammolar shakar mahsulotlari narxi oshishining asosiy omillaridan boʻldi. Hududlar kesimida, shakar narxining eng yuqori oʻsishi Navoiy viloyatida (20,4 foiz) qayd etilgan boʻlsa, eng past oʻsishi Surxondaryo viloyatida (11,1 foiz) kuzatildi. Jahon bozorida shakar narxining pasayishi hamda shakar eksport qiluvchi asosiy davlatlarda ishlab chiqarish hajmining oshishi fonida mamlakatimizga ushbu mahsulotni import qilish sharoitlarining yaxshilanishi kelgusida shakar narxining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilishi mumkin.
Bugʻdoy uni
2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida bugʻdoy uni respublika boʻyicha oʻrtacha 12,9 foizga qimmatlashdi. Pandemiya davrida asosiy oziq-ovqat tovarlariga, xususan, bugʻdoy uniga ham talabning keskin oshishi natijasida mart-may oylarida ushbu tovar narxida yuqori oʻsish kuzatildi. Tahlillar mamlakatimizda va asosiy savdo hamkor davlatlar – Rossiya hamda Qozogʻistonda joriy yilgi bugʻdoy hosilining kutilgandan koʻproq boʻlganligini, kelgusida ushbu mahsulot narxining yuqori oshishiga sabab boʻladigan omillarning yoʻqligini koʻrsatmoqda.
Guruch
Joriy yilning dastlabki 10 oyida guruch narxi respublika boʻyicha oʻrtacha 13,2 foizga oʻsdi. Hududlar kesimida guruch narxining eng yuqori oʻsish darajasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida (19,3 foiz) va eng past oʻsish darajasi Surxondaryo viloyatida (7,8 foiz) kuzatildi. Tadbirkorlar hamda guruch yetishtiruvchi dehqonlar bilan olib borilgan oʻrganishlarda, bu yilgi mavsumda suv tanqisligi kuzatilganligi sababli guruch hosili kutilgan hajmidan sezilarli darajada kam boʻlganligi qayd etildi. Bu, oʻz navbatida, kelgusida ushbu mahsulot narxiga maʼlum darajada qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirishi mumkin.
Yogʻ-moy mahsulotlari
2020 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida yogʻ-moy mahsulotlari narxlari respublika boʻyicha oʻrtacha 20,2 foizga, xususan, oʻsimlik yogʻi 23,9 foizga, paxta yogʻi 24,2 foizga qimmatlashdi. Bunda, yogʻ-moy mahsulotlari narxlari oshishi, asosan, sentyabr-oktyabr oylarida kuzatildi. Narxlar oshishiga joriy yilda ob-havo sharoitlarining noqulay kelishi natijasida kungabaqor hosilining kamayishi, yogʻ mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining qisqarishi sabab boʻldi. Yogʻ-moy mahsulotlari importida raqobat sharoitlarining yaxshilanishi va yetkazib beruvchilar tarkibining diversifikatsiya qilinishi kelgusida narxlarni pasaytiruvchi omillardan boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Meva va sabzavotlar
Kuzatilayotgan davr mobaynida meva va sabzavotlar narxlari umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi omil sifatida xizmat qilib, yil boshiga nisbatan 3,3 foizga pasaydi. Xususan, sabzavotlar respublika boʻyicha oʻrtacha 20,5 foizga arzonlashgan boʻlsa, mevalar 4,3 foizga qimmatlashdi. Hududlar kesimida, sabzavot narxlarining eng yuqori arzonlashishi Surxondaryo viloyatida (33,8 foiz) kuzatilgan boʻlsa, eng past arzonlashish Xorazm viloyatida (12,5 foiz) qayd etildi. Shu bilan birga, mevalar narxlarining respublika boʻyicha eng yuqori oʻsishi Toshkent shahrida (20,6 foiz) va eng past arzonlashish koʻrsatkichi Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatild. Meva va sabzavotlar narxi yuqori mavsumiylik xarakteriga ega boʻlib, avvalgi yillardagi trendiga asosan kelgusi oylarda ushbu mahsulotlar narxlarining mavsumiy qimmatlashishini kutish mumkin.
Kartoshka
2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida, aholi tomonidan kartoshka mahsulotiga yuqori talab saqlanib qolganligi sababli isteʼmol tovarlari orasida eng yuqori oʻsishni (35,5 foiz) qayd etdi. Xususan, yuqori oʻsish surʼatlari Toshkent shahrida (67,7 foiz) kuzatilgan boʻlsa, Fargʻona (15,1 foiz) va Buxoro (19,5 foiz) viloyatlarida oʻsish nisbatan pastroq boʻldi.
Tuxum
Taʼkidlash lozimki, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tuxum narxida sezilarli oʻsish kuzatilib, narx oʻzgarishlari, asosan, sentyabr-oktyabr oylariga toʻgʻri keldi. Bunga, asosan, parranda ozuqasi narxlarining sezilarli darajada qimmatlashishi hamda tuxumga boʻlgan talabning mavsumiy oshishi sabab boʻldi. Tuxum narxi barqarorligini taʼminlash masalasi parrandachilik ozuqa bazasini arzonlashtirish yoʻnalishida tizimli ishlarni amalga oshirishni talab etadi.
Nooziq-ovqat tovarlari
2020 yil yanvar-oktyabr oylarida, nooziq-ovqat tovarlari narxlari respublika boʻyicha 6,9 foizga oshib (oʻtgan yilning mos davrida 9,5 foiz), umumiy inflyasiya darajasidan past boʻldi. Joriy yilning dastlabki 10 oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻzgarishi Toshkent shahri (9,9 foiz) va Toshkent viloyatida (7,7 foiz) respublika darajasidan yuqoriroq hamda Xorazm (4,6 foiz) va Namangan viloyatlarida (5,4 foiz) pastroq darajada shakllandi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu davrda nooziq-ovqat tovarlari narxlari qimmatlashishiga taʼsir koʻrsatgan asosiy omillar dori-darmon, qurilish mollari, sement, avtomobil uchun yoqilgʻi, yuvish va tozalash vositalari, kiyim-kechak hamda maishiy texnika vositalari narxlarining qimmatlashishi boʻldi.
Dori-darmonlar
Joriy yilning dastlabki 10 oyida dori-darmon vositalari narxlarida yuqori oʻsish tendensiyasi kuzatildi. Bunda, pandemiyaning boshlangʻich davrida dori-darmon, vitaminlar hamda antiseptik vositalariga boʻlgan talab sezilarli darajada oshgan boʻlsa, soʻnggi oylarda shamollashga qarshi dori vositalariga boʻlgan talabning mavsumiy koʻpayishi kuzatilmoqda. Xususan, yil boshidan dori-darmon mahsulotlari respublika boʻyicha oʻrtacha 11,5 foizga qimmatlashgan boʻlsa, aptiseptik vositalari narxlari 18,1 foizga oshdi. Hududlar kesimida dori vositalari narxlarining nisbatan yuqori oʻsishi Toshkent shahrida (20,5 foiz) va pastroq oʻsishi Namangan viloyatida (6,9 foiz) qayd etildi. Kuz-qish mavsumida dori-darmon mahsulotlariga boʻlgan talabning yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida, kelgusida ushbu mahsulotlar narxlarining oshishi kuzatilishi mumkin.
Qurilish mollari
2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida nooziq-ovqat tovarlari tarkibida qurilish mollari narxi ham yuqori oʻsishni qayd etdi va respublika boʻyicha yil boshiga nisbatan 11 foizga qimmatlashdi. Bunda, import va taklif omillari taʼsirida sement mahsuloti narxining yil boshiga nisbatan 26,9 foizga oshganini taʼkidlash joiz. Qurilish materiallari narxidagi oʻzgarishlar, asosan, avgust oyiga toʻgʻri kelib, karantin cheklovlarining yumshatilishi natijasida qurilish sohasidagi ishlarning kengayishi talabning sezilarli oshishiga sabab boʻldi. Biroq, qish mavsumining yaqinlashishi bilan qurilish ishlarining sekinlashishi qurilish mahsulotlari narxlarda oʻsish surʼatlarining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Avtomobillar uchun yoqilgʻi
Joriy yilda avtomobillar uchun yoqilgʻi mahsulotlari narxlari jahon bozorida neft narxining pasayishi va ushbu sohaga xorijiy operatorlarning kirib kelishi natijasida raqobat muhitining yaxshilanishi fonida shakllandi. Xususan, joriy yilning dastlabki 10 oyida respublika boʻyicha avtomobillar uchun yoqilgʻi mahsulotlari narxi oʻrtacha 3,3 foizga oʻsdi (2019 yilning mos davrida 21,6 foizga oʻsgan). Hududlar kesimida ushbu mahsulotlar narxining eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Qashqadaryo viloyatida (9,2 foiz) va eng past oʻsish surʼati Fargʻona viloyatida (4 foiz) qayd etildi. Shu bilan birga, avtomobillar uchun yoqilgʻi mahsulotlaridan, propan narxi yil boshiga nisbatan respublika boʻyicha oʻrtacha 34 foizga qimmatlashdi. Bunda, kuz-qish mavsumi uchun aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonining boshlanishi ushbu mahsulot narxiga qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirmoqda. Talabning yuqoriligi sababli ushbu mahsulot narxidagi oʻsuvchi tendensiya kelgusi oylarda ham saqlanib qolishi mumkin.
Maishiy texnika
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida maishiy texnika vositalari narxi respublika boʻyicha oʻrtacha 4,1 foizga oshdi. Hududlar kesimida, Jizzax viloyatida maishiy texnika vositalari respublikaning boshqa viloyatlariga nisbatan yuqoriroq darajada qimmatlashdi va 9,8 foizni tashkil etdi. Samarqand hamda Fargʻona viloyatlarida esa ushbu tovarlar narxlari nisbatan pastroq darajada qimmatlashib, 2 foizni tashkil etdi.
Xizmatlar
2020 yilning yanvar-oktyabr oylari mobaynida xizmatlar narxlari respublika boʻyicha 5,2 foizga qimmatlashib (oʻtgan yilning mos davrida 14,2 foiz), umumiy inflyasiya darajasiga nisbatan pastroq boʻldi. Xizmatlar sohasida narxlar oʻzgarishi Toshkent shahri (7,9 foiz) hamda Buxoro (5,9 foiz) viloyatida respublika koʻrsatkichidan yuqoriroq, Jizzax (3,8 foiz) va Surxondaryo (2,9 foiz) viloyatlarida esa pastroq darajada shakllandi.
Bunda, xizmatlar sohasida narxlar oshishiga taʼsir koʻrsatgan asosiy omillari sifatida tibbiy xizmatlar, xususan, laboratoriya xizmatlari, yoʻlovchi transporti, yoʻnalishli taksi hamda maishiy xizmatlar narxlarining qimmatlashishini keltirish mumkin.
Tibbiy xizmatlar
Pandemiya sharoitida tibbiy xizmatlarga, ayniqsa, tibbiy laboratoriya xizmatlariga boʻlgan talab keskin ortdi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida tibbiy xizmatlar narxlari respublika boʻyicha oʻrtacha 8,5 foizga, tibbiy laboratoriya xizmatlari esa 11,4 foizga qimmatlashdi. Pandemiya bilan bogʻliq noaniqliklarning saqlanib qolishi hamda qish mavsumida tibbiy xizmatlarga boʻlgan talabning mavsumiy ortishi natijasida kelgusida ushbu xizmatlar narxlarining yanada qimmatlashishiga sabab boʻlishi mumkin.
Yoʻlovchi transport xizmatlari
Kuzatilayotgan davr mobaynida yoʻlovchi transporti xizmatlari narxlari respublika boʻyicha oʻrtacha 9,9 foizga qimmatlashdi. Hududlar kesimida ushbu xizmatlar narxining nisbatan yuqori oʻsishi Andijon (15,2 foiz) va Samarqand (14,2 foiz) viloyatlarida hamda pastroq oʻsishi Surxondaryo (4,1 foiz) va Xorazm (5,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Shuningdek, mazkur davrda yoʻnalishli taksi (14,4 foiz) va yoʻnalishsiz taksi (13,8 foiz) xizmatlari narxida ham sezilarli oʻsish kuzatildi. Mazkur holat, maʼlum maʼnoda, karantin choralarining qoʻllanilishi sababli jamoat transporti harakatining cheklanishi oqibatida taksi xizmatlariga boʻlgan talabning oshganligi bilan izohlanishi mumkin. Kelgusi oylarda yoqilgʻi narxlarining mavsumiy qimmatlashishi hamda qish oylarida aholi tomonidan taksi xizmatlariga boʻlgan talabning oshishi hisobiga, ushbu xizmatlar narxlarida oʻsish kuzatilishi mumkin.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

