Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi
Ushbu qaror real foiz stavkalar ijobiyligini saqlab qolish, yuzaga kelgan vaqtinchalik inflyasion xatarlar fonida, iqtisodiy faollikni yanada ragʻbatlantirish uchun qulay sharoitlarning yaratilishi va oʻrta muddatli davrda inflyasiya dinamikasining yanada sekinlashishi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga qaratilgan.

Markaziy bank inflyasiyaning yil yakuni boʻyicha prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻradi.
Asosiy stavka boʻyicha kelgusidagi qarorlar inflyasiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi.
Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. Joriy yilning sentyabr oyida yillik inflyasiya darajasi 11,7 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yoz mavsumi davomida narxlar oʻsishining sezilarli sekinlashishidan soʻng sentyabr oyida inflyasiyaning maʼlum darajada tezlashishi kuzatildi.
Joriy yil sentyabr oyida inflyasiya surʼatlari avgustga nisbatan tezlashdi. Inflyasiyaning tezlashishi, asosan, karantin cheklovlari bekor qilinganidan soʻng yalpi talabning tiklanishi, mavsumiy omillar va ayrim asosiy tovarlar narxlarining oʻsishi bilan bogʻliq boʻldi.
Meva va sabzavotlar narxlarining yillik oʻsishi sentyabr oyida 13,9 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyasiya darajasi esa, aksincha, pasayuvchi tendensiyaga ega boʻldi va yillik 11,9 foizgacha pasaydi.
Sentyabr oyining soʻnggi oʻn kunligi hamda oktyabr oyida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining (shakar - 19,9 foizga, kungaboqar yogʻi - 17,9 foizga, un - 2,6 foizga) oʻsishi sezilarli darajada tezlashdi. Bu, oʻz navbatida, taklif omillarini tartibga solish boʻyicha choralar ishlab chiqish, xususan, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarning jahon bozorlaridagi narxlari va mahalliy narxlar oʻrtasidagi nomutanosibliklarni bartaraf etish zaruriyatini yuzaga keltiradi.
Bu borada amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni inobatga olib, inflyasiyani oshiruvchi ushbu omillarning taʼsiri qisqa muddatli xarakterga ega boʻlishi hamda uzoq muddatli inflyasiya trendiga sezilarli taʼsir koʻrsatmasligi kutilmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subʼyektlarining inflyasion kutilmalari joriy yilning avgust oyiga nisbatan sezilarli oʻzgarishlarsiz qoldi. Shu bilan birga, sezilgan inflyasiya darajasi va inflyasion kutilmalar amaldagi inflyasiyaga nisbatan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Oʻtkazilgan soʻrovlar natijalariga koʻra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning oshishini, birinchi navbatda, pandemiya taʼsiri, monopol tovar va xizmatlar narxlarining qimmatlashishi hamda raqobat muhitining yomonlashuvi bilan izohlashmoqda.
Iqtisodiy faollik. 2020 yilning III choragida iqtisodiy oʻsishning bosqichma-bosqich tiklanishi va iqtisodiy faollikning jonlanishi tendetsiyalari kuzatildi.
III chorak yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish I yarim yillikka nisbatan biroz tezlashib, 0,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, qisqa muddatli prognoz davrida iqtisodiy oʻsish dastlabki hisob-kitoblarga nisbatan past boʻlishi kutilmoqda. Bu uy xoʻjaliklari daromadlarining karantin davrida pasayganlligi, isteʼmoldagi ehtiyotkorona yondashuv va iqtisodiyot ayrim tarmoqlarining toʻliq tiklanmaganligi sababli oʻsish surʼatlarining inqirozdan oldingi darajasiga yetishi uzoqroq vaqt talab etishi bilan bogʻliq.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi 2,7 foiz bandga qisqargan boʻlsa, koʻrsatilgan xizmatlar hajmining oʻsish surʼati 1,8 foizgacha pasaydi. Qishloq xoʻjaligida esa, aksincha, ijobiy dinamika kuzatilib, oʻsish surʼati 2019 yilning mos davriga nisbatan tezlashdi va 3,4 foizni tashkil etdi.
Banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan oʻtkazmalarning umumiy soni iyul-avgust oylaridagi pasayishdan soʻng sentyabr oyida tiklana boshlandi va oʻtgan oyga nisbatan 6,3 foizga oshdi.
Avgust-sentyabr oylari davomida savdo va pullik xizmat koʻrsatish sohasida naqd pul tushumlari hajmi oʻsishining tiklanishi kuzatildi. Sentyabr oyida naqd pul koʻrinishidagi tushumlar va boshqa daromadlar hajmi oʻtgan oyga nisbatan 23,2 foizga oshgan boʻlsa (shu yilning yanvar oyiga nisbatan 5,9 foizga), oktyabr oyida oʻrtacha kunlik oʻsish surʼati sentyabrga nisbatan 6,3 foizni tashkil etdi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda iqtisodiyot tarmoqlarda kutilayotgan oʻsish tendensiyalari va 2019 yilning IV choragida oldingi choraklarga nisbatan iqtisodiy oʻsish surʼatlarining pastroq boʻlganligini hisobga olgan holda 2020 yil yakuni boʻyicha YaIM oʻsish surʼatining 1-1,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari. III chorakda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorida depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari foiz koridori doirasida shakllandi va sentyabr oyida yillik 14,8 foizni tashkil etdi.
Joriy yil sentyabr oyida asosiy stavkaning pasaytirilishi, pul bozoridagi operatsiyalar hajmining oshishi hamda foiz stavkalarning maqbul darajasini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan choralar iqtisodiyotda foiz stavkalarining bir maromda pasayib borishida oʻz aksini topdi. Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar joriy yil sentyabr oyida 19,8 foizgacha pasaydi.
Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi bank depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar esa sentyabr oyida 17,3 foizni va yuridik shaxslarniki boʻyicha 14,8 foizni tashkil etdi.
Joriy yil aprel oyidagi soʻm kursining toʻgʻrilanishidan soʻng almashuv kursi dinamikasi maʼlum bir tebranishlar bilan xarakterlnib, asosan xorijiy valyutaga boʻlgan ichki fundamental talab va taklif omillari taʼsirida shakllanmoqda. Joriy yil III choragida soʻmning almashuv kursi qariyb 1,5 foizga qadrsizlandi. 2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida esa almashuv kursi devalvatsiyasi 8,6 foizni tashkil etdi.
Xatarlar va noaniqliklar. Kelgusi oylarda, iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi xatarlarning yuzaga kelish ehtimolligi past darajada saqlanib qolmoqda.
Asosiy xatarlar pandemiyaning keng tarqalishi, cheklov choralarining joriy etilish koʻlami, asosiy savdo-hamkor davlatlarda ishbilarmonlik faolligining tiklanib borish tezligi hamda jahon bozoridagi narxlar konʼyukturasi bilan bogʻliq.
Mavsumiy omillar natijasida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishini yaqin istiqbolda inflyasiyani oshiruvchi omil sifatida yuzaga chiqishi mumkin va bunda kerakli hajmdagi tovarlar taklifini barqaror darajada taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarish zanjiri va logistika kanallarining sekinroq tiklanishi natijasida narxlarning oshishi xatari ham saqlanib qolmoqda.
Bunda, Markaziy bank ichki va tashqi sharoitlar taʼsirida inflyasiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan oʻrganishda davom etadi hamda inflyasiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqib, asosiy stavka boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

