Facebook kompaniyasining aksiyalari 8,3 foizga tushib ketdi
Dunyodagi bir qator yirik kompaniyalar Facebook ijtimoiy tarmogʻiga qarshi uyushtirgan boykotdan soʻng Mark Sukerberg 7,2 mlrd dollar yoʻqotdi.

Yirik reklama beruvchi kompaniyalardan biri boʻlgan Unilever Plc ham Facebookʼda reklama berishga boykot aksiyasiga qoʻshilgach, Facebook kompaniyasining aksiyalari 8,3 foizga tushib ketdi. Mark Sukerberg esa buning oqibatida 7,2 milliard dollar yoʻqotdi.
Xabarga koʻra, ushbu boykotga Facebook ijtimoiy tarmogʻining AQShda yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari arafasida norozilik chiqishlariga nisbatan qarshiliklar, irqchilik, nafrat va notoʻgʻri maʼlumotlar berilishi bilan bogʻliq holatlarga qarshi yetarli darajada kurashmayotgani sabab qilib koʻrsatilmoqda.
Faollar Facebookʼdan tarmoqda tazyiq va taʼqib qilinishlar haqdagi shikoyatlar moderatsiyasini kuchaytirishni, nafrat uygʻotuvchi reklamalarni va ekstremistik guruhlarni avtomatik tarzda oʻchirishni talab qilishgan.
Hozirgi vaqtga qadar Facebook ijtimoiy tarmogʻida reklama berishdan Coca-Cola Co, Honda Motor Co, Hershey Co, PepsiCo, Verizon Communications Inc, Levi Strauss & Co, Ben & Jerryʼs Homemade Inc, Viber, The North Face, REI, Upwork Inc kabi yirik kompaniyalar voz kechishgan.
Facebook kompaniyasini nafaqat brendlar, balki ular bilan ishlaydigan reklama agentliklari ham boykot qilmoqda. Shu jumladan, yirik reklama agentliklaridan biri oʻzining 50 dan ortiq mijozlarini boykot qilish aksiyasini qoʻllab-quvvatlashga va ijtimoiy tarmoqda reklama bermaslikka chaqirgan xabarlarni yuborgan.
Shu sababli, 26 iyun kuni Facebook kompaniyasi qiymati 8,3%ga, yaʼni $56 mlrd ga pasaydi. Bloomberg hisob-kitoblariga koʻra, Mark Sukerbergning boyligi $82,3 mlrd gacha pasaygan. Facebook aksiyalarining hozirgi narxi 216 dollarga teng.
Facebook hozirda yirik reklama beruvchi kompaniyalar bilan kelishishga harakat qilmoqda va kompaniyaning nafrat uygʻotuvchi kontent bilan qanday kurashayotgani, bu yoʻlda yana nima oʻzgarishlar qilishi borasida maʼlumot bergan. Koʻpchilik brendlar agar bu borada oʻzgarishlar yuz bersa, platformaga qaytishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Shuningdek, Sukerberg Facebook AQShdagi saylovlar bilan bogʻliq barcha xabarlarga saylovchilar uchun tashkil qilingan yangi axborot markaziga yoʻnaltiruvchi havola qoʻyib borilishini eʼlon qildi. Bundan tashqari, kompaniya taqiqlangan postlarga nisbatan yondashuvini kengaytirdi. Shu bilan birga, iyun oyida ijtimoiy tarmoq Donald Trampning saylovoldi tashviqoti uchun eʼlon qilinan bir qator reklama matnlarini olib tashladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

