Markaziy bank ilk marta turmush darajasi va inflyasiya haqida maʼlumot berdi
Markaziy bank aholi oʻrtasida xarajatlar va daromadlar boʻyicha soʻrov oʻtkazib, ularga inflyasiyaning taʼsirini oʻrgandi. Kam daromadli aholi xarajatlarining katta qismi oziq-ovqat, kam qismi taʼlim va transport kabi xizmatlarga sarflangan.

Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan hududlar kesimida daromadlari darajasi boʻyicha tasniflangan aholi guruhlariga nisbatan inflyasiyaning taʼsiri oʻrganilib, axborot-tahliliy maʼlumot berildi.
Xususan, uy xoʻjaliklari xarajatlari va daromadlari boʻyicha soʻrov (UXDS) natijalari hamda hududlar kesimidagi isteʼmol narxlari indeksi (INI) maʼlumotlari asosida uy xoʻjaliklari daromadlari va xarajatlari oʻsishi tahlil qilindi. Shuningdek, olingan natijalar asosida INI va yashash qiymati oʻrtasidagi tafovutlar oʻrganildi.
Soʻrov natijalarida aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, uy xoʻjaliklari daromadlarining taqsimlanishida respondentlarning asosiy qismi — 38,7 foizi oyiga 2−4 mln soʻm daromadga ega boʻlganlar guruhiga kiradi:

Har xil daromadga ega uy xoʻjaliklari guruhlari xarajatlari tarkibidagi tafovut tahlili kam daromadga ega boʻlgan uy xoʻjaliklari yuqori daromadli guruhlarga qaraganda oʻz xarajatlarining koʻproq qismini oziq-ovqat mahsulotlariga va kamroq qismini nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar (yaʼni transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqalar)ga sarflaydilar:

Daromad darajasining oʻsib borishi bilan isteʼmol tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi sezilarli darajada pasaymoqda. Daromadlari 6 mln soʻm va undan yuqori boʻlgan uy xoʻjaliklarining isteʼmol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushining daromadi 2 mln soʻmdan past boʻlgan uy xoʻjaliklarinikiga qaraganda oʻrtacha 26 foiz bandga kam.
Respondentlarning yosh guruhlari boʻyicha tahlil, keksalar tomonidan daromadlarining koʻproq qismini (oʻrtacha 80 foizini) oziq-ovqat mahsulotlariga, yoshlar tomonidan esa — nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlariga sarflanishini koʻrsatdi.

Bunda 30−55 yoshdagi aholining xarajatlari 30 yoshgacha boʻlgan yosh guruhiga nisbatan 18 foiz, 55 yoshdan oshgan aholiga nisbatan 63 foizga koʻproq.
30−55 yoshdagi aholi isteʼmoli tarkibida nooziq-ovqat tovarlari ulushining nisbatan yuqori boʻlishi ushbu guruh vakillari kommunal xizmatlar va boshqa moliyaviy majburiyatlarning asosiy toʻlovchilari ekanligi bilan izohlanadi.
Hududiy inflyasiya koʻrsatkichlari
Olingan maʼlumotlarga koʻra, hududlar kesimida inflyasiya darajasi respublika boʻyicha oʻrtacha darajadan sezilarli farq qiladi.

Mamlakat boʻylab yuqori daromadli hududlarda nisbatan yuqori inflyasiya darajasi kuzatilmoqda. Toshkent shahri, Toshkent va Buxoro viloyatlari kabi yuqori daromadli hududlarda (Navoiy viloyatidan tashqari) inflyasiya darajasi respublika boʻyicha oʻrtacha umumiy inflyasiya darajasidan yuqori shakllangan. Ushbu hududlar aholisi respublika umumiy aholisining 30 foizini tashkil etadi.
Uy xoʻjaliklari nisbatan past daromadga ega boʻlgan hududlar, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi inflyasiya darajasi mamlakatdagi oʻrtacha inflyasiya darajasiga nisbatan past hisoblanadi. Mazkur hududlarda mamlakat umumiy aholisining 27 foizi istiqomat qiladi.
Aksariyat hududlarda past daromadga ega oʻzbekistonliklar nisbatan yuqori inflyasiya darajasini sezganlar.
Daromadlari 1−2 va 2−4 mln soʻm atrofida boʻlgan uy xoʻjaliklari daromadlari 6 mln soʻm va undan koʻproq boʻlganlarga nisbatan 0,6−1,4 foiz bandga yuqoriroq inflyasiya darajasini sezganlar.
2019 yilda oziq-ovqat inflyasiyasi 18,6 foizni tashkil etgan va mos ravishda nisbatan kam daromadli guruhlar xarajatlarining katta qismi oziq-ovqatlarga sarf qilinishi natijasida ularda yuqori inflyasiya sezilgan.
Shuningdek, kam daromadli aholi guruhlari yil davomida nooziq-ovqat tovarlari narxlari oʻsish darajasining pasayishidan kamroq manfaat koʻrishdi. Yuqori daromadli hududlarda yashovchi kam daromadli uy xoʻjaliklari yashash qiymatining koʻproq oʻsishiga duch kelmoqdalar, deyiladi tahlilda:

Oylik sezilgan inflyasiya dinamikasi ham daromad darajasi turlicha boʻlgan uy xoʻjaliklari oʻrtasida sezilarli darajada farq qiladi. Bunda kam daromadli uy xoʻjaliklarining isteʼmol toʻplamida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi yuqoriligi sababli, ushbu uy xoʻjaliklariga mavsumiy oʻzgarishlar oqibatida yuzaga keladigan oziq-ovqat inflyasiyasi yanada kuchliroq taʼsir etadi.
2019 yil avgust oyida valyuta kursi devalvatsiyasi tufayli narxlarning oshishi yuqori daromadli uy xoʻjaliklari tomonidan koʻproq sezildi, chunki ular nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlarini sotib olishga koʻproq pul sarflashadi.
Umuman olganda, eng yuqori va eng past daromadga ega guruhlar uchun sezilgan inflyasiya darajalari tafovuti 1,5 foiz bandni tashkil etadi.
Bundan tashqari, oylik inflyasiya darajasida mavsumiy omillar sababli oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasayganda past daromadli oilalar kamroq inflyasiyani sezadilar.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida 2019 yilda aholining umumiy daromadlari 21,9 foizga oshdi va umumiy xarajatlarning oʻsishi ham shunga mutanosib darajada oʻsdi.
Tadqiqot maʼlumotlari daromad darajasi nisbatan yuqori aholi guruhlarida (daromadlari 3 mln soʻmgacha boʻlgan uy xoʻjaliklari bundan mustasno) umumiy daromadlar ularning umumiy xarajatlari miqdoridan yuqoriligini koʻrsatmoqda va bu uy xoʻjaliklariga oʻz daromadlarining bir qismini tejash imkonini beradi.
Shu bilan birga, UXDS maʼlumotlarining batafsil tahlili quyidagilarni koʻrsatmoqda:
Xarajatlari miqdori daromadlaridan yuqori boʻlgan uy xoʻjaliklari. Bu guruhga pul koʻrinishidagi daromadlariga nisbatan koʻproq xarajat qiladigan, asosan kam daromadli guruhga mansub uy xoʻjaliklari kiradi va isteʼmolining maʼlum qismini uy sharoitida yetishtirishi yoki xarajatlarning bir qismini qisqa muddatli qarz majburiyatlari bilan qoplashi bilan izohlash mumkin.
Nisbatan kam daromadli va yuqori darajadagi moliyaviy majburiyatli uy xoʻjaliklari. Mazkur uy xoʻjaliklarining moliyaviy majburiyatlari, shu jumladan, kredit toʻlovlari ancha yuqori darajada. Natijada nisbatan kam miqdordagi tejashga ega boʻlgan ushbu uy xoʻjaliklari narxlar va daromad darajasidagi oʻzgarishlarga (shoklarga) juda taʼsirchan hisoblanadi.
Qatʼiy belgilangan daromad oluvchi uy xoʻjaliklari. 2019 yilda aholining yalpi real daromadlari 6,5 foiz darajasida oʻsgan boʻlsa-da, daromadlarining real oʻsishi kam boʻlgan yoki umuman oʻsmagan aholi guruhi mavjud (nafaqadagilar yoki qatʼiy belgilangan daromad oluvchilar).
Umuman olganda, tadqiqot natijalariga koʻra, uy xoʻjaliklari tomonidan seziladigan inflyasiya darajasi xarajatlar tarkibi va narxlarning oʻzgarishiga qarab farq qiladi.
Xususan, yuqori darajada shaharlashgan hududlarda istiqomat qiluvchi kam daromadli uy xoʻjaliklari yuqori darajadagi inflyasiyani sezadilar.
Umumlashtirilgan holda yashash qiymatining oʻsish darajasi oʻrtacha daromadlar oʻsishiga mutanosib boʻladi. Ayni paytda alohida guruhlar boʻyicha tahlillar, yashash qiymatining oʻsishiga juda taʼsirchan boʻlgan aholi guruhlari mavjudligini koʻrsatdi, xususan:
xarajatlari miqdori umumiy daromadlaridan yuqori boʻlgan uy xoʻjaliklari;
kam daromadli va yuqori darajadagi moliyaviy majburiyatlarga ega uy xoʻjaliklari;
qatʼiy belgilangan daromad oluvchi uy xoʻjaliklari, shu jumladan, nafaqa oluvchilar.
Xulosa
Inqirozli vaziyat va cheklov choralari sharoitida, aholining past darajada daromad oladigan qatlamlari asosiy isteʼmol tovarlar narxlari oʻzgarishiga kuchliroq taʼsirchan boʻladi. Past daromad oladigan aholining asosiy qismi iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyat yuritishi hisobga olinsa, iqtisodiy faollikning pasayishi, birinchi navbatda, ularning daromadlariga taʼsir koʻrsatadi.
Shu sababli, yashash qiymati masalasi joriy vaziyatda muhim ahamiyat kasb etadi va past darajada daromad olayotgan aholi farovonligini oshirish uchun samarali chora-tadbirlar ishlab chiqishni taqozo etadi.
Qisqa muddatga moʻljallangan chora-tadbirlar:
bozorlarni yashash uchun muhim boʻlgan isteʼmol tovarlari bilan taʼminlash hamda tovarlar taklifini ragʻbatlantirish va yetkazib berish zanjirini tashkil etish orqali ular narxining keskin oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik;
ishga layoqatsiz shaxslar, shu jumladan, yolgʻiz ona va nogironligi boʻlgan shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish va muhim isteʼmol mahsulotlari bilan taʼminlash;
ishsiz yoki kam taʼminlanganligi sababli sharoiti ogʻir boʻlgan mehnatga layoqatli shaxslarga malaka oshirish yoʻli bilan yangi ish oʻrinlari yaratgan va sharoitlarni yaxshilagan tadbirkorlarni ragʻbatlantirish;
qishloq joylarda agrar sohani isloh qilish orqali yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish.
Uzoq muddatga moʻljallangan chora-tadbirlar:
davlat va xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlari hisobiga oliy oʻquv yurtlarida kam taʼminlanganlar uchun kvota joylarini ajratish orqali «ijtimoiy koʻtarilish» institutini yaratish;
aholini maqbul uy-joy va jamoat transporti bilan taʼminlash, moliyaviy taʼlim va aholining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish;
zamonaviy taʼlimni moliyalashtirishni kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalari, injenerlik, biotibbiyot va boshqa shu kabi zamonaviy mutaxassisliklarga yoʻnaltirish;
kam taʼminlangan oilalar uchun maktab-gimnaziyalar sonini koʻpaytirish va bolalarni sifatli oʻrta taʼlim bilan taʼminlash.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

