EOII boʻyicha baʼzi mulohazalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senatining 20-majlisida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatining toʻlaqonli aʼzosi boʻlishning jihatlari toʻgʻrisida fikrlarini bildirdi. Bu borada, mazkur ittifoq doirasidagi savdo jarayonlarining optimallashayotgani mahalliy tovarlarning xalqaro bozordagi oʻrniga salbiy taʼsir etishi qayd etib oʻtildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senatining 20-majlisida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatining toʻlaqonli aʼzosi boʻlishning jihatlari toʻgʻrisida fikrlarini bildirdi. Bu borada, mazkur ittifoq doirasidagi savdo jarayonlarining optimallashayotgani mahalliy tovarlarning xalqaro bozordagi oʻrniga salbiy taʼsir etishi qayd etib oʻtildi. Shu boisdan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan eksport qilinadigan tovarlarning sifatini oshirish, nafaqat ittifoq doirasidagi, balki mahalliy bozordagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga shart-sharoit yaratadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasida mazkur ittifoq va u bilan erkin savdo shartnomasiga ega davlatlarining ulushi qariyb 50 foizni tashkil etishi mamlakatimizni YeOII aʼzo boʻlishini oʻylab koʻrishga, tahlil etishga undaydi.
Ayni kunda YeOII joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi boʻlsa, aholi soni boʻyicha 8-chi va YaIM hajmi boʻyicha esa, 10 oʻrinda qayd etilmoqda. Boshqacha aytganda, jahon YaIMning 3,6 foizini yaratmoqda (Xalqaro valyuta fondi maʼlumotlari). Taʼkidlash lozimki, mazkur koʻrsatkichning shakllanishida Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonning ulushi mos ravishda 85 va 10 foizdan ortiqni tashkil etadi. YeOIIda aʼzo mamlakatlar mamlakatimizning asosiy savdo sheriklari ekanligini inobatga olinsa, mazkur jarayon dolzarb ekanligi koʻzga tashlanadi.
Shuningdek, ushbu ittifoqga kirgandan soʻng, Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlishi savol ostida qolmaydi. Sababi, 1994 yil 21 dekabrda JSTga aʼzo boʻlish yuzasidan ishchi guruh tuzilgan, lekin 2005 yilga kelib ushbu muzokaralar toʻxtab qolgan edi. Shunday boʻlsada, 2019 yil boshiga kelib ushbu ishchi guruhning ishi jonlantirildi va Oʻzbekiston 2019 yilning oxiriga qadar JST aʼzo mamlakatlari bilan “Tashqi savdo rejimi” kelishuvini imzolashi nazarda tutilgan. Shu kunga qadar mamlakatimiz qator JSTga aʼzo davlatlar bilan ikkitomonlama muzokalarni yakuniga yetkazmoqda.
Koʻplab mutaxasislar YeOII aʼzo mamlakatlarining iqtisodiy oʻsish surʼatlari kamayish tendensiyasiga ega boʻlayotganligini taʼkidlashmoqda. Qayd etish lozim, Xalqaro valyuta fondining maʼlumotlariga qaraganda, 2010-2015 yillarda jahon mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish kamayayotganligini koʻrish mumkin. Jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarda 7,4 dan 4,3 foizgacha pasaygan, rivojlangan iqtisodiyotlarda esa 3 foizdan 2,2 foizgacha kamaygan. Umuman olganda, jahon miqyosida ushbu koʻrsatkich 2010 yilda 5,4 foiz oʻsishdan 2015 yilda 3,5 foizga tushgani. 2015 yildan boshlab hozirgi kunga qadar iqtisodiy oʻsishning oʻzgarishi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda 4,3 foizdan 3,9 foizga tushgan boʻlsa, rivojlangan mamlakatlarda 2,3 foizdan 1,7 foizga tushgan. Jahon miqyosida mazkur koʻrsatkich 3,5 foizdan 3 foizga pasaygan.
Koʻrinib turganidek, jahon mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish darajasi pasayish tendensiyasiga ega. Shu bois, ayrim mutaxassislarning mazkur iqtisodiy jarayon faqat Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlari iqtisodiyotiga xos deyishi xatodir.
Shuningdek, Oʻzbekiston importining 1/3 qismini “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” tashkil etmoqda. Buning tarkibida esa, asosiy savdo hamkori boʻlib Xitoy hisoblanadi. Demak, mamlakat importida asosiy ulushni texnologiyalar tashkil etishi muhim ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekistonni tovarlar ishlab chiqarish imkonini saqlab qolishda sezilarli rol oʻynaydi. Shu boisdan, YeOII va Xitoy oʻrtasida erkin savdo kelishuvi amal qiladi. Bu esa, Oʻzbekistonni YeOIIga aʼzo boʻlishi Xitoy bilan savdo munosabatlarini yengillashtirishga yordam beradi. Oʻzbekiston jahon iqtisodiyotida suveren davlatga xos xalqaro iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirmoqda. Shuning uchun Oʻzbekistonning har qanday integratsion jarayonlarning subʼyekti sifatida yoki alohida xalqaro iqtisodiy munosabatlar oʻrnatishi mamlakatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqib xal etiladi.
Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonning YeOIIga aʼzo boʻlib kirishi yoki kirmasligi harakat qilish yoki harakatsizlikning iqtisodiy manfaatlari va salbiy xususiyatlaridan kelib chiqib tahlil etilishi zarur.
YeOIIga aʼzo boʻlib kirishning Oʻzbekiston uchun iqtisodiy manfaatli jihatlari koʻplab olimlar tomonidan internet tarmogʻida keng ommaga taqdim etilganiga qaramay, Tokio universitetida tahsil olayotgan yosh vatandoshimiz oʻz maqolasida Oʻzbekistonlik barcha olim va mutaxassislarning xulosalarini obʼyektiv baholay olmagan. Yaʼni, “ittifoqqa qoʻshilish maqsadga muvofiq” emas degan fikrlar yoʻq demoqchi emasmiz, lekin hamma xulosalar ham shunday taqdim etilmaganligini inobatga olmaslik, masalaga juda tor va sayoz yondoshilganligini anglatadi. Shu boisdan maqolada keltirilgan baʼzi fikrlarga nisbatan oʻzimizning xulosalarimizni asoslashga harakat qilamiz.
Jahonda 220 dan ortiq milliy iqtisodiyotlar mavjudligiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, har qanday mamlakat maʼlum bir mamlakatning importida yoki eksportida mutloq ustunlikka ega boʻla olmaydi. Jumladan, iqtisodiy ittifoq doirasida ham. Mazkur maqolada Rossiya bilan boshqa ittifoq davlatlarining tashqi savdo aylanmasiga eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Serbiyaning Rossiya bilan tashqi savdo aylanmasi 10 foizni tashkil etadi, deb qayd etilgan.
The Observatory of Economic Complexity maʼlumotlariga koʻra, Serbiyaning yirik savdo hamkorlari qatorida Rossiyadan qilinadigan import 7 foizni (Xitoydan ham 7 foiz) tashkil etsa, Rossiyaga qilingan eksportda 6,2 foizni tashkil etgan. Ushbu raqamlarni Rossiya tashqi savdosidagi oʻrniga eʼtibor bersak, Rossiya Federal Bojxona xizmati maʼlumotlariga asosan, Serbiyaning Rossiyaga qilingan importda 0,45 foizni, eksport ulushida esa, 0,3 foizga yetmagan koʻrsatkichni tashkil etmoqda. Xulosa qiladigan boʻlsak, Serbiyaning tashqi savdosida Rossiya dastlabki 5ta davlat qatoriga kirsa, Rossiyaning tashqi savdosida Serbiyaning ulushi 0,5 foizga yetmagan holda shakllanmoqda. Shu boisdan, mazkur masalada raqamlarni toʻgʻri yetkazishga va ushbu raqamlar orqali mamlakatda import tovarlarning narxi pasayotganligini inobatga olish zarur, deb hisoblaymiz. Rossiyaning tashqi savdo aylanmasining hajmini 1,6 trln. AQSh dollariga teng boʻlgan iqtisodiyoti bilan baholanishi lozim. Rossiyaning yirik savdo hamkorlaridan Xitoy (16 foiz atrofida) va Germaniya (9 foiz atrofida) boʻlib, ularning iqtisodiyotlari oʻlchovi (YaIM nazarda tutilmoqda) uygʻun ravishda katta hajmga ega. Taʼkidlash lozimki, AQSh iqtisodiyoti katta boʻlishiga qaramasdan Rossiya va AQSh oʻrtasidagi masofaning uzoqligi savdo rivojlanishiga yetarli shart-sharoit yaratmaydi. Shunday boʻlsa-da, AQShning Rossiya tashqi savdosidagi ulushi 5 foizga yetadi.
Umuman olganda, mutaxasislar YeOII doirasida aʼzo mamlakatlarining oʻzaro savdo aylanmasi yuqori ulushga ega emasligini taʼkidlashga urinmoqda. Mazkur ittifoq doirasida yaratilgan YaIMning umumiy hajmida ham Rossiyaning ulushi 85 foiz atrofida boʻlmoqda. Bu esa, aʼzo mamlakatlar bilan savdo aylanmasi qanchalik ortmasin, Rossiya tashqi savdosida yirik ulushga ega boʻlmasligini anglatadi. Endi shu oʻrinda, Yevropa Ittifoqi doirasida savdo aylanmasiga toʻxtalib oʻtsak. Masalan, Germaniya – Fransiya (7,8 foiz), Buyuk Britaniya (6,8), Niderlandiya (6,3 foiz) va Italiya (5,4 foiz) davlatlariga mos ravishdagi mahsulotlar eksportiga ega boʻlsa, Xitoy va AQSh bilan oʻzaro 7,1 va 8,4 foiz eksportga ega boʻlmoqda. Zotan, jahonning yirik eksportyori hisoblangan Germaniya ham Yevropa Ittifoqi davlatlariga nisbatan Osiyo va Amerika qitʼasi bilan nisbatan yuqori ulushga ega boʻlmoqda. Fransiya ittifoqdosh mamlakatlariga (Germaniyadan tashqari) eksport hajmi 10 foizga yetmaydi.
Fikrimizcha, maʼlum ittifoq doirasida savdo aylanmasining maʼlum bir davlatga bogʻlanganligi bilan baholash – bu masalaga oʻta sodda va asossiz iqtisodiy yondoshuvni bildiradi. Taʼkidlash lozim, savdo aylanmasining diversifikatsiyalanganlik darajasi mamlakatning geosiyosiy jihatdan bir mamlakatga bogʻlanib qolmasligini oldini olishga va oʻz pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Hozirgi kunda Oʻzbekiston 170 dan ortiq mamlakatlar bilan oʻzaro tashqi savdo munosabatlarini amalga oshirmoqda, yaʼni Oʻzbekiston na YeOII doirasida, na jahon iqtisodiyotida faqatgina bir mamlakat bilan savdo qilmasligini anglanadi.
Masalan, hozirgi kunda Oʻzbekistoning yirik savdo hamkorlari Xitoy (18,7 foiz), Rossiya (14,9 foiz), Qozogʻiston (8,3 foiz) va Janubiy Koreya (6,6 foiz) bilan savdo aloqalarida bir davlatning toʻliq ustunlikka ega boʻlmayotganligi ijobiy holat. Shu bilan birga, YeOII aʼzo mamlakat Qirgʻiziston bilan savdo aylanmasi yirik ulushga ega boʻlmasa-da, oʻzaro savdo munosabatlarida Oʻzbekistonning savdo balansi ijobiy qoldiqqa ega. Demak, Qirgʻizistoning ulushi kichik boʻlsada, u bilan savdoga kirishish salbiy, deb baholash maqsadga muvofiq emas. Aksincha, Qirgʻiziston bojxona hududida Oʻzbekiston tovarlari narxlarini kamaytirish orqali raqobatbardoshligini oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Bu esa, bojxona kelishuvlarini talab etadi.
Shuningdek, ittifoq doirasida savdo munosabatlarini shakllantirishda aʼzo davlatlar milliy mahsulotlarini eksport qilinishida qoʻshilgan qiymatning meʼyoriga talab oʻrnatilishi lozim boʻladi. Masalan, Belorussiya tomonidan ittifoq doirasida tovarlarni eksport qilishdagi imtiyozlar milliy qoʻshilgan qiymatning kamida 60-70 foiz boʻlganda amal qilishi shart. Aksincha, mahsulotlarni re-eksport qilish orqali savdo kelishmovchiliklarini keltirib chiqarishga shu yoʻl bilan kurashish maqsadga muvofiq.
Shu boisdan, ittifoqqa kirishda huquqlar va majburiyatlar muvozanatiga erishish mamlakatning savdo munosabatlarining diversifikatsiya darajasini inobatga olmaslik oʻta tor doiradagi xulosani anglatadi. Bizningcha, Oʻzbekiston uchun xalqaro iqtisodiy munosabatlarni, ayniqsa, savdo munosabatlarini rivojlantirishda quyidagi jihatlarni inobatga olish maqsadga muvofiq:
- tashqi savdo aylanmasini ham geografik jihatdan, ham tovarlar jihatidan diversifikatsiya qilish;
- savdo aylanmasida maʼlum bir davlatning pozitsiyasiga suyanib qolmaslik;
- ittifoq doirasida yoki savdo hamkorlari bilan tarif va notarif toʻsiqlarni muvozanatlashtirishga erishish.
Aniqroq qilib aytganda, mamlakatlarning oʻzaro savdo aylanmasida biror davlatning mutloq ustunlikka ega boʻlishi bilan emas, balki tashqi savdoning diversifikatsiyalashganligi va raqobat ustunligiga ega boʻlishini taʼminlash dolzarb hisoblanadi.
Oʻzbekistonliklarga qulay viza rejimini taqdim etilishi nafaqat ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa, nisbatan zich demografik joylashuviga ega boʻlgan Oʻzbekistonga aholi sonini ittifoq davlatlariga samarali taqsimlash imkonini qoʻlga kiritadi. Shuningdek, oʻzbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi. Masalan, YeOII aʼzo mamlakat fuqarolari patent olmasdan, yaʼni patent badalini toʻlamasdan mehnat qilish huquqiga ega. Shunday boʻlsada, ular yashash joylarida vaqtinchalik registratsiya (roʻyxat)dan oʻtishlari shartligi belgilangan. Albatta, har qanday inson (turist sifatida ham) oʻzining yashash joyi toʻgʻrisida tegishli organlarga maʼlumot berishlari barcha mamlakatlarga xos boʻlgan qonuniyatdir. Patent toʻlovlarini toʻlashdan ozod boʻlish esa, koʻp jihatdan ittifoq bilan hamkorlik qilishni taqozo qiladi.
Bu birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, toʻlov balansining joriy transfertlar balansining barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, oʻzbekistonliklar oʻz oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yuzaga kelishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.
Oʻzbekiston YeOII bilan savdo munosabatlarini chuqurlashtirar ekan. Bunda ittifoqning mustaqil institutlari tashkil etilishini ilgari surishi va unga erishishi lozim boʻladi. Bu birinchidan, maʼlum mamlakat taʼsirini dominantligini oldini oladi. Ikkinchidan, aʼzo mamlakatlar tomonidan huquq va majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga shart-sharoit yaratib beradi.
Taʼkidlash lozimki, YeOII eng yuqori organi boʻlib – Yevroosiyo iqtisodiy Oliy kengashi (YeOIOK) hisoblanadi. YeOIOK tarkibi aʼzo davlatlarning rahbarlaridan iboratdir. Bu, oʻz navbatida, ushbu iqtisodiy ittifoqda har bir aʼzo davlatning manfaatlari mutanosib ravishda himoya qilingan holda strategiya ishlab chiqilishini koʻrsatadi.
Shuningdek, YeOII doirasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalari va tarmoqlari salohiyatidan umumiy holda kelishib foydalanish ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. YeOII aʼzo davlatlari iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ulkan salohiyatga egadir. Masalan, gaz va neft qazib chiqarish boʻyicha dunyoda 1-oʻrin; meneral oʻgʻitlar ishlab chiqarish boʻyicha – 2-oʻrin; elektrenergiya ishlab chiqarish, bugʻdoy va kartoshka yetishtirish boʻyicha – 3-oʻrin; koʻmir qazib chiqarish, choʻyan va poʻlat, goʻsht mahsulotlari ishlab chiqarish hamda avtomobil yoʻllari uzunligi boʻyicha 4-oʻrinni egallashi bu ittifoqning ulkan salohiyatga ega ekanligini koʻrsatib beradi.
Hozirgi vaqtda YeOII doirasida pensiya taʼminoti boʻyicha shartnoma ishlab chiqilmoqda va qaror qabul qilish jarayonida turibdi. Unga muvofiq, barcha migrantlarni Rossiyadagi umumiy tibbiy sugʻurta tizimiga ulanish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Bugungi kunga kelib, Erkin savdo hududlari toʻgʻrisidagi Bitim (ESH) Vetnam (2016 y.), Singapur (2018 y.) va Eron (2018 y.) bilan imzolangan. Shuningdek, Xitoy (2017 y.) bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim boʻyicha muzokaralar nihoyasiga yetgan. Hozirda ESH tuzish boʻyicha Hindiston, Misr, Tailand va boshqa davlatlar bilan bitimlar tuzish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
YeOIIga aʼzo mamlakatlar erishgan yutuqlar sifatida qator misollarni keltirish mumkin. Masalan, YeOIIga Armanistonning aʼzo boʻlib kirishi ushbu davlatga Rossiyaga qiladigan eksporti (xususan, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari)ni 87%ga oshirish imkonini yuzaga keltirdi. Qozogʻistonning YeOIIga aʼzo boʻlganidan soʻng, Rossiya bilan tuzilgan qoʻshma korxonalari soni qariyb 2 barobarga oshdi va 8 mingtaga yetdi.
Shuningdek, Oʻzbekistonni temiryoʻl transportida yuklarni tashish ulushining YeOIIga aʼzo davlatlaridagi ulushi – eksport, import va yuklarni tranziti umumiyga nisbatan mos ravishda – 67 foiz, 71 foiz va 78 foizni tashkil etdi.
Yana bir fikr, oxirgi vaqtda OAV larida Oʻzbekistonni YeOIIga qoʻshilishi uni JST qoʻshilish jaryonini murakkablashtirishi va maʼlum bir darajada Rossiya tomonidan mamlakatimizga siyosiy bosimlar paydo boʻlishi mumkinligi haqida asossiz ravishda fikrlar bildirib oʻtilmoqda.
Birinchidan, Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar, yoki boshqa iqtisodiy ittifoqqa aʼzo boʻlishi-boʻlmasligi mamlakatning ichki ishidir. Chunki, Hukumatimiz aholi farovonligi va tinchlik-xotirjamligini taʼminlashga xizmat qiladigan mavjud barcha xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar oʻrnatishga harakat qilgan. Buni oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlardan va iqtisodiyotni bozor qonunlari asosida rivojlantirishga harakat qilinayotganligidan koʻrish mumkin. Bunga misol qilib, turk tilida soʻzlashuvchi davlatlar hamkorlik Kengashiga Oʻzbekistonni qoʻshilganligi ushbu davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro mahsulot va xizmatlarni ayirboshlanishini 2019 yilning oxiriga kelib 12 mlrd. AQSh dollariga yetishiga olib keldi. Demak, iqtisodiy ittifoq mamlakat rivojiga va xalqaro iqtisodiy aloqalarini rivojlanishiga taʼsir koʻrsatar ekan, uni oʻrganish, tadqiq etish dolzarb masala sanaladi.
Ikkinchidan, YeOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini taʼkidlash joizdir. Bu jihat tashkilotga aʼzo davlatlar suverinetetiga taʼsir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tayziq oʻtkazilishi mumkin emasligi ravshan deb qarash lozim. Bu tashkilotning asosiy maqsadi oʻzaro manfaatdorlikdan iborat boʻlsa, shubhasiz, bu tashkilotga aʼzo boʻlish masalasini muhokama qilish oʻrinlidir.
Uchinchidan, YeOII aʼzolari boʻlishligiga qaramasdan, 1998 yildan (20.12.1998) Qirgʻiziston, 2003 yildan (05.02.2003) Armaniston, 2012 yildan (22.08.2012) Rossiya va 2015 yildan (30.11.2015) Qozogʻiston Xalqaro Savdo tashkiloti(JST)ning aʼzoligiga qabul qilingan. Tabiiy savol tugʻiladi: Oʻzbekistonnning YeOII aʼzo boʻlish boʻlmasligi JSTga aʼzo boʻlish boʻlmasligiga nima dahli bor? Agar bu tashkilotga siyosiy tus berishga urinishlar boʻlsa, nega YeOII davlatlari bilan AQSh oʻrtasida ikki yoqlama staretgik hamkorlik tuzilgan. Fikrimizcha, YeOII aʼzolik masalasini tahlil qilishimiz bilan birga, paralel ravishda JST aʼzolikka qoʻyilayotgan muhim qadam sifatida baholashimiz mumkin. Chunki, milliy tovar-mahsulotlarimizni YeOII hududi boʻylab erkin sota olishimiz imkoni paydo boʻlishi va aʼzo mamlakatlar mahsulotlarining yurtimizga erkin kirib kelishi raqobatbardoshligimizni oshirishga xizmat qiladi. Shuni ham qayd etish kerakki, YeOII hududida mahsulotlarga (markirovka, sifat, sanitariya normalari va boshqalar) nisbatan boʻlgan alohida meʼyorlar tizimi ishlab chiqilgan. Bu va shu kabi boshqa talablar turli mahsulotlarning ishlab chiqarish jarayonida turli sifat oʻzgarishlarni kiritishni talab etadi. Bunda monopol deb hisobladigan ayrim tarmoqlarning faoliyati ham xavf ostida qolish ehtimoli yoʻq emas. Ehtimol, bizda ham menejment va ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatdan tubdan oʻzgartirish davri yetib kelgandir. Bu jarayonlar oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonni JST aʼzo boʻlishiga ham xizmat qilishiga asos boʻladi.
Xulosa shuki, agar Oʻzbekiston YeOIIga aʼzo boʻlsa, bu jarayon iqtisodiyotimizga hamda hayotimizga katta ijobiy oʻzgarishlar olib kelishi shubhasiz. Biz uchun, ushbu oʻzgarishlarda millatimiz manfaatini himoya qilib, halqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini taʼminlashimiz muhimdir.
Nodir Jumayev
iqtisod fanlari doktori,
Dilshodjon Rahmonov
iqtisod fanlari doktori
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

