Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, davlat organlari qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonunlarga toʻliq muvofiq boʻlishini taʼminlash, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish Dasturni amalga oshirishning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, qarorga muvofiq 2020 yil 1 martdan boshlab:
aholi maskanlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkaziladi;
jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin 1 kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi;
2020 yil 1 apreldan boshlab:
shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi;
huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan shaxs ushlanganda uning ushlangani va ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida uning oila aʼzolariga, ular boʻlmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish boʻyicha majburiyat yuklanadi;
2020 yil 1 iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qoʻllash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.
Bundan tashqari, 2020 yil 1 mayga qadar:
prokuror, surishtiruvchi yoki tergovchining jinoyat ishini qoʻzgʻatish, jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni toʻxtatish va jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan bevosita sudga shikoyat qilish;
sud ishlarini hal etishga aralashish, jumladan ishning har tomonlama, toʻla va xolisona oʻrganilishiga toʻsqinlik qilish, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda taʼsir oʻtkazish holatlari boʻyicha javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi Qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
2020 yil 1 mayga qadar advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar mavqeini tubdan oshirish boʻyicha:
Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi;
Adliya vazirligining Advokatlar palatasi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan vakolatlarini qayta koʻrib chiqish orqali ushbu tuzilmaning roli va ahamiyatini yanada oshirish;
tergovchi, prokuror va sud tomonidan davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish;
advokatlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 1 martga qadar Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

