Eksport qiluvchilarning sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlari kompensatsiya qilinadi
Sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlari Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlari hisobidan sugʻurta pulining 1%idan ortiq boʻlmagan miqdorda kompensatsiya qilib beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 25.08.2020 yildagi 512-son qarori bilan Eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda, sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlarini kompensatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 7.05.2020 yildagi «Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4707-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.
Nizomga muvofiq, garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalangan eksport qiluvchilarga sugʻurta mukofoti uchun toʻlov xarajatlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tomonidan Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlari hisobidan sugʻurta pulining 1%idan ortiq boʻlmagan miqdorda kompensatsiya qilib beriladi.
Kompensatsiya toʻlanishi uchun quyidagilar shartlarga rioya etilgan boʻlishi:
sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlangan boʻlishi (sugʻurta mukofoti sugʻurtalovchiga toʻgʻridan-toʻgʻri qoplab beriladigan holatlar bundan mustasno);
eksport shartnomalari (invoyslar) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi (bitta invoys boʻyicha $5 minggacha tovarlarni (xizmatlarni) eksport qilish holatlaridan tashqari), eksportoldi moliyalashtirish shartnomasi boʻyicha sugʻurta amalga oshirilishi holatlari bundan mustasno;
avval olingan kompensatsiya boʻyicha sugʻurta shartnomasi muddatidan avval bekor qilingan boʻlsa, sugʻurta qildiruvchi tomonidan kompensatsiyaning tegishli qismi qaytarilgan boʻlishi;
tadbirkorlik xavfini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha faqat sugʻurta qildiruvchining oʻz tadbirkorlik xavfi va moliyalovchi shaxs foydasiga sugʻurtalanishi;
sugʻurta shartnomasining turi Nizom, Fuqarolik kodeksi va sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilangan shartlarga mos kelishi shart.
Kompensatsiya olish uchun arizalarni koʻrib chiqish tartibi Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi. Ariza va zarur hujjatlar olinganidan keyin Agentlik ularni koʻrib chiqadi va 7 ish kuni davomida xulosa beradi.
Moliya vazirligi taqdim etilgan buyurtmanomaga muvofiq 3 ish kuni davomida kompensatsiya mablagʻlarini Agentlikning hisobvaragʻiga, Agentlik esa hisobvaragʻidan bir ish kuni davomida sugʻurta qildiruvchi yoki sugʻurtalovchining hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Nizomda quyidagilar ham koʻrsatilgan:
sugʻurta mukofotini qoplab berish uchun talab etiladigan hujjatlar va ularni koʻrib chiqish tartibi;
sugʻurta mukofotini qoplab berishni rad etish sabablari;
sugʻurta mukofotini qoplash uchun toʻlovlarni amalga oshirish tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 26.08.2020 yildan kuchga kirgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

