YeOIIga aʼzo boʻlishning foyda va zararlari: Qozogʻiston, Belarus va Rossiya misolida
Jahon banki tomonidan 2011 yilda amalga oshirilgan tadqiqot, Bojxona ittifoqiga (BI) aʼzo boʻlish, mamlakatlar iqtisodiyotiga qanday taʼsir etishini baholaydi.

Jahon banki tomonidan 2011 yilda amalga oshirilgan tadqiqot Bojxona ittifoqiga (BI) aʼzo boʻlish, mamlakatlar iqtisodiyotiga qanday taʼsir etishini baholaydi. Xususan, tadqiqot “hisoblanadigan umumiy muvozanat modeli”dan foydalangan holda Qozogʻiston, Belarus va Rossiya Federatsiyasining BIga aʼzo boʻlish ularning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hamda sanoat yalpi ishlab chiqarishiga taʼsirini oʻrganadi.
Maʼlumot uchun, 2010 yilda Belarus, Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. BI shartnomasiga koʻra, Ittifoq hududida sotiladigan tovarlarga bojxona toʻlovlari bekor qilindi va uchinchi davlatlar uchun yagona tashqi tarif joriy etildi. 2012 yildan boshlab aʼzo davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy integratsiya Yevrosiyo Iqtisodiy Makoni (YeOIM) nomi ostida davom etib, YeOIM insonlar, tovarlar, xizmatlar va kapitalning erkin xarakatini taʼminlashni nazarda tutgan. 2015 yilning 1 yanvarida Bojxona Ittifoqi va Yevrosiyo Iqtisodiy Makoni tugatilib Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) sifatida qayta tashkil qilindi va shu yilning yanvarida Armaniston, avgustida esa Qirgʻiziston Ittifoqqa aʼzo sifatida qabul qilindi.
Natijalarning ishonchli ekanligini taʼminlash maqsadida, tadqiqot Ittifoqqa kirishdan kutilayotgan foyda va zararlarni 3 ssenariyda baholaydi:
Dastlabki ssenariy energetika sohasidan boshqa barcha sohalarda uchinchi davlatlar uchun yagona tarif setkasi joriy etishni nazarda tutadi;
Ikkinchi ssenariyda dastlabki ssenariyga qoʻshimcha ravishda aʼzo davlatlar oʻrtasida energetika sohasidagi tariflar qisman uygʻunlashtiriladi. Xususan, BIga aʼzo mamlakatlar tomonidan yarim-tayyor neft mahsulotlari teng miqdorda sotiladi. Ammo, qayta ishlangan neft mahsulotlarining realizatsiyasi mamlakatlarning ichki bojxona siyosati asosida amalga oshiriladi;
Uchinchi ssenariyda dastlabki ssenariyga qoʻshimcha tarzda energetika sohasida ham yagona tarif setkasi va bojxona siyosati joriy etiladi.
Dastlabki ssenariy hisob-kitob natijalariga koʻra, Belarus va Rossiyada YaIM hajmi kamaygan boʻlib, Qozogʻistonda esa bu koʻrsatkichda oʻzgarish kuzatilmagan.
Sanoat tarmoqlarida katta oʻzgarishlar roʻy bermagan. Kutilganidek, Qozogʻiston va Belarus respublikalarining tekstil tarmogʻida oʻsish kuzatilgan boʻlib, qoʻshimchasiga Belarusning ogʻir sanoati sohasida ham ishlab chiqarish hajmi koʻpaygan. Natijada, Qozogʻiston va Rossiyaning mos tarmogʻida ishlab chiqarish hajmi 11,4% ga kamaygan. Qozogʻistonning Bojxona ittifoqiga aʼzo boʻlishi uning haqiqatdan ham Ittifoqdagi sheriklari bilan savdosining kengayishiga olib kelgan boʻlsada, bu kengayish asosan importning oʻsishi hisobiga yuzaga kelgan.
Energetika sohasida tarif setkasining qisman uygʻunlashuvi ssenariysi natijalariga koʻra, koʻrsatkichlar sezilarli darajada yomonlashgan. Belarus iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega yarim tayyor neft mahsulotlarini ishlab chiqarish 211%ga ortgan boʻlsada, boshqa barcha sohalarda ishlab chiqarish hajmi pasayishi kuzatilgan, natijada yalpi ichki mahsulot 6%ga kamaygan. Buning asosiy sababi sifatida boshqa sanoat tarmoqlaridan ishlab chiqarish omillarining energetika sohasiga koʻchishi koʻrsatilgan.
Rossiya va Qozogʻistonda yengil sanoatning (xususan, tekstil tarmoqlari) jadallashishi hisobiga Belarusning mos tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi kamaygan.
Barcha sohalarda yagona tarif setkasini joriy etish ssenariysiga muvofiq koʻrsatkichlar BI aʼzolari uchun salbiyligicha qolgan. Belarus boshqa mamlakatlar orasida YaIM qiymati boʻyicha eng katta yoʻqotishlarga uchragan boʻlsada, YaIM hajmidagi yoʻqotishlar 2-ssenariyga nisbatan 2 marta kamaygan. Bunga resurslar taqsimlanishining optimallashuvi sabab boʻlgan. Ular qiyosiy yoki mutloq ustunlikka ega tarmoqlarga koʻchib, natijada BIga aʼzo boʻlishning salbiy oqibatlarini qisqartirgan.
Bu ssenariyda ham Qozogʻistonning tekstil tarmogʻida jadallashuv yuz berdi hamda sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,6%ga oshdi. Hisoblarga koʻra, quyidagi tarmoqlar BIga aʼzo barcha mamlakatlar misolida birdek oʻsishga erishgan (win-win case): 1 ssenariyda moliyaviy hizmatlar, 2 ssenariyda yoqilgʻi va transport hizmatlari hamda 3 ssenariyda goʻsht mahsulotlari, kommunal va transport hizmatlari sohalari barcha aʼzo davlatlar misolida jadallashgan.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun xulosalar:
Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlari uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Tadqiqot natijalari barcha ssenariylarda aʼzo davlatlar kesimida ishlab chiqarish omillari boshqa sohalarga koʻchishi natijasida oziq-ovqat va poliz mahsulotlarini yetishtirish hajmi kamayganini koʻrsatadi. Mos ravishda, ushbu davlatlarda meva-sabzavot, poliz ekinlari va boshqa mahsulotlar importiga talab ortib bormoqda. Bunga YeOII mamlakatlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sof importchisi boʻlib qolayotganligi asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonning meva-sabzavot mahsulotlari eksporti potensiali $5 mlrd baholansada, turli sabablarga koʻra, 2018 yilda mavjud potensialning faqatgina 20%iga teng (992,7 mln dollar) miqdordagi mahsulotlar eksport qilingan. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportida Oʻzbekistonning asosiy savdo sheriklari Rossiya (eksportda ulushi 50%dan oshiq) va Qozogʻiston (eksportda ulushi 23% atrofida) hisoblanadi.
YeOII mamlakatlari bozorlarida Oʻzbekiston meva sabzavotlari sifat va narx jihatidan raqobatbardosh ekanligini sababli YeOIIga aʼzo boʻlish mazkur tarmoqning eksport salohiyatidan toʻliq foydalanishga imkon beradi. Zero, YeOIIga aʼzolik bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarining osonlashishi va transport harajatlarining tushishiga olib keladi. Natijada, Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshliligi yanada oshib, eksport qiluvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Yengil sanoat maxsulotlari, hususan toʻqimachilik, charm-poyafzal va tikuvchilik mahsulotlari eksportining oshishiga olib kelish ehtimoli mavjud. Tadqiqot natijalariga koʻra BIga aʼzo boʻlish, barcha ssenariylarda, yengil sanoat tarmogʻining (jumladan, tekstil sohasining) jadallashuviga hamda ishlab chiqarish hajmining oshishiga olib keladi.
Oʻzbekiston YeOII davlatlariga nisbatan arzon ishchi kuchi hamda yetarli xom-ashyo bazasiga ega ekanligi uning qiyosiy ustunligi hisoblanadi. Bu esa yengil sanoat mahsulotlari tannarxida oʻz aksini topgan. Misol uchun, bir juft charm-poyafzal mahsulotining tannarxi Oʻzbekistonda oʻrtacha $9-10, Qirgʻizistonda $15-17, Qozogʻistonda $22-24, Rossiyada esa $37-40 ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, tarmoqning eksport salohiyati quyidagilar hisobiga 2 martaga oshirish imkoniyati mavjud:
Tranzit harajatlarini kamaytirish va tovarlarni Qozogʻiston hududi orqali tranzit qilishni soddalashtirish;
2018 yilda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish Oʻzbekiston charm-poyafzal sanoatida oʻrtacha 76.2%ni, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda 73%, kiyim-kechak tarmogʻida esa 66.7%ni tashkil etganligini hisobga olib Oʻzbekiston charm-poyafzal, toʻqimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarining foydalanilmayotgan eksport salohiyatini mavjud ishlab chiqarish quvvatlarining maksimal yuklanishi hisobiga YeOII bozorlariga yoʻnaltirish.
Jahon Banki materiali asosida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Xasan Majidov tayyorladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

