Tadbirkor aholidan naqd pulni qabul qilishda onlayn-nazorat kassa mashinasini qo‘llaydi
2022 yildan tadbirkorlik sub’yektlari aholidan naqd pul olishda onlayn nazorat-kassa apparatlari va virtual kassalardan foydalanishga o‘tadi.

O‘zbekiston hukumatining «Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Qarorga muvofiq, naqd pul tushumiga ega tadbirkorlar aholidan naqd pulni qabul qilishda jadvalda belgilangan muddatga qadar onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga ixtiyoriy, ushbu muddat tugagach majburiy ravishda o‘tadilar (istisno holatlar mavjud).
Qaror bilan, Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda onlayn-nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassa tizimini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston hududida faqat belgilangan tartibda Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va virtual kassalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Tadbirkorlar Davlat reyestriga kiritilgan onlayn-NKM va (yoki) virtual kassalarni mustaqil sotib olishi hamda texnik xizmat ko‘rsatish markazlarini ixtiyoriy tanlash huquqiga ega.
Onlayn-NKM va (yoki) virtual kassalar davlat soliq xizmatlari organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim, ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun to‘lov undirilmaydi.



