Birjada siment narxi tusha boshladi
29 iyun kuni birja savdolarida sementning oʻrtacha sotilish narxi 1 kg. Uchun 5 foizga pasaydi.

Joriy yilning soʻnggi oylarida birjaning sement bozorida talabning sezilarli darajada oʻsishi natijasida narxlarning oshishi holatlari kuzatilayotgan edi.
Xususan, 2020 yilning yanvar-iyun oylarida birjada barcha markali sementning oʻrtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 499,0 ming soʻmdan 792,0 ming soʻmgacha, yaʼni 59 foizga oʻsdi. Narxlarning oʻsishi asosan joriy yilning may–iyun oylariga, yaʼni qurilish mavsumining boshlanish davrlariga toʻgʻri kelmoqda.
Oʻtgan davrda birja savdolariga jami 4 075,0 ming tonna sement qoʻyilgan boʻlib, ulardan 4 044,0 ming tonnasi, yaʼni 99,3 foizi sotildi. Bunda, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 28 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalaridan 16 tasi oʻz mahsulotlarini birja savdolari orqali realizatsiya qilgan.
Sementga boʻlgan talab va narxlarning oshishiga karantin talablarining bosqichma-bosqich yumshatilishi orqali xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining faollashuvi va jadallashuvi, sotuvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga qoʻyilayotgan sement hajmlarining oʻrtacha 25 foizga pasaytirilganligi hamda sement mahsuloti importi hajmlarining oʻtgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 barobarga kamayganligi sabab boʻldi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda, sement boʻyicha birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni ham sezilarli darajada oʻsdi. Xususan, joriy yilning yanvar oyida birja savdolarida sementni xarid qilish uchun bir kunda oʻrtacha 326 ta korxona ishtirok etgan boʻlsa, iyun oyiga kelib ularning soni 692 tani, yaʼni oʻsish 2,1 barobarni tashkil etdi.
Birjaning sement bozorida talab va taklifning mutanosibligi hamda sement narxlarining barqarorligini bozor iqtisodiyotiga xos vositalaridan foydalangan holda taʼminlash maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va sement sotuvchi korxonalar vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan sement bozorini chuqur oʻrganish boʻyicha olib borilgan tahliliy ishlarning natijalari asosida sement bozorida muvozanatni tiklash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:
Birja savdolarida sotilayotgan sement hajmlarini xaridorlar oʻrtasida nisbatan tezroq va samaraliroq taqsimlanishga qoʻmaklashish uchun zarur choralarni qoʻllash va qulay sharoitlarni yaratib berish, shu jumladan, birjadan sotib olingan sementni zavodlarda yuklash muddatlarini qisqartirish. Buning natijasida sement mahsulotini son jihatidan yanada koʻproq isteʼmolchilarga yetib borilishi taʼminlanadi.
Sement bozorida taklif darajasini koʻtarish maqsadida yil yakuniga qadar umumiy quvvati 4,9 mln tonnaga teng 6 ta yangi sement ishlab chiqarish zavodlarini ishga tushirish evaziga respublikamizda mavjud quvvatlarni 20,0 mln tonnaga yetkazish. Taʼkidlash joizki, joriy yilning 10 iyulidan boshlab birja savdolariga qoʻyilayotgan sement hajmi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan 2 ta zavod hisobiga kunlik qoʻshimcha 3500 tonnaga oshadi.
Birja savdolariga kunlik 40,0 ming tonnadan kam boʻlmagan miqdorda sement mahsulotini sotuvchi korxonalar tomonidan bir maromda qoʻyilishi taʼminlanadi.
Sement uchun oldindan toʻlovlarni amalga oshirish va narxlar oʻzgaruvchanligidan himoya qilish imkonini beruvchi bir oydan ortiq muddatga kechiktirgan holda yetkazib berish sharti bilan “forvard” shartnomalari asosida birja savdolari oʻtkaziladi. “Forvard” savdolari bir tomondan kelajakda yetkaziladigan sement uchun narxlarni oldingan belgilab olish, ikkinchi tomondan mahsulot uchun toʻlovlarni bozor qiymatlarida oldindan olish imkonini beradi.
Ishchi guruhi tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 29 iyun kuni birja savdolarida sementning oʻrtacha sotilish narxi 1 kg. uchun 792 soʻmdan 754 soʻmga yoki 5 foizga pasaydi.
Ishchi guruhi tomonidan Birja savdolariga mahsulot qoʻyilishi va narxlarning asossiz oshib ketmasligi boʻyicha doimiy monitoring olib boriladi va zaruratga koʻra sement bozorida shakllanib borayotgan konʼyunkturadan kelib chiqqan holda narxlarni barqarorlashtirish boʻyicha boshqa qoʻshimcha chora-tadbirlar ham qoʻllanilishi mumkin.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

