14-oktabr, chorshanba08:05Toshkent +22°

Iqtisodiy gazeta · Birja · 1994-yildan buyon

MB kursi
USD11 913,35▲ 14,26EUR13 328,66▲ 30,24RUB142,39▲ 0,86CNY1 779,76▲ 1,87GBP15 779,23▲ 35,54JPY75,32▲ 0,29KRW8,89▼ 0,04CHF14 312,05▲ 29,14KZT26,51▲ 0,11
Mulohaza

YeOIIga a’zo bo‘lishning savdo-logistik afzalliklari

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi MDHdagi eng ilg‘or integratsiya loyihasi hisoblanadi va dunyodagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya bo‘yicha Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi.

2 daqiqa o'qish371 marta o'qildi

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi MDHdagi eng ilg‘or integratsiya loyihasi hisoblanadi va dunyodagi mintaqaviy iqtisodiy integratsiya bo‘yicha Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Ushbu Ittifoq doirasida tovar va xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarining erkin harakati hamda iqtisodiyotning boshqa muhim sohalarida muvofiqlashtirilgan, kelishilgan yagona siyosat olib borish ta’minlanadi. YeOII rivojlanishining muhim yo‘nalishlaridan bo‘lib, a’zo mamlakatlarning moliyaviy-iqtisodiy resurslarining birlashishi, Ittifoq ichidagi integratsion hamkorlikning kuchayishi, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalarida umumiy potensialdan ko‘proq foydalana olish hisoblanadi.

2016-2018 yillar mobaynida, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama kelishuvlar natijasida erishgan umumiy savdo aylanmasi 52 foizga oshib, 9,65 mlrd. dollarga yetdi.

Respublikamiz Ittifoq mamlakatlariga 4 mlrd. dollardan ortiq mahsulot eksport qiladi, bu 2016 yil hisobidan 40,4 foizga ko‘proqdir.

Hozirda YeOII hududi ichki savdosi Belorussiya tashqi savdosining 52,6 foizini, Qirg‘izistonning 42,8 foizini, Armanistonning 29 foizini, Qozog‘istonning 23 foizini qamrab olgan va bu o‘z navbatida ushbu davlatlarning Ittifoqda yagona bozor bo‘lishiga qiziqishidan dalolat beradi. Rossiya bundan mustasnodir, zero uning iqtisodiyoti xajmiga nisbatan olib qaralsa, bu taxminan 9 foizni tashkil qiladi.

YeOII doirasida Qozog‘iston Ittifoq bozoriga ayrim tarmoqlar bo‘yicha eksportning oshishini ta’minlay oldi, jumladan: metall va undan tayyorlangan mahsulot turlari bo‘yicha (o‘sish 15,4 foiz), mashinasozlik mahsulotlari (6,2 foiz), to‘qimachilik, kiyim-kechak va poyabzal (28 foiz), yog‘och va qog‘oz mahsulotlarini (44 foiz) sotish bo‘yicha o‘sish kuzatilmoqda.

Shu kabi, Armanistonning YeOIIdagi ishtiroki ham Yerevanning Rossiyaga eksportini 87 foizga oshirishga imkon berdi. Xususan, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari shular jumlasidandir.

2016 yildan buyon Qirg‘izistonning tashqi savdo aylanmasi yiliga 10 foizdan yuqori darajada o‘sib bormoqda.

YeOIIga a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston temir yo‘llari orqali eksport, import va tranzit yuklarini tashish umumiy xajmidagi ulushi mos ravishda 67, 71 va 78 foizni tashkil etmoqda.

YeOIIga a’zo mamlakatlarga eksport qilinayotgan O‘zbekiston mahsulotlarining qariyb 90 foizi Qozog‘iston orqali yuboriladi. 2018 yilda Qozog‘iston temir yo‘llari orqali amalga oshirilgan tranzit xajmi 17 mln. tonnani tashkil etdi.

Hozirgi vaqtda Ittifoqqa a’zo davlatlar yuklarini O‘zbekiston avtomobil yo‘llari orqali tashish yiliga 648 ming tonnani tashkil etadi.

Armaniston misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2015 yilda YeOIIga a’zo bo‘lgandan keyin uning yuk o‘tkazish xajmi 200,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, ushbu davlatning tranzit salohiyati O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlardan ancha past darajada.

2018 yilda YeOIIga a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston atomobil yo‘llari orqali amalga oshirilgan eksport, import va tranzit yuklari tashish umumiy xajmidagi ulushi mos ravishda 51,4, 58,2 va 41 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, Ittifoqqa a’zolik mamlakatlarning logistika xarajatlarini kamayishiga ham xizmat qilmoqda. Masalan, Armaniston 2015 yilda Ittifoqqa a’zo bo‘lganidan so‘ng yuklarni avtomobil va temir yo‘llar orqali tashish qiymati mos ravishda 18 va 21 foizga kamaygan.

Qirg‘izistonning YeOIIga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi xalqaro reyslar uchun aviachiptalar narxini 14 foizga, yuklar aviatashuvi narxlarini esa 17 foizga tushirishga yordam berdi.

Shu bilan birga, tadqiqotlar O‘zbekiston uchun Ittifoq tarkibida hamkorlar bilan birgalikda Ittifoq xududidan o‘tadigan eng muhim transkontinental xalqaro transport koridorlariga integratsiyalashuvni hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatning transport infratuzilmasi keskin yaxshilanishini ko‘rsatmoqda.

Dilfuza Rahimova
iqtisod fanlari doktori, professor

Mahmudjon Azimjon o‘g‘li
“Global Outreach” Markazi (AQSh) bitiruvchisi

O'zb
↑↓ tanlashEnter ochishYozishni boshlang — natijalar darhol chiqadi