Jahon iqtisodiyotining yangi inqirozi – iqtisodiy harakatsizlik
2020 yilda pandemiya sabab iqtisodiy qulashlarning yuz berishi boʻyicha ayrim signallar vujudga kelmoqda. Bulardan asosiysi “iqtisodiy taʼtil”larning yuz berishidir. Bu haqda iqtisodiyot fanlari doktori Nodir Jumayev oʻz fikrlarini bildirdi.

Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, jahon iqtisodiyoti oxirgi 50 yilda toʻrt marotaba tashqi qarz toʻlqinini boshidan kechirdi. Shundan, dastlabki uchtasi inqirozlar bilan yakunlandi. Ularning oxirgisi sifatida 2010 yildan buyon rivojlanayotgan mamlakatlarda qarz toʻlqini oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. 2018 yilda jami qarz 54 foiz punktga oshib, YaIMga nisbatan 170 foizni tashkil etdi. Joriy past foizli stavkalar yuqori qarz muammolarini bartaraf etishda asosiy vosita boʻlishi mumkin . Hozirgi kunga qadar iqtisodiy inqirozlar turli moliyaviy instirumentlarning nobarqarorligidan kelib chiqqan boʻlsa, joriy davrdagi inqirozni yuzaga kelishi tamomila oʻzgacha tus olganligi bilan farqlanadi.

2020 yilda qarz inqirozidan oʻzgacha tusga ega boʻlgan, boshlanishidan iqtisodiy xususiyat kasb etmagan inqiroz omili – bu pandemiya ekanligini kuzatishga toʻgʻri kelmoqda. Natijada, iqtisodiy qulashlarning yuz berishi boʻyicha ayrim signallar vujudga kelmoqda. Bulardan asosiysi “iqtisodiy taʼtil”larning yuz berishidir. Boshqacha aytganda, yalpi isteʼmolning tushib ketishi va yalpi taklifning toʻxtalishi bilan bevosita bogʻliqdir. Mazkur iqtisodiy inqirozning eng asosiy belgisi sifatida – iqtisodiy harakatsizlikni keltirish mumkin. Bu sharoitda, davlatlarning eng asosiy vazifasi - minimal iqtisodiy harakatni taʼminlab turishdan iborat boʻlishi lozim.
2020 yil fevralidan boshlab ayrim Xitoy kompaniyalari “Koronavirus obligatsiyalari”ni emissiya qilishni boshlashdi. Shenzhen Airlines aviakompaniyasi 600 mln. yuan miqdoridagi obligatsiyalarni muomalaga chiqardi. Jalb etilgan mablagʻlar asosan bekor qilingan parvozlar uchun biletlarning qiymatini yoʻlovchilarga qaytarib berish va oziq-ovqatlarni transportirovka qilish uchun moliyalashtirish tadbirlariga yoʻnaltirilishini maʼlum qilindi.
Shunga oʻxshash holatlarni tahlil etsak, fevral oyidan buyon 25 ta Xitoy kompaniyasi 24 mlrd. yuan (3,4 mlrd. AQSh dollari) miqdorida korporativ obligatsiyalar hisobidan qarz mablagʻlarini jalb etdi.
Jahon bozorida esa, yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlar oʻrtasida milliy valyutalari vositasida oʻzaro iqtisodiy musobaqalar boshlanib ketdi. Baʼzi ekspertlarning xulosalari AQSh dollarining xalqaro valyuta bozoridagi oʻrni yuanning qadri oshishi ortidan xavf ostida qolishini aks ettirmoqda.

Koronavirus sabab bozorlar kasodga uchramoqda
Masalan, 2020 yil Rossiya moliya vazirligi “Milliy barqarorlik fondi”ning kapitali tarkibiga yuanni ham joylashtirishni boshlashini eʼlon qildi. Hozir kunda ushbu fondning asosiy qismini AQSh dollari va yevro tashkil etadi. 2020 yil 1 mart holatiga YaIMning 7,3 foizini tashkil qiladigan fond valyuta tarkibini yanada diversifikatsiya qilish sanksiyalar va geosiyosiy vaziyatda iqtisodiyotni inqirozli holatlardan himoya qilishda muhim chora boʻlishi taʼkidlanmoqda. Jumladan, yuanning ulushini 15-20 foiz, dollarning ulushini esa 20-25 foiz atrofida boʻlishiga erishish nazarda tutilmoqda.
Bu kabi salbiy oqibatlarni iqtisodiyotimiz tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Davlatimiz rahbari va Hukumatimiz tomonidan tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etildi. Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5969-sonli Farmonining qabul qilinishi ayni muhim tadbir boʻldi. Ushbu hujjatga koʻra, makroiqtisodiy muvozonatni barqarorlashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab berildi. Natijada, belgilangan yoʻnalishlarda vazifalarni amalga oshirish quyidagi makroiqtisodiy muvozonat koʻrsatkichlarini taʼminlashga poydevor boʻlib xizmat qiladi. Xususan, Inqirozga qarshi jamgʻarmaning tuzilishi pandemiya oqibatlarini aniq moliyalashtirish manbasini belgilab berdi.
Ushbu jamgʻarmaning tuzilishi birinchi navbatda, pandemiya bilan kurashish xarajatlarini moliyalashtirishni oʻzida aks ettiradi. Kasallikni aniqlash, davolash kabi xarajatlar bilan birga tibbiyot xodimlariga moddiy ragʻbatlantirishni oʻzida aks ettiruvchi xarajatlarni qoplash nazarda tutiladi.

Fikrimizcha, ushbu holat davlatning ijtimoiy majburiyatlarni oʻz zimmasiga olayotganligi va uni samarali amalga oshirayoganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ushbu farmon doirasida makroiqtisodiy muvozanatni taʼminlashda kam taʼminlangan aholi qatlamlariga moddiy yordam berish hajmini oshirish orqali ichki isteʼmolni ragʻbatlantirish va iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlash nazarda tutilganligi bu sohadagi salbiy oqibatlarni yumshatishi bilan ahamiyatlidir.
Eksport bilan shugʻullanuvchilarning ayrim xarajatlarini toʻlab berilishi, ushbu turdagi korxonalarning toʻlovga qobilligini saqlashga yordam berilishi;
iqtisodiy qiyinchilikka uchrayotgan korxonalarga uch yilgacha byudjet ssudalari berilishi;
toʻlovsizlikning makroiqtisodiy multiplikatsion taʼsirini oldini olishi kabi tadbirlar shular jumlasidandir.
Ijtimoiy soliq va shu kabi soliq, boshqa majburiy toʻlovlarning kechiktirilishi yoki maʼlum foizda kamaytirilishini joriy etilishi tadbirkorlarga barqaror “moliyaviy taʼtil”ga chiqishini anglatadi. Natijada, makroiqtisodiy talab va taklif muvozanatiga erishishga sharoit yuzaga keladi.
Bir soʻz bilan aytganda, favqulodda yuzaga kelgan virusning taʼsirini kengayib ketmasligi uchun oʻz vaqtida choralarni, jumladan, iqtisodiy vazifalarni ishlab chiqilishi va hayotga tadbiq etilishi iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatishga va bartaraf etishga toʻliq shart-sharoit yaratib beradi, deb hisoblaymiz.
Koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri: Oʻzbekiston uchun xulosa va tavsiyalar
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, AOKA, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil qilingan rasmiy telgeram kanali 2020 yil 2 aprel soat 20:40da eʼlon qilingan “Oylik daromadsiz qolsangiz, jamgʻarmangiz qancha vaqtga yetadi?” nomli soʻrovnomada 467000 dan ortiq (oʻzbek tilida 312000, rus tilida 155000)dan ortiq insonlar ishtirok etgan. Javob berganlarning 40 foizga yaqini “jamgʻarmam yoʻq” deb javob bergan. Xulosa qilib aytganda, uzoq muddatli davrda isteʼmolni taʼminlash dolzarb vazifa ekanligi koʻzga tashlanadi.
Umuman olganda, 2019 yildan boshlab aholining sotib olish qobiliyatini oshirishga qaratilgan choralarning qoʻllanganligi, xususan, daromad soligʻi tushirilganligi oʻzining ijobiy tasdigʻini topdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda epidemik holat natijasida aholining isteʼmoli ayrim xarajatlari vaqtinchalik qisqarishi natijasida aholi daromadlarining isteʼmol muddatini oshirishga yordam berishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbari va Hukumatimiz tomonidan iqtisodiyotni yanada liberallashtirilishiga qaratilgan islohotlar, 2020 yilgi Parlamentga Murojaatnomada ham taʼkidlab oʻtilganganidek, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlaydigan eng muhim sohalarni rivojlantirilishi alohida ahamiyatga ega.
Nodir JUMAYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Dilshodjon RAXMONOV, Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

