20 ming kub tabiiy gaz aholi isteʼmoli uchun yoʻnaltirildi
Toshkent viloyati Qibray tumanida aholi isteʼmoli uchun yoʻnaltirilgan tabiiy gazdan tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan noqonuniy ravishda olinayotgan 20 ming kub gaz toʻxtatilib, aholiga yoʻnaltirildi.

Toshkent viloyati Qibray tumanida aholi isteʼmoli uchun yoʻnaltirilgan tabiiy gazdan tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan noqonuniy ravishda olinayotgan 20 ming kub gaz toʻxtatilib, aholiga yoʻnaltirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarlik qilayotgan ishchi guruh 5 dekabr kuni Qibray tumanida boʻlib, aholi va ijtimoiy soha obʼyektlarining gaz bilan taʼminlanganlik holati, gaz tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash hamda tarmoqdan uzish, mavsumiy isteʼmolchilar – gʻisht zavodlari, issiqxonalar va boshqa ishlab chiqarish quvvatlarini muqobil isitish tizimiga oʻtkazish boʻyicha oʻrganish va targʻibot tadbirlarini oʻtkazdi.
Ishchi guruh tomonidan dastlab, sohaga aloqador mutasaddilar, hududdagi gaz taʼminoti idoralari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tumanning “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi holat oʻrganildi.
Mazkur mahallada 650 xonadon boʻlib, 3 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Oʻnqoʻrgʻon hududidagi boshqa mahallalar kabi ushbu mahallada ham issiqxonachilik tarmogʻi keng rivojlangan. Ishchi guruh tomonidan mahalla hududidagi gaz quvurlari belgilangan xavfsizlik talablariga zid ravishda tortilgani, bu esa oʻz navbatida birinchi navbatda gaz bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar roʻy berishiga zamin yaratishi, ikkinchidan, gaz isteʼmolida oʻgʻriliklarga imkon yaratishi qayd etildi. Ushbu holatning oldini olish maqsadida mahalla hududiga oʻrta bosimli yangi tarmoq tortish yuzasidan zarur vazifalar belgilandi.
Ishchi guruhning keyingi oʻrganish manzili “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Toshkent magistral gaz quvurlar boshqarmasi “SoyuzNIXI” gaz taqsimoti stansiyasi boʻldi.
Oʻrganish jarayonida “Yoshlik” va “Darxon” mahallalari hududidagi “Metan” avtomobillarga gaz quyish shahobchasi va issiqxonachilik yoʻnalishidagi bir guruh tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan mazkur stansiyadan aholi uchun yoʻnaltirilgan tabiiy gaz uzatish quvurlariga ulab olinish holati aniqlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan bir kunda 20 ming kub gaz sarflanmoqda. Bu miqdordagi gaz ayni sovuq kunlarda 2 ming aholi xonadoni ehtiyojini taʼminlashga yetadi.
Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik subʼyektlariga gaz tarmogʻiga belgilangan tartibda ulanish boʻyicha tegishli tavsiyalar berilib, ular tomonidan foydalanib kelinayotgan 20 ming kub tabiiy gaz aholi ehtiyoji uchun yoʻnaltirildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

