| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi54 marta oʻqildi

Gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 55,8 mln yevrolik kredit ajratilishi boʻyicha kelishuvi imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasida bir nechta GESlarning faoliyati xavfsizligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 20 yil muddatga 55,8 mln yevrolik kredit ajratilishi boʻyicha zayom kelishuvi imzolandi.

Gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 55,8 mln yevrolik kredit ajratilishi boʻyicha kelishuvi imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018 yil 28 noyabrdagi 4037-son qarori doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi oʻrtasida Andijon viloyatida Paytoq kichik GESi, Janubiy Fargʻona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi hamda Chorvoq GESining faoliyati xavfsizligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 20 yil muddatga 55,8 mln yevrolik kredit ajratilishi boʻyicha zayom kelishuvi imzolandi. Bu haqda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati xabar qildi.

Keyingi bosqichda ushbu kredit mablagʻlari loyihalar doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi protseduralariga muvofiq, tender savdolari asosida zamonaviy texnologik uskunalar xaridiga va qurilish ishlariga yoʻnaltiriladi.

Umumiy qiymati 52,5 mln yevroga teng Paytoq kichik GESi, Janubiy Fargʻona kanali 1A – kichik GESi va 2A – kichik GESi qurilishi uchun kreditning 46,5 mln yevroga teng qismidan foydalaniladi.

Ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy asosnomasi Fransiya taraqqiyot agentligi buyurtmasiga muvofiq “ISL”, “IED”, “R-plus” konsultantlar konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan. Investitsiya loyihalari doirasida 11,1 mln yevrolik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilishi hamda 26,9 mln yevrolik texnologik uskunalar keltirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu yangi kichik GESlarni 2023 yilda foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda.

Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi 51,2 mln. kVt.soat arzon va ekologik sof elektr energiya ishlab chiqarish, 15 ta qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish, mamlakat energetika balansida gidroenergetika ulushining oʻsishi va yoqilgʻi resurslarini tejash, elektr energiyaga tobora oʻsib borayotgan talabni qondirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, Chorvoq GESda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qiymati 33,95 mln yevroga teng “GES faoliyati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha loyiha”ni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan kreditning 9,3 mln yevrolik qismi yoʻnaltiriladi.

Respublikamizda ekologik toza, qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish manbasi hisoblangan gidroenergetika sohasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi PQ–2947-son Qarori bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi” asosida yanada rivojlanmoqda.

Ushbu dasturga muvofiq, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan “Loyihalar fabrikasi” mexanizmini joriy qilgan holda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangidan-yangi loyihalarning uzluksiz ishlab chiqarilishi hamda Investitsiya dasturiga kiritilib, samarali amalga oshirilishi taʼminlanmoqda.

Joriy yilda “loyihalar fabrikasi” boʻyicha dastlabki umumiy qiymati 1,57 mlrd. dollarga teng, quvvati 907,5 MVt boʻlgan 23 ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda, shundan qiymati 1,37 mlrd. dollarlik 14 ta loyiha doirasida 637,25 MVt yangi quvvatlar yaratiladi va qiymati 190 mln. dollarlik 9 ta loyiha doirasida 270,3 MVt quvvatlar modernizatsiya qilinadi.

Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Fransiya taraqqiyot agentligi mablagʻlaridan tashqari, Osiyo taraqqiyot bankidan 60 mln AQSh dollari va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 80 mln yevro, hamda davlat-xususiy hamkorligi tamoyillari asosida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilinishi koʻzda tutilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, investitsiya loyihalariga jalb qilinayotgan mablagʻlar va texnologiyalar manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1556,2 mln. dollariga teng 19 ta investitsiya loyihasining qariyb 500 mln dollarlik qismi Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi moliya institutlari investitsiyalarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.

Shu yilning oʻtgan 7 oyi davomida, umumiy quvvati 22,4 MVt boʻlgan “Shahrixon GESlar kaskadi” UK tarkibidagi Janubiy Fargʻona kanali 2-GESi va “Qodiriya GESlar kaskadi” UK tarkibidagi 3-GESining modernizatsiyasi loyihalari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Yil yakuniga qadar yana quvvati 95,9 MVt ga teng qoʻshimcha 4 ta loyihani, yaʼni Qamchiq GES va Zarchob-1 kichik GES qurilishi, shuningdek, “Toshkent GESlar kaskadi” UK tarkibidagi GES-9 ni va “Quyi Boʻzsuv GESlar kaskadi” GES-14 ni modernizatsiyasini yakunlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, 2020 yil davomida foydalanishga topshirilgan loyihalar soni 6 taga, qoʻshimcha qurilgan quvvatlar hajmi 118,3 MVt ga hamda yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni 100 taga yetkaziladi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ