| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes5 daqiqada oʻqiladi51 marta oʻqildi

Markaziy bank: Aholining goʻsht mahsulotlari uchun oʻrtacha oylik xarajatlari sezilarli darajada qisqargan

Markaziy bank aholi turmush darajasi va inflyasiya boʻyicha maʼlumot berdi. Unga koʻra, oylik daromadi 2 mln. soʻmgacha boʻlgan aholining oylik oʻrtacha goʻsht mahsulotlari xaridi I chorakka nisbatan 39,5 foizga kamayib, 164 ming soʻmni tashkil etgan.

Markaziy bank: Aholining goʻsht mahsulotlari uchun oʻrtacha oylik xarajatlari sezilarli darajada qisqargan

Markaziy bank joriy yil II chorak yakunlari boʻyicha uy xoʻjaliklarining daromadlari va xarajatlari, ularning tarkibi, koronavirus pandemiyasi va inflyasiyaning turmush darajasiga taʼsirini oʻrgandi.

Tahlillar Uy xoʻjaliklari daromadlari va xarajatlari boʻyicha soʻrov (UDXS)1 natijalari hamda hududlar kesimidagi isteʼmol narxlari indeksi (INI)2 maʼlumotlari asosida amalga oshirildi. Soʻrov natijalari boʻyicha oilaviy daromadlar tarkibi va undagi oʻzgarishlar guruhlarga boʻlib tahlil qilinganda, soʻrovnomada ishtirok etgan respondentlarning asosiy qismi – 35,0 foizi oʻrtacha 2-4 mln. soʻm oylik daromad ega ekanligini maʼlum boʻldi. Ushbu koʻrsatkich joriy yil I choragidagi soʻrovda 38,7 foizni tashkil etgan (1-rasm).

1-rasm. Uy xoʻjaliklarining daromad darajasi boʻyicha tasniflanishi

Respondentlarning 21 foizida oilaviy oʻrtacha oylik daromad 2 mln. soʻmgacha boʻlib, ushbu guruh ulushi I chorakka (8 foiz) nisbatan sezilarli darajada oʻsgan. II chorakdagi soʻrovda mazkur kam daromadli guruh ulushining sezilarli oʻsishi karantin cheklovlari taʼsirida norasmiy sektor va xizmatlar sohasida ish joylarining qisqarishi hisobiga aholi daromadlarining kamayganligi bilan izohlanadi.

Shuningdek, oʻrtacha 4-6 mln. soʻm daromadga ega uy xoʻjaliklarining ulushi ham I chorakdagi 31 foizdan II chorakda 22 foizgacha pasaydi. Soʻrovnomada ishtirok etgan jami respondentlardan 56 foizi pandemiya sababli oilaviy daromadlarining kamayganligini taʼkidlagan boʻlsa, 15 foizi daromadsiz qolganligini bildirgan. Shuningdek, respondentlarning 48 foizi pandemiya natijasida oilaviy jamgʻarmalari kamayganligini, 28 foizi esa oilaviy jamgʻarmasiz qolganligini taʼkidlagan (2-rasm).

2-rasm. Pandemiyaning uy xoʻjaliklari daromad va jamgʻarmalariga taʼsiri

Soʻrov maʼlumotlari asosida, uy xoʻjaliklarining ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga oʻrtacha oylik xarajatlari tahlil qilindi. Bunda, II chorakda barcha daromad guruhidagi aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha xarajatlari I chorakka nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Mazkur holat koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlarining kamayishi hamda xarajatlarning optimallashtirilishi bilan izohlanadi (3-rasm). Uy xoʻjaliklarining goʻsht mahsulotlari uchun oʻrtacha oylik xarajatlari II chorakda oldingi chorakka nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Xususan, oylik daromadi 2 mln. soʻmgacha boʻlgan aholining oylik oʻrtacha goʻsht mahsulotlari xaridi I chorakka nisbatan 39,5 foizga yoki 107 ming soʻmga kamayib, 164 ming soʻmni tashkil etgan. Mazkur farq oylik daromadi 2-4 mln. soʻm boʻlgan uy xoʻjaliklarida 161 ming soʻmga, daromadi 10 mln. soʻmdan yuqori boʻlgan uy xoʻjaliklarida 528 ming soʻmni tashkil etdi.

3-rasm. Uy xoʻjaliklarining ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga xarajatlari (ming soʻmda)

II chorakdagi karantin cheklovlari uy xoʻjaliklarining xizmatlar uchun xarajatlariga ham sezilarli darajada kamaytiruvchi taʼsir koʻrsatgan. Jumladan, ushbu chorakda uy xoʻjaliklarining transport xizmatlari boʻyicha xarajatlari oʻtgan chorakdagi oʻrtacha oylik xarajatlarga nisbatan – 16 foizga kamaydi (4-rasm).

4-rasm. Uy xoʻjaliklarining ayrim turdagi xizmatlar uchun oʻrtacha xarajatlari (ming soʻmda)

Kommunal toʻlovlar hamda internet va telefon uchun xarajatlar ham barcha daromad guruhlari uchun oʻrtacha – 2 foizga kamaygan boʻlib, karantin davrida mazkur toʻlovlarni kechiktirib toʻlash imkoniyatining yaratilganligi bilan izohlanadi.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlari asosida 2020 yilning yanvar-iyun oylari uchun aholi jon boshiga daromadlar hajmi va hududiy inflyasiya koʻrsatkichlari tahlil qilindi (5-6-rasmlar). Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil I yarim yillikdagi aholi daromadlari va inflyasiya darajasi boʻyicha koʻrsatkichlar hududlar kesimida bir-biridan sezilarli farq qiladi.

5-rasm. Hududlar kesimida 2020 yil yanvar-iyun oylarida aholi jon boshiga daromadlar hajmi (mln. soʻmda)

2020 yil I yarim yillikda respublika boʻyicha aholi jon boshiga oʻrtacha daromad 5,2 mln. soʻmni tashkil etib, faqatgina Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlari aholisining oʻrtacha daromadlari ushbu oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan. Qolgan barcha hududlarda aholi jon boshiga oʻrtacha daromad respublika boʻyicha oʻrtacha daromaddan kam boʻlgan. 2020 yil yanvar-iyun oylarida respublikamizda isteʼmol narxlari indeksi 4,6 foizga teng boʻldi. Hududlar kesimida Toshkent shahri, Buxoro, Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida inflyasiya darajasi oʻrtacha respublika inflyasiya darajasidan yuqori boʻlgan (6-rasm). Daromadlari yuqori boʻlgan hududlarda (Toshkent shahri, Buxoro va Toshkent viloyatlari) inflyasiya darajasining ham yuqori boʻlishi daromadlar oshishi va inflyasiya darajasi oʻrtasidagi ijobiy bogʻliqlikni koʻrsatadi.

Uy xoʻjaliklari nisbatan past daromadga ega boʻlgan hududlar, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Fargʻona, va Surxondaryo viloyatlaridagi inflyasiya darajasi mamlakatdagi oʻrtacha inflyasiya darajasidan pastroq boʻlib, mazkur hududlarda mamlakat umumiy aholisining 27 foizi istiqomat qiladi.

6-rasm. Hududlar kesimida 2020 yil I yarim yillikda isteʼmol narxlari indeksi (INI) boʻyicha inflyasiya darajasi (foizda)

I yarim yillikda oziq-ovqat tovarlari inflyasiyasi nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar inflyasiyasidan yuqori boʻlib, bunga karantin sharoitida aholi tomonidan asosan birlamchi ehtiyoj uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalariga nisbatan talabning yuqori boʻlganligi va boshqa xarajatlar (nooziq-ovqat mahsulotlari xaridi yoki xizmatlardan foydalanish) zaruriyat boʻlmaganligi sababli kechiktirilganligi bilan bogʻliq (6-rasm).

Oʻzbekistonda Ishbilarmonlik faolligi indeksining pasayishi qayd etildi

Soʻrov natijalariga koʻra, respublika boʻyicha bir oilaga toʻgʻri keluvchi oʻrtacha oylik daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi ijobiy farq 292 ming soʻmni tashkil etgan. Xususan: - Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Xorazm va Navoiy viloyatlarida ijobiy farqi 400 ming soʻmdan yuqorini; - Jizzax, Namangan, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlarida ijobiy farq 100-300 ming soʻm atrofida;

- Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ijobiy farq 100 ming soʻmdan kamni; - Surxondaryo viloyatida esa salbiy farq 172 ming soʻmni tashkil etdi (7-rasm).

7-rasm. Uy xoʻjaliklarining oylik oʻrtacha daromadlari va xarajatlari (hududlar kesimida, ming soʻmda)

Umuman olganda, soʻrovnoma natijalariga koʻra, uy xoʻjaliklari daromadlari va xarajatlari oʻzgarishini quyidagilar bilan izohlash mumkin:

  • koronavirus pandemiyasi va uning tarqalishiga qarshi karantin cheklovlarining joriy etilishi iqtisodiy faollikni pasaytirish bilan bir qatorda uy xoʻjaliklari daromadlariga taʼsir qilgan, ularning jamgʻarmalarining qisqarishiga va mos ravishda xarajatlarining optimallashishiga olib keldi;

  • karantin sharoitida aholi, birinchi navbatda, birlamchi ehtiyoj uchun zarur boʻlgan mahsulotlar – oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalariga xarajatlarni amalga oshirgan boʻlib, nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar isteʼmolini keskin kamaytirgan. Bunda, xizmatlar sohasidagi cheklovlar hamda buyum bozorlarining yopilishi maʼlum darajada taʼsir koʻrsatgan;

  • uy xoʻjaliklari tomonidan asosan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinishi, oʻz navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasining nisbatan tezlashishiga olib kelgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasining nisbatan yuqoriligi – aholi tomonidan inflyasiyaning yuqoriroq sezilishiga sabab boʻlgan.

  • Mazkur holat vaqtinchalik xarakter kasb etib, karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich yumshatilishi, bozorlarni meva-sabzavotlar bilan toʻyinishi hamda hududlar oʻrtasida oziq-ovqat logistikasining toʻliq qayta tiklanishi bilan oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorlashishi kutilmoqda;

  • hududlar kesimida daromadlar va inflyasiya darajasi turlicha boʻlib, bunda daromadlar miqdori yuqori boʻlgan hududlarda inflyasiya darajasi ham nisbatan yuqoriligi va aksincha, daromad darajasi nisbatan past hududlarda inflyasiyaning ham nisbatan past boʻlishi kuzatildi;

  • respublikamizning aksariyat hududlarida uy xoʻjaliklarining daromadlari bilan xarajatlari oʻrtasida ijobiy farq kuzatildi (Surxondaryo viloyatidan tashqari). Bunda, ushbu ijobiy farqning I chorakka nisbatan 47 foizga yoki 258 ming soʻmga qisqarganligi, umuman olganda mazkur chorakda aholining daromadlariga nisbatan xarajatlarining tezroq surʼatlarda oʻsganligi bilan izohlanadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ