| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi77 marta oʻqildi

Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln soʻm ajratiladi

Ushbu mablagʻlar hisobidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, birinchi navbatda, aholisi nisbatan zich joylashgan va qamrov darajasi past boʻlgan aholi yashash punktlarida hamda yangi barpo etilayotgan massivlarda quriladi.

Hududlarni rivojlantirish uchun 1,5 trln soʻm ajratiladi

“Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yilda Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 17,1 trln soʻm, shuningdek, Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 1,5 trln soʻm mablagʻlar ajratiladi.

Tuman markazlari va shaharlarning meʼmoriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirishga 2021 yilda 1,4 trln soʻm mablagʻ ajratiladi.

Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan mablagʻlar ajratilishi munosabati bilan, ularga yoʻnaltiriladigan markazlashgan investitsiya hajmlari mos ravishda qisqartiriladi.

2022 yildan byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.

Qarorga koʻra, 2021 yilda eksperiment tariqasida 10 ta obʼyektga injiniring xizmatlarini koʻrsatish uchun tadbirkorlar jalb etiladi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamkorligida “Davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA)” tizimi sinov tariqasida ayrim tarmoqlarda qoʻllaniladi, keyinchalik bosqichma-bosqich keng joriy qilinadi.

Qarorga koʻra, 2021-2023 yillarda Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish va amalga oshirish doirasida, jumladan:

  • tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarining moddiy-texnik bazasi rivojlantiriladi, shuningdek, tarmoqda davlat-xususiy sheriklik loyihalari kengaytiriladi;

  • umumtaʼlim maktablarini jihozlash uchun ajratiladigan mablagʻlarni 2 baravarga koʻpaytirish hisobiga xizmat muddati 10 yildan oshgan oʻquv partalari 2021 – 2022 yillarda toʻliq yangilanadi;

  • maktabgacha taʼlim tashkilotlari, birinchi navbatda, aholisi nisbatan zich joylashgan va qamrov darajasi past boʻlgan aholi yashash punktlarida hamda yangi barpo etilayotgan massivlarda quriladi;

  • OTMlarni qurish-taʼmirlash va jihozlash ishlariga vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari keng jalb qilinadi hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarning bir qismi yoʻnaltiriladi;

  • ichimlik suvi tannarxini pasaytirish va suv yoʻqotishlarini kamaytirish maqsadida, sohaga ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizi energiya tejamkor uskuna-jihozlarni oʻrnatish va maxsus texnikalarni xarid qilishga yoʻnaltiriladi;

  • xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sheriklarning mablagʻlari keng jalb qilinadi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ