Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bryusselda taqdimot oʻtkazdi
Oʻzbekistonning global va mintaqaviy savdo-iqtisodiy tuzilmalari, birinchi navbatda, JST va YeOII bilan oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish va kutilayotgan natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlarlar berildi.

Joriy yilning 18-23 fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi Yevropa Ittifoqi (YeI) poytaxtida ishchi safari bilan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining direktori O. Hakimov, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha menejeri O. Olimjonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori G. Ismoilovalar ishtirok etishdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasining ustuvor yoʻnalishlarini ochib berish, Yevropa Ittifoqining siyosiy doiralariga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan yangilanayotgan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishdan iborat.

Tashrif doirasida joriy yilning 18 fevral kuni Bryusseldagi (Belgiya) Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasida "Oʻzbekiston tashqi siyosati: global va mintaqaviy savdo-iqtisodiy tashkilotlar (Jahon savdo va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti) bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning manfaatlari, prinsiplari va kutilayotgan natijalari" mavzusida taqdimot boʻlib oʻtdi.
O. Hakimov yigʻilganlarni mamlakatimizning xalqaro maydondagi manfaatlarini ilgari surishda erishgan yutuqlari va ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, Prezidentning Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida Hukumat oldida turgan vazifalar haqida maʼlumot berdi.
Tadbir davomida Prezidentimizning joriy yil 24 yanvar kuni tashqi siyosiy sohada eʼlon qilingan Oliy Majlisga Murojaatnomasining asosiy jihatlari taʼkidlab oʻtildi:
Hozirgi yutuqlar, mintaqaviy siyosatning ustuvor yoʻnalishlari;
Xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishning ustuvor yoʻnalishlari;
Mintaqaviy va xalqaro savdo-iqtisodiy tuzilmalarga integratsiyalashga yondashuvlar.
Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Oʻzbekistonning global va mintaqaviy savdo-iqtisodiy tuzilmalari, birinchi navbatda JST va YeOII bilan oʻzaro hamkorligini chuqurlashtirish tamoyillari va kutilayotgan natijalari haqida maʼlumot berdi.
Maʼlumot uchun: joriy yilning yanvar oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari Oʻzbekistonning YeOIIga kirishi respublika iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga taʼsiri haqidagi tadqiqotni yakunladilar. Bundan tashqari, shuni taʼkidlash kerakki, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hozirda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining taʼsiri toʻgʻrisida shunga oʻxshash tadqiqot olib bormoqda, uning natijalari yaqin orada eʼlon qilinadi.
Taqdimot davomida Iqtisodiy tahlil Markaz direktori JSTga aʼzo boʻlishning Oʻzbekiston uchun bir qator afzalliklari haqida gapirdi, masalan:
Tashkilotga aʼzo boʻlish yuqori texnologiyalar va uskunalarni iqtisodiyot tarmoqlariga kiritish orqali barcha sohalarda ilmiy va texnik taraqqiyotni tezlashtirish imkoniyatini oshiradi;
Isteʼmolchilar yuqori sifatli mahsulotlardan kengroq foydalanishlari mumkin boʻladi;
Oʻzbekiston savdo nizolarini hal etish mexanizmida va xalqaro savdoning yangi qoidalarini ishlab chiqishda toʻliq ishtirok etishi, shuningdek, uning manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Ushbu bosqichda Oʻzbekistonning milliy manfaatlari iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlash, iqtisodiy oʻsish sifatini oshirish va aholi hayoti uchun munosib turmush shart-sharoitlarni yaratishni talab qiladi. Bunga raqamli texnologiyalardan maksimal darajada foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlashga asoslangan iqtisodiy modeldan resurslarni tejaydigan, iqtisodiy oʻsishning innovatsion modeliga oʻtish orqali erishish mumkin.

Xalqaro savdoda ishtirok etishning afzalliklaridan foydalanish uchun mamlakat samarali makroiqtisodiy siyosatga, zarur institutlarga (soliq, bojxona, huquqiy, moliyaviy, marketing va boshqalar) va qulay infratuzilmaga (transport va logistika, kommunikatsiya, axborot va boshqalar) ega boʻlishi kerak.
2019 yilning kuzidan boshlab Oʻzbekistonda xalqaro iqtisodiy birlashmalarga, birinchi navbatda, YeOII va JSTga aʼzo boʻlish masalasi boʻyicha munozaralar kuchaygan. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning YeOIIga kirish masalasi ochiqligicha qolmoqda va ayni paytda mamlakat parlamenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishining salbiy va ijobiy taraflari oʻrganilmoqda.
Taqdimot yakunida ishtirokchilarga Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlgan taqdirda savdo siyosatidagi oʻzgarishlarning Oʻzbekistonning makroiqtisodiy koʻrsatkichlariga taʼsiri haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, turli iqtisodiy markazlar tomonidan YeOIIga aʼzo boʻlishning umumiy samarasini baholash hamda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining oʻsish surʼatiga taʼsiri maʼlum qilindi:
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi + 0.9%ga;
Rossiya iqtisodiy siyosat instituti E.T. Gaydar + 1,0% ga;
"Berlin Economics" mustaqil konsalting kompaniyasi (tahlil markazi) + 0,23% ga.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi vaqtda eksportni qoʻllab-quvvatlamasdan va yangi bozorlarga chiqmasdan iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga erishib boʻlmasligi taʼkidlandi. Bunday sharoitda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlagandek, jahon bozorlariga tovarlarni eksport qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy strategiyani qayta koʻrib chiqish zarur ekanligi yakdillik bilan maʼqullandi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati boʻlimi
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

