| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi50 marta oʻqildi

«Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ni moliyalashtirish uchun 25,0 mln dollar kredit ajratilmoqda

Xalqaro moliya korporatsiyasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «Qoʻqon superfosfat zavodi» AJni zamonaviylashtirishda «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini moliyalashtirish uchun kredit ajratdi.

«Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ni moliyalashtirish uchun 25,0 mln dollar kredit ajratilmoqda

Joriy yilning 30 iyun kuni videokonferensaloqa shaklida «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals», Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) oʻrtasida umumiy qiymati 25,0 mln dollarga teng boʻlgan kredit bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Imzolash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, XMKning Yevropa, Lotin Amerika va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti D.Beyker, YeTTBning ishlab chiqarish va xizmatlar departamenti direktori F.Lyusent, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari X.Mori, «Indorama Corporation» ijrochi direktori A.Loxiya va qatnashuvchi tomonlarning boshqa vakillari ishtirok etdilar.

Teng ulushlarda ajratilgan XMK va YeTTB kredit mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlaridan foydalanmagan holda xorijiy investorga taqdim etiladi va «Qoʻqon superfosfat zavodi» AJni zamonaviylashtirishda «Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals»ning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan: birinchi bosqichda issiqxona ekinlari uchun suvda eruvchan oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va superfosfat ishlab chiqarish hajmi yiliga 100 dan 350 ming tonnagacha oshiriladi. Ikkinchi bosqichda dikalsiy fosfat, kaliy sulfat va sulfat kislota kabi yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Marosimda iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish, korporativ sektorni rivojlantirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish va respublikaga investitsiyalarni jalb etishda XMK va YeTTB tomonidan muntazam qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi hukumati nomidan alohida minnatdorchilik bildirildi.

«Qoʻqon superfosfat zavodi»ni zamonaviylashtirish loyihasi davlat aktivlarini samarali va oshkora xususiylashtirish namunasi hamda Oʻzbekistonda xorijiy investorning «success story»sining namoyishi boʻlib xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

XMK ushbu loyihani moliyalashtirishdan tashqari, «Indorama» kompaniyasiga oʻgʻitlarni tarqatish tizimini ishlab chiqish va tashkil qilishda maslahat koʻmagini beradi va fermerlarga yer sifatini boshqarish sohasida texnik yordam koʻrsatadi.

XMK vitse-prezidenti D.Beykerning soʻzlariga koʻra, ushbu loyiha mahalliy fermerlar ehtiyojlari qondirish va eksport qilish uchun yuqori sifatli oʻgʻitlar ishlab chiqarishni oshiradigan innovatsion energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobiga Oʻzbekistonning kimyo sektori va qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

«Biz Oʻzbekistonga fermerlarning ish faoliyatini sezilarli darajada yaxshilay oladigan, ish oʻrinlari yarata oladigan, mamlakatda oziq – ovqat xavfsizligini oshiradigan va, umuman, mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilay oladigan «Indorama Corporation» kabi kompaniyalardan xususiy investitsiyalarni jalb etishda koʻmaklashishni davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz», - dedi XMK vitse-prezidenti.

Oʻz navbatida YeTTB departamenti direktori F.Lyusent bankning davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish boʻyicha maslahat xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, Respublikada bank kredit portfelini xususiy sektorga urgʻu bergan holda kengaytirish orqali Oʻzbekistonga yanada koʻmak berish niyati borligini aytdi.

Maʼlumot uchun: «Qoʻqon superfosfat zavodi» AJ 1935 yilda tashkil etilgan boʻlib, kompaniya faoliyati Qizilqum fosforit kombinatining «Toshqura» koni fosforitlaridan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish edi. 2019 yilda zavodning 96% aksiyalari «Indorama Corporation» tomonidan sotib olindi.

«Indorama Corporation» - dunyoning 35 dan ortiq mamlakatlarida oʻgʻitlar, polimerlar, polimer xom ashyolari, toʻqimachilik, tolalar va tibbiy qoʻlqoplarni oʻz ichiga olgan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, 40 000 dan ortiq odam ishlaydigan shoʻʼba korxonalari va filiallariga ega boʻlgan Osiyodagi kimyoviy sanoat sohasida yetakchi xoldinglardan biridir. Korxona Saxaraning janubida joylashgan Afrika mamlakatlarida eng yirik mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchisi, Gʻarbiy Afrikadagi eng yirik poliolefin ishlab chiqaruvchisi va dunyoda uchinchi yirik sintetik qoʻlqop ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya paxta va sintetik iplarni integrallashgan ishlab chiqaruvchisi hamdir.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ