Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi504 marta oʻqildi
Markaziy bank AQSh dollari kursining keskin oshishi borasida axborot berdi
Markaziy bank soʻnggi kunlardagi AQSh dollari kursining keskin oshishi borasida oʻz axborotni eʼlon qildi. Markaziy bank soʻm almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past darajada baholamoqda.
Joriy yil aprel oyida ichki valyuta bozorida soʻmning xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kursi tebranuvchanligining oshishi kuzatildi.
Xususan, soʻmning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oy boshiga nisbatan 1,8 foizga oshib, 9 762 soʻmni tashkil etdi (yil boshiga nisbatan 2,7 foizga). Maʼlumki, soʻmning birja kursining oʻzgarishi talab va taklifning ichki va tashqi omillari taʼsirida, birinchi navbatda, joriy operatsiyalar hisobvaragʻi oʻzgarishi asosida shakllanadi.
Koronavirus tarqalishini oldini olish boʻyicha hamkor davlatlarda va respublikamizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida savdo hamda investitsiyalar bilan bogʻliq operatsiyalarning sekinlashishi, oʻz navbatida, import-eksport hajmlarining qisqarishiga va mos ravishda ichki valyuta bozorida faollikning pasayishiga olib keldi.
Joriy yilning mart oyida eksport tushumlari hajmi oldingi oyga nisbatan 10 foizga kamaydi. Karantin choralari va iqtisodiy faollikning sekinlashishi, shuningdek, Rossiya va Qozogʻistonda milliy valyutalar kursining devalvatsiyasi tufayli transchegaraviy pul oʻtkazmalarida ham pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Joriy yil mart oyida mamlakatimizga kirib kelgan pul oʻtkazmalari hajmi 296 mln. dollarni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 23 foizga pasaygan boʻlsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida mart oyining mos davriga nisbatan 3 barobarga qisqardi.
Ushbu omillar jismoniy shaxslar bilan operatsiyalar segmentida soʻmning almashuv kursi boʻyicha maʼlum nisbatan kutilmalarning shakllanishiga olib keldi. Mart oyidan boshlab aholi tomonidan xorijiy valyuta sotib olish hajmining sezilarli darajada oʻsishi kuzatilmoqda.
Xususan, mart oyida jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hajmining oylik oʻsishi 45 foizni tashkil etgan boʻlsa, aprelning dastlabki 8 ish kunida sotib olish hajmi oʻtgan oyning mos davriga nisbatan 28 foizga koʻpaydi.
Yuqoridagi omillar, shuningdek, asosiy savdo hamkorlar milliy valyuta kurslarining sezilarli darajada qadrsizlanishi natijasida ichki valyuta bozorida milliy valyuta kursining maʼlum darajada qadrsizlanishi va shunga mos ravishda soʻmning asosiy savdo hamkorlar valyutalariga nisbatan real effektiv almashuv kursi tafovutining qisqarishi kuzatilmoqda.
Xususan, joriy yil mart oyidan boshlab Rossiya rublining AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10,3 foizga, qozoq tengesi – 12 foizga, turk lirasi – 7,6 foizga va qirgʻiz somi – 11,2 foizga qadrsizlandi.
Markaziy bank soʻm almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past darajada baholamoqda. Dastlabki prognozlarga koʻra, qisqa muddatli davrda soʻm almashuv kursi maʼlum bir kichik oʻzgarishlardan keyin oʻzining fundamental trendiga yaqin darajada shakllanadi.
Shu bilan birga, Markaziy bank tijorat banklari kassalarida konverciya operatsiyalarini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda naqd xorijiy valyuta mavjudligini va barcha banknotalar dezinfeksiya qilinganligini maʼlum qiladi. Banklarning ayirboshlash shaxobchalari odatdagi rejimda ishlamoqda va naqd xorijiy valyutani sotish va sotib olish boʻyicha hech qanday cheklov va toʻsiqlar oʻrnatilmagan.