Ipoteka-bank xalqaro obligatsiyalarini yirik xorijiy investorlarga sotdi
Ipoteka-bankning xalqaro obligatsiyalari buyurtmalari hajmi 1 soat ichida 300 mln. dollarni tashkil etdi. Savdo jarayonida buyurtmalar hajmi 500 mln. AQSh dollaridan oshib, emitent uchun boshlangʻich foiz stavkasini tushirildi.

Ipoteka-bank tomonidan joriy yilning 12 noyabr kuni 300 mln. AQSh dollari miqdorida 5 yillik xalqaro obligatsiyalar chiqarildi va bu orqali bank xalqaro kapital bozorining ishtirokchisiga aylandi, deb xabar bermoqda Ipoteka-bank matbuot xizmati.
Xalqaro obligatsiyalarning debyut emissiyasi J.P. Morgan (AQSh), Raiffeisen Bank International AG (Avstriya), MUFG (Yaponiya) va Societe Generale (Fransiya) kabi xalqaro miqyosda tan olingan anderrayting banklari tavsiyalari asosida amalga oshirildi.
Joriy yilning 10-11 noyabr kunlari boʻlib oʻtgan roud-shou tadbiri doirasida AQSh, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi hamda Osiyo mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan 70 dan ortiq yetuk xalqaro investorlar ishtirokida global audiokonferensiya (Global Investor Call) oʻtkazildi.
Ushbu tadbir doirasida Moliya vazirligi va Ipoteka-bank vakillari xorijiy investorlarga joriy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlari, shu jumladan hukumatimizning yirik tijorat banklarini kapitallashtirish strategiyasi, ularni xususiylashtirish rejalari, shuningdek, sohaning rivojlanish istiqbollari muhokamalar markazida boʻldi. Ayni vaqtda, Ipoteka-bank tomonidan yevroobligatsiyalarning chiqarilishi nafaqat bank, balki butun mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim voqea ekanligi taʼkidlab oʻtildi. Bu boʻyicha, 20 nafarga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi va muzokaralar oʻtkazildi.
Yirik investorlar soʻnggi yillarda bankni transformatsiya qilish hamda xususiylashtirish boʻyicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida qiziqish bildirdilar.
2020 yil 12 noyabrda investorlarning takliflari asosida moliyaviy konsultantlarning tavsiyalariga koʻra, Ipoteka-bankning xalqaro obligatsiyalarining boshlangʻich foiz stavkasi 5.625% etib belgilandi va London vaqti bilan soat 09:00 da buyurtmalar kitobi ochiq deb eʼlon qilindi.
Buyurtmalar hajmi 1 soat ichida 300 mln. dollarni tashkil etib, reja qilingan emissiya hajmi toʻliq qoplandi. Savdo jarayonida buyurtmalar hajmi 500 mln. AQSh dollaridan oshib, emitent uchun boshlangʻich foiz stavkasini tushirish imkoniyatini berdi.
London vaqti bilan 15:00 da yakuniy foiz stavkasi va kupon qariyb 0,125% birlikka tushirilib, 5,5% etib belgilandi. Xalqaro obligatsiyalar Buyuk Britaniya (27%), Shveysariya (22%), Germaniya (18%), AQSh (11%) va boshqa bir qator Yevropa va Osiyo (22%) davlatlarining investorlari orasida taqsimlandi.
Ushbu xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlarning mamlakatimiz rivojida oʻz hissasini qoʻshadigan investitsion loyihalarni moliyalashtirishga, shuningdek tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

