| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi69 marta oʻqildi

Biznes-klinika dasturi: inqiroz davrida biznesni qoʻllab-quvvatlash

Biznes-klinika dasturi karantin va karantindan keyingi davrda kichik va oʻrta biznes hamda xususiy tadbirkorlarga bepul yuridik va biznes konsultatsiyalarni berish va davlatimiz rahbarining farmonlarida nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari haqida toʻliq va ishonchli maʼlumot olishga yordam berish maqsadida 2020 yil may oyida ishga tushirildi.

Biznes-klinika dasturi: inqiroz davrida biznesni qoʻllab-quvvatlash

2020 yil mart oyida mamlakatimiz Rahbari tomonidan COVID-19 koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish uchun transport harakatini cheklash, tashqi va viloyatlararo chegaralarni yopish, bolalar bogʻchalari, maktablar va universitetlarda oʻqish jarayonini toʻxtatish, ommaviy tadbirlar va yigʻilishlarni bekor qilish kabi qatʼiy choralar koʻrildi. Karantin choralari va cheklovlar boshqa mamlakatlarda ham, Oʻzbekistonda ham kichik biznesning faoliyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, kichik biznes 2019 yilda Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsulotining 57 foizini tashkil etgan. Chet eldan pul oʻtkazmalarining kamayishi, turizmdan tushadigan daromadlar pasayishi va shu qatorda savdo va yetkazib berish zanjirlarida bir qator muammolar yuzaga keldi. Aksariyat korxonalar ishlab chiqarish hajmini va ishchilar sonini qisqartirishga majbur boʻldi, bu esa oʻz navbatida ish bilan taʼminlashda va fuqarolarimizning daromadlariga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish maqsadida Oʻzbekiston rahbari yuridik va jismoniy shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini ishlab chiqdi (xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2010 yildagi 5969-sonli, 03.04.2010 yildagi 5978-sonli va 27.04.2010 yildagi 5986-sonli farmonlari). Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi va tadbirkorlikni va aholi bandligini qoʻllab-quvvatlash uning asosiy maqsadlaridan biri deb belgilandi.

BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Oʻzbekistonda ishga tushirilgan COVID-19 ga qarshi tezkor harakat qilish mexanizmi (ingl. Rapid Response Facility) doirasida uchta yoʻnalish boʻyicha ishlar taklif qilindi:

1) Ehtiyojlarni tezda aniqlab ular boʻyicha yechim topish;

2) Inqirozga qarshi samarali boshqaruv;

3) Erta tiklanish.

Uchinchi yoʻnalish doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kichik va oʻrta biznes va xususiy tadbirkorlar uchun Biznes-klinika loyihasini ishga tushirdi. Biznes-klinika pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga biznesni tiklash va davlat tomonidan beriladigan imtiyoz va preferensiyalar bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha bepul maslahatlarni berib boradi.

Buning uchun biz tadbirkorlar bilan aloqa qilish uchun barcha mavjud kanal turlarini uladik: 1094 ishonch telefoni, https://t.me/biznes_klinika telegram-kanali va www.businessinfo.uz vebsayti.

Komponentning rahbari Farhod Jabborov pandemiyadan zarar koʻrgan barcha kichik va oʻrta biznes vakillarini Biznes-klinika xizmatlari orqali tajribali mutaxassislardan malakali maslahatlarni olishga va davlat tomonidan taqdim qilinayotgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan (soliq, bojxona, kredit va boshqalar) toʻliq foydalanishga taklif qiladi.

Bu biznesni yangi shaklda boshlash va:

- inqirozdan bosqichma-bosqich chiqish;

- avvalgi biznes aloqalarini tiklash va

- yangi bosqichga koʻtarish borasida yangi gʻoya va imkoniyatlarni beradi.

Shuningdek, kichik va oʻrta biznesga yangi turtki berish, biznes boshqaruvi koʻnikmalarini rivojlantirish, biznes barqarorligi va hayotiyligini taʼminlash va kelajakdagi har qanday oʻzgarishlarga moslashishga qaratilgan onlayn va karantin tugaganidan soʻng offlayn kurslarini boshlash rejalashtirilgan.

BMTTD qashshoqlik, tengsizlik va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq adolatsizliklarga barham berish boʻyicha BMTning yetakchi tashkilotidir. 170 mamlakatdagi bizning keng tajribali mutaxassislarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda biz odamlar va sayyoramiz uchun keng qamrovli, uzoq muddatli yechimlarni yaratishga yordam beramiz.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ