Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi nima uchun goʻsht narxi oshganini eʼlon qildi
Sentyabr oyida goʻsht mahsulotlarining narxida oʻsish kuzatildi. Goʻsht narxining oʻzgarishiga yem-xashak bazasining mavsumiy kamayishi, Qozogʻistondan qoramol importining qisqarishi, avgust oyida goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabning oshishi sabab boʻlgan.

Sentyabr oyida goʻsht mahsulotlarining narxi 3,8 foizga oʻsdi. Jumladan, qoʻy goʻshti 5,7 foizga, mol goʻshti 5,0 — 5,4 foiz oraligʻida, qiyma 4,2 foizga, kolbasa mahsulotlari 1,8 — 1,9 foiz oraligʻida, baliq va baliq konservalari oʻrtacha 1 foizga, parranda goʻshti va goʻsht mahsulotlari 0,3 foizga qimmatlashdi. Goʻsht narxining keskin oʻsishiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi izoh berdi.
Vazirlik goʻsht va goʻsht mahsulotlari narxining oʻsishiga uchta omil olib kelganini aytib oʻtdi.
Birinchidan, yem-xashak bazasi uchun xomashyo, hususan, paxta xomashyosi, poʻstloq va yem aralashmasi zaxiralarining mavsumiy kamayishi. Bu oʻz navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17, 21 va 27 foizga oshishiga olib keldi.
Ikkinchidan, Qozogʻiston tomonidan eksport cheklovlari tufayli qoramol importining qisqarishi. Masalan, 2020 yilning 8 oyi natijasiga koʻra, mamlakatga 25 ming bosh yirik va 12,5 min bosh mayda qoramol import qilingan. 2019 yilning 8 oylik natijalariga koʻra, mazkur koʻrsatkichlar mos ravishda 146 ming va 258 ming bosh qoramolni tashkil qilgan.
Uchinchidan, bu yilning avgust oyi oʻrtalarida karantin cheklovlarining olib tashlanganidan soʻng faoliyatini tiklagan ommaviy ovqatlanish korxonalarining goʻsht va goʻsht mahsulotlariga boʻlgan talabining oshishi.
Aytib oʻtish joizki, yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonda 1840 ming tonna (tirik vaznda) goʻsht ishlab chiqarilgan (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga koʻproq). Ushbu davr mobaynida 14 ming tonna mol goʻshti va 20 ming tonna tovuq goʻshti import qilingan.
«Goʻsht mahsulotlari narxining oʻsishi nafaqat tashqi omillar, balki ichki bozorlardagi tartibga solinish mexanizmlarining samarasizligi tufayli yuzaga kelgan deyish mumkin. Bu, oʻz navbatida, ishlab chiqarish darajasining kamtarona oʻsishiga qaramasdan, goʻsht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasini taʼminlash uchun ozuqa bazasining rivojlanmaganligi bilan bogʻliq», — deyiladi bayonotda.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

