Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekistonning byudjeti qanday oʻzgardi?
Moliya vazirligi 2020 yil I chorak yakunlari boʻyicha Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisida axborot tahliliy sharhni taqdim etdi.

2020 yil I chorak yakunlariga koʻra Davlat byudjeti daromadlari 28,5 trln soʻmni, xarajatlari esa 27,7 trln soʻmni tashkil etib, davlat byudjeti profitsiti 0,8 trln soʻmni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,5 foizni tashkil etdi.
Asosiy koʻrsatkichlar
Oʻzbekiston Davlat byudjetining 2020 yil I chorakdagi daromadlari 28,5 trln soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln soʻmga koʻproqni tashkil etdi. Byudjet daromadlari tarkibida 2020 yil I choragida soliq tushumlari 23,8 trln soʻmni tashkil etdi. Ular oʻtgan yilning I choragi bilan solishtirganda 5,3 trln soʻmga koʻpaygan. Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha mintaqalararo inspeksiya toʻliq faoliyat yurita boshladi va 15,4 trln soʻm yoki soliq organlari tomonidan maʼmuriylashtiriladigan barcha daromadlarning 65 foizi yigʻilishini taʼminlab berdi.
Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi pastladi
Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi 2020 yil I choragida byudjet daromadlarining tushumiga katta taʼsir koʻrsatgani yoʻq, sababi daromadlar asosan 2019 yilning dekabr — 2020 yilning fevral oylaridagi iqtisodiy faoliyat natijalaridan shakllantirildi, deyiladi Moliya vazirligining sharhida.
Masalan, joriy yilning birinchi choragida 4,8 trln soʻm miqdoridagi bojxona toʻlovlarining tushumi taʼminlandi, oʻtgan yilning xuddi shu davrida bojxona toʻlovlari tushumi — 3,4 trln soʻm boʻlgan edi. Bu tushumlar orasida eng katta ulushni quyidagilar tashkil etdi: import qilinadigan tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi — 3,8 trln soʻm, aksiz soligʻi — 0,2 trln soʻm, bojxona boji — 0,6 trln soʻm.
Soliqlar kesimida Davlat byudjeti daromadlarining asosiy ulushi quyidagilar hisobidan shakllantirildi: QQS — 7,2 trln soʻm (umumiy tushumlarning 25,4 foizi), foyda soligʻi — 6,3 trln soʻm (22,1 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi — 3,6 trln soʻm (12,5 foiz), yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq — 3,9 trln soʻm (13,6 foiz) va aksiz soligʻi — 3,2 trln soʻm (11,1 foiz).
Soliqlar tushumi
Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha joriy yil I choragidagi tushumlar (7,2 trln soʻm) oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirganda 0,5 trln soʻmga kamaydi. Tushumlar hajmining kamayishiga soliqning 20 foizdan 15 foizga pasaytirilishi, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinishi bilan 2020 yil 1 yanvardan yangi qoidalarning kuchga kiritilishi omil boʻldi.

Shu oʻrinda, soliqning nol stavkasini qoʻllaydigan korxonalarga QQSni qoplash amalga oshirilmoqda. Bunda joriy yilning I choragidagi qoplash summasi 1 trln soʻmdan koʻpni tashkil etdi.
Shu bilan birga, avtomobil sanoati korxonalariga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi hisobiga joriy yilning I choragida byudjetga qoʻshimcha tushumlar 350 mlrd soʻmni, shu jumladan import chogʻida — 150 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Foyda soligʻi boʻyicha tushumlar hisobot davrida taxminan 6,3 trln soʻmni tashkil etdi, bu 2019 yilning shu davridagiga nisbatan 3,9 trln. soʻmga koʻpdir. Tushumlarning oʻsishi umumiy iqtisodiy oʻsish (chorakdan chorakka) bilan bir vaqtda oltin qazib olish sanoati korxonalarining qariyb 3 trln. soʻmlik foyda soligʻi boʻyicha tushumlari hisobiga taʼminlandi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan mazkur soliqdan joriy yilning I choragida qariyb 3,6 trln soʻm kelib tushdi, oʻtgan yilning xuddi shu davrida 2,7 trln soʻm boʻlgan edi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining bazaviy stavkasi 12 foiz boʻlib oʻzgarishsiz qoldi. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oʻrnatilgan soliqning qatʼiy belgilangan miqdorlari (ilgari qatʼiy belgilangan soliq) ularga jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliq toʻlashni tanlash huquqini berish bilan 2020 yildan 25 foizga pasaytirildi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha tushumlar tarkibida ish beruvchilar (soliq agentlari) tomonidan bazaviy stavkada ushlab qolinadigan soliqlar 93 foizni tashkil qiladi. Tushumlarning yalpi hajmida dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlardan undiriladigan soliq ulushi 2 foizni, yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan soliq ulushi 3 foizni tashkil etadi.

Soliq solishning yassi stavkasining joriy etilishi, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar uchun ijtimoiy soliqning 25 foizdan 12 foizga pasaytirilishi, shuningdek eng kam ish haqining oshirilishi legal sektordagi mehnatga haq toʻlash fondini 37 foizga oshirishga turtki boʻldi. Qabul qilingan choralardan xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar ham yutishdi. Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalar uchun birgina ijtimoiy soliqning 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishi ular ixtiyorida 1 trln soʻm atrofida mablagʻ qolishini taʼminladi.
Aksiz soligʻi boʻyicha yalpi tushumlar joriy yilning I choragida taxminan 3,2 trln soʻmni, shu jumladan yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan neft mahsulotlari boʻyicha — 543,5 mlrd soʻmni, tamaki mahsulotlari boʻyicha — 395,8 mlrd soʻmni, alkogolli mahsulotlar boʻyicha — 335,4 mlrd. soʻmni, mobil aloqa xizmatlari boʻyicha — 334,9 mlrd soʻmni, polietilen granulalar boʻyicha — 56,9 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻi. Yer uchastkalari, mol-mulk va suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida 2020 yildan bozorlar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, shuningdek gastrol-konsert faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar quyidagilarni toʻlashga oʻtkazildi.

Joriy yilning I choragida yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi boʻyicha tushumlar 2019 yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 162,1 mlrd soʻmga kamaygan. Bu 2019 yil boshida mol-mulk soligʻi 2018 yil uchun hisob-kitoblarga binoan 5 foiz stavkada tushganligi bilan bogʻliqdir.
Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha tushumlar 2020 yilning I choragida oʻtgan yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 564,5 mlrd soʻmga oshib, 3,9 trln soʻmni tashkil etdi. Oʻsish quyidagi omillar bilan bogʻliq boʻldi:
qimmatbaho metallar bozorida oltinning narxi joriy yilning I choragida 2019 yilning I choragiga nisbatan 120 foizga oʻsishi;
qatʼiy belgilangan summada belgilangan soliq stavkalarining 15 foizga indeksatsiya qilinishi (xususan, tosh tuz (ovqatga ishlatiladigan), ohaktosh dolomitlar, marmar ushogʻi, gʻisht-cherepitsa xom ashyosi, qurilish qumlari va boshqalar);
foydali qazilmalarning alohida turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq belgilangan soliq stavkalaridan, lekin qatʼiy belgilangan summadan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanishi va toʻlanishi oʻrnatilganligi (xususan, tabiiy bezaktoshdan bloklar, tosh-shagʻal aralashmasi, ohaktosh-chigʻanliqlar va boshqalar). Keyingi ikkita omil boʻyicha qoʻshimcha tushumlar qariyb 40 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Davlat byudjetining xarajatlari ijrosi
Davlat byudjetining 2020 yil I chorakdagi xarajatlari 27,661 trln soʻmni yoki jami yillik tasdiqlangan xarajatlarning 21,1 foizini tashkil etdi. Shundan, respublika byudjeti xarajatlari 18,153 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, mahalliy byudjetlar orqali 9,508 trln soʻmlik xarajatlar moliyalashtirilgan.

Ijtimoiy soha xarajatlari
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 15,550 trln soʻm yoki umumiy xarajatlarning 56,6 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Ijtimoiy xarajatlarning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsishi 18,5 foizni tashkil etdi.

Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan taʼlim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 7,961 trln soʻm mablagʻ ajratildi. Shundan maktabgacha taʼlim muassasalarini saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 1,426 trln soʻm (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 450,5 mlrd soʻm yoki qariyb 1,5 baravarga koʻp), jumladan oziq-ovqat sotib olish xarajatlariga 162,6 mlrd soʻm (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 53,6 mlrd soʻmga yoki 1,5 baravarga koʻp) mablagʻlar ajratilgan.
Xususan, nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga amalga oshirgan xarajatlarini qisman qoplash uchun 134,5 mlrd soʻmlik subsidiyalar (2019 yil 1 choragida 6,9 mlrd soʻm) ajratilgan.

Ilm-fanni rivojlantirishga hisobot davrida 150,0 mlrd soʻm yoki ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlarning 1 foizi miqdorida mablagʻ ajratildi (2019 yil I choragida — 0,3 foiz).
Sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 3,883 trln soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1084,4 mlrd soʻmga (1,4 baravarga) koʻp mablagʻlar ajratilgan. Ajratilgan mablagʻning jami Davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 14 foizni (2019 yilda — 11,6 foiz) tashkil etdi. Jumladan, dori-darmonlar xarid qilish xarajatlariga 252,2 mlrd soʻm (2019 yilda — 189,9 mlrd soʻm) ajratilgan.
Bundan tashqari joriy yilning I choragida, sogʻliqni saqlash sohasiga tashkil etilgan “Inqirozga qarshi kurashish” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 343,6 mlrd soʻm mablagʻ ajratilganini ham alohida taʼkidlash oʻrinli, deyiladi sharhda.
Ushbu mablagʻlar quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun yoʻnaltirildi:
Qoraqalpogʻiston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlariga karantinda saqlanayotgan fuqarolarni saqlash, jamoat joylarini dezinfeksiya qilish va epidemik holati bilan kurashish boʻyicha boshqa tadbirlarga 82,7 mlrd soʻm;
Sanitariya — epidemiologiya osoyishtalik agentligiga shaxsiy himoya, dezinfeksiya, izolyasiya vositalari, test (PSR) diagnostikumlari, tibbiy texnika vositalarini xarid qilish uchun 123,5 mlrd soʻm;
Toshkent viloyatining Yuqori-Chirchiq tumanida aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi va Zangiota tumanida maxsus shifoxona qurilishi hamda Toshkent shahrida zamonaviy diagnostika laboratoriyasi kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 107,4 mlrd soʻm;
Oʻzbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashiga kam taʼminlangan xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlash uchun 30 mlrd soʻm.
Madaniyat va sport sohasiga Davlat byudjetidan 2020 yilning I choragida yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 541 mlrd soʻmni tashkil etib, ushbu xarajatlarning 249,2 mlrd soʻmi madaniyat sohasi, 291,8 mlrd soʻmi sport sohasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Koronavirus pandemiyasi kichik biznesga qanday taʼsir qildi?
Madaniyat va sport sohasiga yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 58,6 foizga oʻsgan. Buni quyidagilar bilan izohlash mumkin: Oʻzbekiston prezidentining qaroriga asosan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil etildi. Shuningdek, Milliy kutubxonaning 2020 yil shtatlar jadvalida 92 ta qoʻshimcha shtat birliklari ajratildi. Bu esa oʻz navbatida, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan xarajatlarni 18,2 mlrd soʻmga oshirgan.
Shuningdek, milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi doirasida badiiy film, hujjatli film va multiplikatsion filmni suratga olish, shuningdek, qisqa metrajli va bolalar yumoristik filmlarini suratga olish xarajatlariga joriy yilning I choragida 19,3 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 mlrd soʻmga koʻpdir.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlarining gonorar toʻlovlari, radio aloqa, radio eshittirish va televideniya markazi xizmati (SRRT) hamda boshqa amalga oshirilgan xarajatlar hisobiga oʻtgan yilgi raqamlarga nisbatan xarajatlar 24 mlrd soʻmga oshgan.
Oʻzbekiston Vazirlar mahkamasining qaroriga asosan sport maktablari hamda olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari ayrim xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2020 yil 1 yanvardan oʻrtacha 1,35 baravarga oshirilgan boʻlib, natijada sport maktablarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari boʻyicha xarajatlar 2019 yilning I choragiga nisbatan 58,3 mlrd soʻmga oshganligi sabab boʻlgan.
Ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya toʻlovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 1,668 trln soʻmni yoki oʻtgan yilning mos davrida ajratilgan mablagʻga nisbatan 293,6 mlrd soʻm koʻproq mablagʻ ajratildi, oʻsish 21,4 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotga amalga oshirilgan xarajatlar joriy yilning I choragida 3,158 trln soʻmni tashkil qilib, ushbu xarajatlar jami Davlat byudjetining I chorak xarajatlarining 11,4 foizini tashkil etdi. Iqtisodiyot xarajatlari asosan quyidagi yoʻnalishlarga amalga oshirildi:
suv xoʻjaligi ekspluatatsiyasi xarajatlari — 926,6 mlrd soʻm;
umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarni rivojlantirish xarajatlariga — 603,2 mlrd soʻm;
aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish xarajatlari — 438,1 mlrd soʻm;
ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish xarajatlariga — 180,2 mlrd soʻm;
uy-joy kommunal ishlariga — 166,1 mlrd soʻm;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash xarajatlariga — 82,1 mlrd soʻm;
Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish xarajatlariga — 47,7 mlrd soʻm.
Davlat hokimiyati, boshqaruv, adliya, prokuratura va sud organlari taʼminotiga hisobot davrida 1,781 trln soʻm yoki jami Davlat byudjeti xarajatlarining 6,4 foizi yoʻnaltirildi.
Davlat byudjeti ijrosining iqtisodiy tasnif boʻyicha ijrosini tahlili ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning jami xarajatlarning ulushi oʻtgan yilning 1 choragidagi 35,2 foizdan hisobot davrida 39 foizga yetganligini koʻrsatmoqda. Joriy yilning I choragi davomida byudjet tashkilotlarining qariyb 10,8 trln soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 2,3 trln soʻmdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirilishi taʼminlandi.
Shuningdek, hisobot davrida 1,6 trln soʻmlik kapital qoʻyilmalar va 12,8 trln soʻmlik boshqa xarajatlar moliyalashtirildi.

Joriy yilning I choragida subsidiyalar miqdorining oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oshishiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Pensiya jamgʻarmasiga 655 mlrd soʻm miqdorida transfert ajratilishi sabab boʻlgan.

Mahalliy byudjetlar ijrosi
Hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 113,2 foizga bajarildi yoki 6,263 trln soʻmni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 89,8 foizga ijro etilib, 9,508 trln soʻmni tashkil etdi. 2020 yilning I choragi davomida mahalliy byudjetlarda quyidagilar hisobidan 1 781,3 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha xarajat manbalari hosil boʻlgan:
2020 yil 1 yanvar holatiga shakillangan erkin qoldiq mablagʻlari 1 755,3 mlrd soʻm; — davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni sotishdan tushgan tushumlar (musodara) 11,8 mlrd soʻm;
davlat mulkini xususiylashtirish hisobidan tegishli byudjetga tushgan pul mablagʻlari miqdori 7,4 mlrd soʻm;
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari 6,8 mlrd soʻmni tashkil etib, mazkur daromadlar mahalliy hokimiyat organlarining mustaqil tasarruf etadigan qoʻshimcha mablagʻlari sifatida shakllandi.
Shakllangan qoʻshimcha manbalari hisobidan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklarining tegishli qaror (farmoyish) lari bilan turli tadbirlarni moliyalashtirish uchun 1,368 trln soʻmlik mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Xususan, mahalliy byudjetlarning erkin qoldiq, musodara, xususiylashtirish va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari hisobidan quyidagi xarajatlarga mablagʻ ajratildi:
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining 2019 yil ijrosidagi qarzdorliklari uchun — 193,0 mlrd soʻm;
hudud ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish Dasturlariga — 523,3 mlrd soʻm;
hududlarni obodonlashtirish xarajatlariga- 101,8 mlrd soʻm
harbiy-maʼmuriy sektor jamgʻarmasiga- 64,6 mlrd soʻm
Byudjet tashkilotlarining xoʻjalik xarajatlari va moddiy bazasini mustahkamlash uchun -114,5 mlrd soʻm yoʻnaltirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi 445-sonli qarori bilan moliya va soliq idoralari oʻzaro hamkorlik qilishi belgilab qoʻyilgan. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida moliya va soliq idoralari hamkorligida oʻtkazilgan monitoring va oʻrganishlar natijasida 2020 yil 1 aprel holatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga jami 125,9 mlrd soʻmlik qoʻshimcha daromadlar jalb qilindi. Jumladan:
jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan 40 446 ta turar va noturar-joy obʼyektlari xatlovdan oʻtkazish natijasida 9,9 mlrd soʻm;
44,544 ta jismoniy shaxslarning yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazish natijasida 12,9 mlrd soʻm;
davlat roʻyxatdan oʻtmasdan yakka tartibda faoliyat koʻrsatish boʻyicha 22 457 ta holat aniqlanib, 40,8 mlrd soʻm;
umumiy ovqatlanish korxonalarida oʻrganishlar oʻtkazilishi natijasida 1 235 ta holatda ishchi xodimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalari
boshqa faoliyatlar boʻyicha tashkil qilingan monitoring, xatlov va oʻrganish davomida jami 15 250 ta holatda 53,1 mlrd soʻm byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalarga qoʻshimcha daromadlar zaxiralari aniqlangan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

