Chegara punktlaridagi nazorat tartib-taomillariga vaqt limitlari oʻrnatildi
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (18.11.2019 yildagi 912-son VMQga qarang). Nizom 2017 yilgi shunday hujjat oʻrniga qabul qilingan, avvalgi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ekologik nazorat qayd etildi
Yangi Nizomga kiritilgan qoʻshimchalardan biri ekologik nazorat tushunchasi va uning batafsil taʼrifi boʻldi.
Maʼlumot uchun: ekologik nazorat — atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qoʻyishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlari tizimi («Ekologik nazorat toʻgʻrisida»gi Qonunning 3-moddasi).
Belgilanishicha, davlat chegarasini kesib oʻtishda «Qizil kitob»ga kiritilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq olib kirish va olib chiqish taqiqlangan oʻsimlik hamda hayvonot dunyosi obʼyektlari, ularning qismlari, hosilalari, yashash faoliyati mahsulotlari, botanik va zoologik kolleksiyalar davlat ekologik nazoratidan oʻtkaziladi. Ekologik nazorat obʼyektlarini olib kirish va olib chiqish, shuningdek, ularni tranzit olib oʻtishga qonun hujjatlariga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
Davlat chegarasi orqali oʻtadigan avtotransport vositalari, tovarlar, qoʻl yuki va bagajini bojxona nazoratidan oʻtkazish jarayonida ekologik nazorat obʼyektlari aniqlanganda, bojxona organlari xodimlari tomonidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlari mutaxassislari jalb qilinadi. Ekologik nazorat meʼyor va qoidalari buzilishi aniqlanganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining mutaxassislari qoidabuzarlikni rasmiylashtiradi va hujjatlashtiradi, obʼyektni olib qoʻyish, utilizatsiya qilish yoki boshqa turdagi harakatlarni qoʻllash choralarini koʻradi.
Hammasi elektron tizimda qayd etiladi
Davlat nazorati organlari tomonidan oʻtkazish punktida haydovchilar, tovarlar va transport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan oʻtkazilishi «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda oʻtkazish punktiga avtotransport vositasi kirishi va chiqishi vaqtlari, ularning har biri davlat nazorati organlari tomonidan tegishli nazorat tartib-taomillaridan oʻtkazilishi qayd etib boriladi. Elektron tizim mavjud boʻlmaganda yoxud unda texnik nosozlik holatlari yuzaga kelganda «Yagona qayd varaqasi»dan foydalaniladi. Texnik nosozlik bartaraf etilganidan soʻng 1 kunlik muddatda kiritilgan belgilar elektron tizimga kiritiladi.
Har turdagi nazoratning oʻz vaqti bor!
Oʻtkazish punktida avtotransport vositalarining boʻlish vaqti ularning turi, oʻtkazish punktining texnik holatidan kelib chiqqan holda texnologik sxemada belgilanadi, biroq ushbu koʻrsatkich quyidagi muddatlardan ortiq boʻlmagan holda belgilanishi lozim:
yengil avtotransport vositalari uchun — 15 daqiqa;
yuk avtotransport vositalari uchun — 30 daqiqa.
Bunda avtotransport vositalarining oʻtkazish punktidagi har bir davlat nazorati organlari tomonidan tegishli tartib-taomillardan oʻtkazilishi vaqti quyidagicha belgilangan:
Bosqichlar | Nazorat turi | Amalga oshiriladigan tadbirlar | Bajarish muddati |
Oʻzbekistonga kirishda | |||
1-bosqich | Sanitariya-karantin nazorati | Haydovchini (zarur hollarda tovar va transport vositasini) sanitariya nazoratidan oʻtkazish | 3 daqiqa |
2-bosqich | Chegara nazorati | 1. Haydovchining davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligini tekshirish. 2. Haydovchini chegara (pasport) nazoratidan oʻtkazish | 4 daqiqa |
3-bosqich | Bojxona nazorati | Haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish | 15 daqiqa |
4-bosqich | Fitosanitariya nazorati | Olib oʻtilayotgan tovarlar fitosanitariya nazorati obʼyekti boʻlsa, ushbu tovarni fitosanitariya nazoratidan oʻtkazish | 4 daqiqa |
5-bosqich | Veterinariya nazorati | Olib oʻtilayotgan tovar veterinariya nazorati obʼyekti boʻlsa, ushbu tovarni veterinariya nazoratidan oʻtkazish | 4 daqiqa |
Oʻzbekistonda chiqishda | |||
1-bosqich | Bojxona nazorati | Haydovchi, tovarlar va avtotransport vositasini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish | 10 daqiqa |
2-bosqich | Fitosanitariya nazorati | Olib oʻtilayotgan tovarlar fitosanitariya nazorati obʼyekti boʻlsa, ushbu tovarni fitosanitariya nazoratidan oʻtkazish | 3 daqiqa |
3-bosqich | Veterinariya nazorati | Olib oʻtilayotgan tovar veterinariya nazorati obʼyekti boʻlsa, ushbu tovarni veterinariya nazoratidan oʻtkazish | 3 daqiqa |
4-bosqich | Chegara nazorati | 1. Haydovchining davlat chegarasini kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlari mavjudligini tekshirish. 2. Haydovchini chegara (pasport) nazoratidan oʻtkazish | 4 daqiqa |
Avtotransport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan oʻtish vaqti quyidagi hollarda belgilangan vaqt meʼyorlaridan ortiq boʻlishi mumkin:
avtotransport vositalari va (yoki) tovarlar bojxona koʻrigidan oʻtkazilganda;
haydovchi va (yoki) avtotransport vositasi yoki tovarlarni davlat chegarasi orqali olib oʻtish yoxud tashish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar mavjud boʻlmaganda;
bojxona organlariga bojxona chegarasi orqali, shu jumladan tranzit shartlarida oʻtkaziladigan avtotransport vositalari va tovarlar toʻgʻrisida oldindan elektron tarzda maʼlumotlar taqdim qilinmagan hollarda;
oʻtkazish punktlarida toʻlanishi belgilangan yigʻimlar yoki toʻlovlar toʻlanmagan hollarda;
nazorat organlari qonunbuzarlik holatlarini aniqlaganda;
favqulotda holatlarda.
Biroq avtotransport vositalarining nazorat tartib-taomillaridan oʻtish vaqti 72 soatdan ortiq boʻlmasligi lozim. Ushbu vaqt oʻtgandan soʻng, avtotransport vositasining respublikaga kirishi hal etiladi yoxud chegara nazorati tomonidan ortiga qaytariladi.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Ular qatorida quyidagilar ham keltirilgan:
oʻtkazish punktlarida davlat nazorati organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni tashkil etishga bojxona organi boshligʻi va chegara nazorati boʻlinmasining rahbari masʼul hisoblanadi (ilgari faqat chegara nazorat boʻlinmasining rahbari masʼul edi);
davlat chegarasi orqali ustuvor tartibda, navbatsiz oʻtkaziladiganlar roʻyxatiga qoʻshimcha kiritildi – unga Prezident Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli yozma topshirigʻiga muvofiq shaxslar, transport vositalari va tovarlar kiritildi;
temir yoʻl, havo va daryo oʻtkazish punktlarida nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi belgilandi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

