YeOII: siyosatlashgan iqtisodmi yoki iqtisodlashgan siyosat?
Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda ayrimlarimiz oʻzimizni, bizningcha, bir narsani unutgandek his etayapmiz. Unga oʻta siyosiy tus berayapmiz. Hadiksirayapmiz. Xavfsirayapmiz. Turli variantlarda, masalaning siyosiy jihatlariga haddan ziyod urgʻu berib, “Ixtiyorimizni oʻzgalar qoʻliga berib qoʻyish ehtimoli bor”, - qabilidagi fikrlarni bildirayapmiz.

Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda ayrimlarimiz oʻzimizni, bizningcha, bir narsani unutgandek his etayapmiz. Unga oʻta siyosiy tus berayapmiz. Hadiksirayapmiz. Xavfsirayapmiz. Turli variantlarda, masalaning siyosiy jihatlariga haddan ziyod urgʻu berib, “Ixtiyorimizni oʻzgalar qoʻliga berib qoʻyish ehtimoli bor”, - qabilidagi fikrlarni bildirayapmiz.
Haqiqatdan ham siyosat – bu oʻta qaltis hodisa. U, aslida, oʻziga xos –olov. U bilan oʻynashib boʻlmaydi. Oʻynashsak –kuyib qolishimiz mumkin.
Siyosatning turlari koʻp. Ulardan biri iqtisodiy siyosatdir. Endi bir eʼtibor bering-a? Iqtisodiy siyosatda nima birlamchi? Iqtisodmi yoki siyosat? Hatto yozilishidan ham koʻrib turganingizdek, unda, shak-shubhasiz, iqtisod birlamchidir. Bu ushbu variantda siyosatning “taqdir”ini, avvalo, iqtisod hal qiladi, deganidir. Bunday sharoitda masalaga bunchalik siyosiy “toʻn kiydirish” qanchalik oʻrinli? U oʻzining mantiqiy asosiga egami?...
Buning ustiga, masalaning quyidagi jihatiga ham bir eʼtibor beraylik-chi, unda qanday manzaraning guvohi boʻlar ekanmiz, yaʼni YeOIIni tuzishning maqsadlari nimalardan iborat? Mana ular: a) aʼzo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish; b) Ittifoq doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish; v) global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish (2014 yil 29 mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy itttifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasi).
Endi ana shu uch guruhga birlashtirilgan maqsadlarni soʻzma-soʻz yoki hijjalab oʻqib, oʻzimizning “qalb prizma”mizdan oʻtkazaylik-chi, ulardan nimaning hidi kelayotgan ekan? Iqtisodningmi yoki siyosatning? Sogʻlom fikrlaydigan har bir fuqaro bu yerda, avvalo, iqtisodning hididan bahramand boʻladi, shunday emasmi?!
Shunday boʻlishiga qaramasdan, iqtisodning negizida bizning koʻzimiz koʻrolmaydigan yoki aqlimiz idrok etishga ojiz boʻlgan siyosat yashirinmaganmikan? Boringki, shunday ham boʻlsin, deylik. Lekin u, baribir, siyosat emas-da! Nari borsa, u iqtisodiy siyosatdir. Zero, iqtisodiy siyosat bilan ciyosat oʻrtasida barobarlik belgisini qoʻyib boʻlmaydi.
Yana bir masalaga, yaʼni iqtisodlashgan siyosat va siyosatlashgan iqtisodga aniqlik kiritaylik. Ularning ikkalasi ham birmi yoki boshqa-boshqa narsalarmi? Ayrimlarning nazarida, ularning ikkalasi ham – bir xil. Goʻyo “ikki oʻn besh – bir oʻttiz”dek. Aslida-chi? Aslida esa – ular oʻrtasida osmon bilan yerchalik farq bor. YeOII doirasida siyosatlashgan iqtisod faoliyat koʻrsatmaydi, balki iqtisodlashgan siyosat amalga oshirilishi mumkin. Shuning uchun ham uning siyosiy xavfi ayrimlar oʻylaganchalik emas.
Shunday ekan, Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalasini bunchalik siyosiylashtirishga ne hojat?!
Tohir MALIKOV
iqtisodiy fanlar doktori, professor
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

