Fransiyaning «ATR Aircraft» kompaniyasi samolyotlari Oʻzbekiston osmonida uchishi mumkin
Dunyoda samolyot ishlab chiqarishda yetakchi boʻlgan Fransiyaning «ATR Aircraft» kompaniyasi Oʻzbekistonga kamxarj samolyotlarni yetkazib berishi mumkin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida dunyoda samolyotlar ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi boʻlgan Fransiyaning «ATR Aircraft» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu kompaniya asosan 50-90 oʻringa moʻljallangan samolyotlar ishlab chiqarib, jahonning 100 dan ortiq davlatiga yetkazib beradi. Uchrashuvda kompaniya vakillari tomonidan 2 xil turdagi havo kemalari haqida taqdimot oʻtkazildi.

Taklif etilayotgan samolyotlarning afzalligi sifatida yoqilgʻi tejamkorligi va uzoq muddat ekspluatatsiya qilinishi aytildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan ushbu samolyotlar boshqa havo kemalariga nisbatan past shovqinli boʻlib, deyarli ikki barobar kamroq yoqilgʻi sarflaydi. Bundan tashqari, ulardan turli noqulay iqlim sharoitlarda, qattiq qoplamasiz aerodromlarda ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Uchrashuvda bu turdagi samolyotlardan mamlakat ichki reyslari va qoʻshni respublikalarning 1000 km masofagacha boʻlgan hududlari boʻylab parvozlarni amalga oshirishda foydalanish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.
Muloqot yakunida tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan «Humo Air» aviakompaniyasi bilan ushbu takliflar doirasida fikrlashib, oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga ishonch bildirildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

