Dorixonalarda qanday dori vositalari mavjud emas va qanday dorilarning narxlari oshirilgan?
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida koʻpchilik dorixonalarda COVID-19 bilan davolanish uchun zarur boʻlgan vositalarning tanqisligi va narxlarning oshirilishi kuzatilmoqda. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi vaziyat haqida quyidagicha izoh berdi.

Koronavirus infeksiyasining koʻpayishi natijasida davolanish uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar oshirilgan narxda sotilgan. Respublikaning koʻplab dorixonalarida COVID-19 ga qarshi qoʻllaniladigan dori vositalarining tanqisligi, ayrim holatlarda mavjud emasligi kuzatildi, deya xabar berdi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi karantin boshlangan davrdan buyon dori vositalari narxi oshib ketishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.
Buning natijasida, savdo ustamalariga hamda savdo qoidalariga qatʼiy rioya qilish, dori vositalariga boʻlgan sunʼiy tanqislik va katta talabni vujudga keltirmaslik, qonun va litsenziya talablariga amal qilmaslikning huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida tegishli tushuntirishlar olib borildi va respublika boʻyicha 3000 dan ortiq dorixona rahbarlari va xodimlariga rasmiy ogohlantirish xatlari berildi.
20 iyul — 12 avgust kunlari 500 ga yaqin dorixonalarda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari va biologik faol moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining dorixonalarda mavjudligi va ularning chakana narxlari yuzasidan Agentlik tomonidan monitoring kuzatuvlari oʻtkazildi.
Tanqis boʻlgan dorilar
Kuzatuvlarga koʻra, dorixonalarda quyidagi dori vositalari mavjud emas:
Ribavirin tarkibli (virusga qarshi vosita) «Vizavirin» (Hindiston);
Ritonavir va Lopinavir tarkibli (virusga qarshi vosita);
«Aluvia» (Germaniya);
«Lopinavir/Ritonavir» (Hindiston);
Apiksaban tarkibli (toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etuvchi antikoagulyant, Xa. koagulyasion omilining selektiv inxibitori);
«Elikvis» (AQSh) dori vositalari.
Respublika boʻyicha oʻrganilgan dorixonalarning 14 tasida (Toshkent sh., Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyati) Umifenovir (virusga qarshi vosita) tarkibli «Arbidol» (Rossiya) va «Arpeflyu» (Belorussiya) dori vositasi mavjudligi hamda ularning qoldiq zaxirasi kamligi (605 quti) kuzatildi.
Qaysi dorilar qimmat narxlarda sotilmoqda?
Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga koʻra, aholi talabi yuqori boʻlgan ayrim dori vositalari dorixonalardan tashqarida va boshqa yoʻllar bilan qimmat narxlarda sotilayotganligi qayd etilmoqda. Shu jumladan, Plakvenil (gidroksixloroxin) kabi dori vositasi dorixonalardan tashqarida 500 ming soʻmdan 1 mln soʻmgacha sotilayotgan boʻlsa (barcha xarajatlar va savdo ustamalari bilan qoʻshib hisoblanganda eng yuqori chakana narxi 410 ming soʻmdan oshmasligi kerak), chakana narxi 405 ming soʻmdan oshmasligi lozim boʻlgan Kleksan (enoksaparin) 4000 XA ME dozali dori vositasi dorixonalar va undan tashqarida 2,4 mln soʻmgacha narxlarda sotilmoqda. Belarusda ishlab chiqarilgan Geparin dori vositasi ham dorixonalarda qutisi uchun 400 ming soʻmdan realizatsiya qilinmoqda, uning cheklangan chakana narxi 135 ming soʻmni tashkil etadi.
Dorixonalarda tekshiruv oʻtkazildi
Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan 30 ta dorixonada oʻtkazilgan tekshirishlar davomida quyidagilar maʼlum boʻldi:
9 ta (Toshkent sh. Jizzax, Samarqand, Toshkent v.) holatda belgilangan ustamalarni 20 foiz oʻrniga 93 foizgacha qoʻllanilgan;
6 ta (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo v., Toshkent sh.) holatda yaroqlilik muddati oʻtgan, roʻyxatdan oʻtmagan va kirim hujjati mavjud boʻlmagan dori vositalarini realizatsiya qilish holatlari aniqlangan;
12 ta dorixonaga belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, tegishli koʻrsatma berilgan (chora koʻrilgan) hamda litsenziya shartlarini qoʻpol ravishda buzganligi uchun belgilangan tartibda litsenziyasini bekor qilish masalasini koʻrib chiqish uchun Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga toʻplangan hujjatlar yuborildi.
Shuningdek, isteʼmolchilar murojaatlarini oʻrganish davomida va Agentlik tomonidan olib borilgan monitoring natijasida dori vositalarini tovar chekisiz sotish holatlari aniqlanmoqda. Dorixonalar aksariyat holatlarda dori vositalari narxlarini yashirish maqsadida tovar chekini berishmayotganligi kuzatilmoqda. Bu oʻz navbatida dori vositalarini qimmat narxlarda sotish holatlarini aniqlashni qiyinlashtirmoqda.
Agentlik barcha isteʼmolchilarni ogohlantirmoqda
Agentlik barcha isteʼmolchilarga dorixona xodimidan dori vositalarini sotib olishdan oldin muvofiqlik sertifikatini talab qilish huquqiga ekanliklar, shuningdek, nazorat-kassa va tovar cheki berishni talab qilish zarurligini eslatib oʻtdi. Dori-darmonlarni qabul qilish vaqtida shifokorning farmatsevtga yozma murojaati — retseptni saqlash tavsiya etiladi, deya xabar berdi agentlik.
Isteʼmolchilik huquqlari buzilgan fuqarolar Agentlikning 1159 qisqa raqamli ishonch telefoni, www.consumer.uz. veb-sayti yoki info@consumer.uz elektron manziliga murojaat yuborishlari mumkin.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

